Quvasoyning Mashhurasi

13:07 22 Aprel 2025 Jamiyat
139 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yaqin yillargacha tadbirkorlik sohasida Quvasoy shahri miqyosida kichik-kichik yutuqlari bilan quvonib yurgan Mashhura Akramova endilikda jahon bozorlarini zabt etayotgan salohiyatli tadbirkor sifatida tilga tushdi. Qisqa davrda ushbu korxonada ishlab chiqarilayotgan keng turdagi ayollar sharf va roʻmollari MDH davlatlari, Osiyo qitʼasi, arab mamlakatlarida xaridorgir boʻlib ulgurdi. Bu izlanuvchan tadbirkorga yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish va faoliyat koʻlamini jahon andozalari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda.

2022-yili Quvasoy shahridagi “Quvasoy chinnisi” kichik sanoat zonasida ish boshlagan “Ellycardin tekstil” MCHJda bugungi kunda 100 turdan ortiq ayollar sharf hamda roʻmollari tayyorlanib, dunyoning 15 ga yaqin davlatlariga eksport qilinmoqda. Shu tariqa oʻtgan yili 1 million dollardan ortiq korxona mahsulotlari eksport qilingan boʻlsa, joriy yilda eksport koʻrsatkichini 2 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan atigi uch yil oldin 3 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi hisobiga tashkil etilgan korxonada 60 ta doimiy hamda 60 ta mavsumiy ish oʻrni yaratildi. Hozirgi kunda bu yerda Turkiya texnologiyasi asosida ishlovchi korxonada milliy uslubdagi qoʻshni respublikalar, Osiyo, yaqin Sharq mamlakatlari tadbirkorlik subyektlari buyurtmasi asosida mahalliy iqlim sharoitiga mos sharf va roʻmollar tayyorlanadi.

— Bizda “Ustoz-shogird” anʼanasi yoʻlga qoʻyilgani uchun tajribali mutaxassislar yoshlarga mahoratini oshirib borishga doimo koʻmaklashadi, — deydi Mashhura Akramova. — Turkiyalik mutaxassis hamda mahalliy dizaynerlar guruhi tomonidan jahon bozoridagi talab va taklifni inobatga olib, muntazam ravishda yangi dizayn nusxalarini yaratish ustida izlanishlar olib boriladi.

Shuningdek, dual taʼlim tizimi asosida “ayollar”, “yoshlar” daftariga kiritilgan hamda kambagʻal oilalar reyestrida turuvchi xotin-qizlar bepul kasb-hunarga oʻqitilib, yuqori daromadli ish bilan taʼminlanmoqda. Madina Boltaboyeva, Mahbuba Ashurova “ayollar” daftari roʻyxatida turgan ishsiz oila bekalari edi. Ikkovlon hozir korxonaning qoʻli gul chevarlari hisoblanadi. Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan Nigora Abdurahmonova hamda Toʻxtaxon Joʻrayeva korxonada doimiy ish oʻrniga ega boʻlgach, endilikda oila farovonligi uchun oʻz ulushini qoʻshmoqda. Korxonada ularning farzandlari uchun bepul bogʻcha faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Korxonada dual taʼlim tizimi boʻyicha ishchi-mutaxassislar tayyorlash usuli yaxshi samara bermoqda. Hozirgi kunda ham mazkur tajriba asosida 10 nafar mahalliy yoshlar ham oʻqib, ham ishlayotgani eʼtiborga sazovordir.

— Istiqbolli loyiha doirasida yana 3 million dollar xorijiy investitsiya kiritish orqali qoʻshimcha bino qurish, 100 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilmoqda, — deydi “Shuhrat” medali sohibi M. Akramova. — Yangi loyiha 2026-yili ishga tushiriladi hamda qoʻshimcha qiymat zanjiri yaratish orqali eksport salohiyati yanada ortishiga erishiladi. Shuningdek, yaqin istiqbolda xomashyoni toʻliq mahalliylashtirish hamda katta miqdorda valyuta tejash boʻyicha ham izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Bu korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini koʻpaytirish hamda eksport geografiyasini kengaytirish imkonini berishi bilan ham ahamiyatli.

Izlanuvchan tadbirkor chin maʼnoda, bugun Quvasoyning Mashhurasi. Korxona brendi ostida ishlab chiqarilib, jahon bozorlariga yetkazib berilayotgan tabiiy ipak mahsulotlari unga ana shunday mavqeni berayotgani ayni haqiqatdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?