Quvasoyda koʻklam nafasi

12:28 16 Fevral 2026 Jamiyat
282 0

Quvasoy shahri – Fargʻona vodiysi tekisligida joylashgan boʻlib, shimoliy tomoni viloyatning Quva, Toshloq tumanlari, janubiy va gʻarbiy tomonlari Fargʻona shahri va Fargʻona tumanlari, sharqiy hududi esa Qirgʻiziston Respublikasining Batken viloyati, Qizil-qiya shahri bilan chegaradoshdir. Shaharda yirik sanoat korxonalari koʻp. Bahorda bu goʻshaning kengliklarida qaldirgʻochlar qaytib, burgut, kaklik, kabutar va baliqchi qushlar parvoz qiladi. Dashtlarda chuchmomo, yalpiz va qizgʻaldoqlar ochilib, bogʻlar oppoq gullarga burkanadi. Ayniqsa, shaharning “Valik” MFY hududida joylashgan tabiat maskani koʻklamda aholi uchun saylgohga aylanadi.

— Bahorda hududga keluvchilar koʻpayadi, — deydi “Valik” MFY raisi Akramjon Toʻxtayev. — Tabiiy manzaralar asrlar davomida oʻz qiyofasini saqlab kelmoqda. Qolaversa, Quvasoy shahri tabiiy-iqlim sharoiti meva-sabzavot yetishtirishga qulay. Mahallaning iqtisodiy asosini bogʻdorchilik va dehqonchilik tashkil etadi. Bugungi kunda mahallada 904 ta oilada 3251 nafar aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda 1200 gektar maydonda mevali bogʻlar parvarish qilinmoqda. Keyingi yillarda eski bogʻlar yangilanib, intensiv usullar joriy etildi. Shaftoli, gilos va oʻrik kabi mahsulotlar tashqi bozorga ham chiqarilmoqda. Sabzavot mahsulotlari esa vodiy bozorlarida xaridorgir.

Infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaxshilanishi xizmat koʻrsatish va oilaviy tadbirkorlik rivojiga turtki bermoqda. Ayrim tadbirkorlar tomonidan sunʼiy koʻllar barpo etilib, dam olish maskanlari tashkil etilgan. Shuningdek, noyob gullarni parvarishlash va issiqxona xoʻjaliklari yoʻlga qoʻyilib, mahsulotlar buyurtma asosida yetkazib berilmoqda. Tabiat neʼmatlari va inson mehnati uygʻunligi Quvasoy hududining barqaror rivojiga xizmat qilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер