Quvada “Gilos sayli” festivali oʻtkazildi

10:21 02 Iyun 2025 Jamiyat
79 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan Quva tumanida joylashgan “Karkidon” suv ombori hududida turizm markazi tashkil etilmoqda. Shu maqsadda 270 gektar yerda “yashil belbogʻ”lar, milliy hamda zamonaviy mezonlar boʻyicha ekoturizm manzillari barpo qilinadi.

Maʼlumki, Quva agroturizmni rivojlantirishda qulay hudud boʻlib, tuman bogʻlarida yetishtirilayotgan gilos, anor, oʻrik, shaftoli, xurmo, qulupnay yurtimiz bozorlari, xorijda ham xaridorgir hisoblanadi. Bu boradagi imkoniyatlar koʻlamini oshirish maqsadida “Karkidon” suv ombori hududida “Gilos sayli” festivali oʻtkazildi.

Festivalda viloyat, shahar-tuman hokimligi mutasaddilari, qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari, tadbirkor va bogʻbonlar, sayyohlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida viloyatda intensiv bogʻlar yaratish orqali eksport qilish imkoniyatlari oshirish boʻyicha yuzma-yuz muloqotlar boʻlib oʻtdi. Oʻz navbatida, agrosanoat sohasini rivojlantirish, tarmoqda aholi bandligini taʼminlash va daromadini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan amaliy seminar ham tashkil etildi.

— Oʻtgan yili tumanda 80,4 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinib, uning 37 mln dollari gilos hissasiga toʻgʻri keldi, — deydi Quva tumani hokimi Halimjon Umarov. — Joriy yilning may oyi holatiga koʻra, tumanda 13 ming tonna gilos, 8 ming tonna oʻrik hamda 6,2 ming tonna quritilgan oʻrik eksport qilinishiga erishildi.

Aytish joiz, tumanda fermer va dehqon xoʻjaliklariga koʻrsatilayotgan bank xizmatlari va mikromoliyalashtirish imkoniyatlari ham yaxshilanib bormoqda.

Festival doirasida maxsus koʻrgazmalar, gilos mevalaridan bahramand boʻlish imkoniyati hamda milliy qadriyat va anʼanalarni targʻib etuvchi madaniy dasturlar ham namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер