Qurimagan doka ro‘mollar

Raʼno qishloqqa kelin bo‘lib tushganiga bir yil to‘lmayoq onasinikiga ketib qoldi.Qaynonasining “Ovqat pishirolmaysiz”, “Onangiz loaqal chevarlikni ham o‘rgatmabdi –da”, “Hovlini chala supuribsiz” qabilidagi gap-so‘zlari, uni batamom uquvsizga chiqargani jon-jonidan o‘tib ketdi. Yosh oila ajraldi.
Ajralishdi-yu Raʼnoning ko‘zi ochildi. Birni ko‘rib fikr qil, deganlaridek, ko‘z oldidan sinfdosh dugonalari o‘tdi: biri o‘qituvchi, biri hunarmand, yana biri esa fabrika ishchisi. Barchasi o‘ziga tinch. Havas qilsa arzigulik oila bekasi. Demak, qaynonasidan ko‘p ham ranjimasa bo‘ladi. Ana shularni o‘ylagan Raʼno pazandalik kurslariga qatnay boshladi. Pishiriqlar tayyorlashni o‘rgandi. Tikuvchiga shogird tushdi.Hatto kashtachilikni ham eplaydigan bo‘ldi.
-Oradan ikki yil o‘tganiga qaramay, Raʼnoning sobiq turmush o‘rtog‘i uylanmadi, ikki yosh bir – biridan ko‘ngil uzolmadi,- deydi bu kechmishdan yaxshi xabardor Karomat Maxsumova.- Xoh ishoning, xoh ishonmang, ular yana turmush qurishdi. Qaynonaga kelsak, endi u Raʼnoni yeru ko‘kka ishonmaydi.Negaki, o‘n qo‘li o‘n hunar bo‘lgan kelini ro‘zg‘orni gullatib turibdi.
Mahalla va oilani qo‘llab- quvvatlash vazirligi Buxoro viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi vazifasida ishlayotgan Karomat opaning bu so‘zlarini tinglarkanmiz, “Raʼno-ku o‘z xatolarini kechroq bo‘lsa-da anglab, o‘z baxtini qayta topibdi, ammo oramizda oilaviy hayotga tayyor bo‘lish haqida o‘ylamagan, maktabda yolchitib o‘qimagan, qo‘lida biror bir hunari ham yo‘q, uquvsiz yoshlar oz emas”, degan o‘y kechadi.
Bu haqida bejiz to‘xtalganimiz yo‘q. Kuzatishlar ko‘rsatayaptiki, aynan shu jihat, yaʼni bo‘lg‘usi kelin yoki kuyovning mustaqil hayotga tayyor emasligi ko‘p holda oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layapti.Masalan, Buxoro viloyati bo‘yicha shu yilning to‘qqiz oyida 1540 ta ajrim qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 438 taga ko‘p.Ushbu fakt rasmiy maʼlumot, xolos.Negaki, shaʼriy nikoh asosida turmush qurib, ajrashib ketayotganlar ham yo‘q emas.
-Ajrimlarga ko‘p holda yoshlarimizning sabrsizligi, masʼuliyatsizligi sabab bo‘lmoqda,- deydi Qorako‘l tuman FHDYO bo‘limi mudirasi D. Ziyodullayeva.-Achinarlisi, ko‘rpamizga qarab oyoq uzatmaymiz.Ayrim yigitlar sovuq o‘lkalarga ishlagani borishadi.Oiladan uzoqda, musofirchilikda mehnat qilib pul topishadi.Kelib uylanishadi.Ming bir mashaqqat bilan qora mehnat evaziga topgan pullarini orzu – havas deb ikki kunda havoga sovurishadi.To‘y o‘tgach, kuyov chillasi chiqmay turiboq yana xorijiy yurtga ishlagani yo‘l oladi.Ayriliqqa esa unisi yoki bunisi dosh berolmaydi. Xiyonat yo‘liga kirib ketganlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Xuddi shu hol ham oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layapti.
FHDYO bo‘limida nikohni bekor qilishga asosiy sabab ko‘p holda farzandsizlik bo‘ladi. Bunday holatda umumiy farzand va mol – mulk nizosi yo‘q bo‘lsagina nikoh bekor qilinadi. Ammo sud qarori asosida ajralish qayd etilganida odatda, o‘rtada farzand bo‘ladi. Agar bir tumanda yiliga o‘rtacha 90 ta oila ajrashgan taqdirda ham bu yuz nafardan ziyod bolaning ota yoki ona mehridan mosuvo bo‘lib qolayotganini anglatadi. Vaholanki, ota yoki ona mehri o‘rnini hech narsa bosa olmaydi.
-Xalqimizda “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” degan naql bor,- deya mulohaza yuritadi mahalla faollaridan biri Qursiya Jo‘rayeva.- Hayot ko‘rsatyaptiki, doka ro‘molning qurishi har doim ham oson kechmayapti. Hatto 15, 17 yoshli farzandlari bo‘lgan er- xotinlar ham ajralishib ketayotgan hollarni ko‘ryapmiz. Bu nikoh, oilaning qadr-qimmatiga putur yetkazyapti.
Shunday ekan, farzandlarimizni mustaqil hayotga tayyorlash, ularni uquvsizlikdan asrash haqida o‘ylaylik.Toki, yoshlar turmushga yengil – yelpi qarashmasin. Har kim baxt kaliti o‘zining qo‘lida ekanini anglab yetsin!
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring