Qurilish tarmogʻini innovatsion rivojlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

06:35 24 Noyabr 2021 Jamiyat
1008 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan Qurilish vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 – 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Qurilish vazirligi mutasaddilari hamda OAV vakillari qatnashdi.

Eshituvda taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda qurilish tarmogʻini yanada takomillashtirish, qurilish organlari va muassasalarini izchil rivojlantirish mexanizmlarini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini taʼminlash, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan “Oʻzbekiston Respublikasi qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021 – 2025-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni imzolandi.

Strategiyada 2025-yil oxiriga borib “Biznes yuritish” xalqaro indeksida (Doing Business Index) “qurilishga ruxsatnomalar olish” (Dealing with Construction Permits) yoʻnalishi boʻyicha respublikamizning pozitsiyasini yaxshilash, geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda 2025-yilga borib milliy shaharsozlik normalari va qoidalarini xalqaro normativ va standartlar bilan uygʻunlashtirishga erishish hamda 2025-yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalarining 25 foizini bosh rejalar bilan qamrab olish maqsad qilingan.

Strategiyada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida 2021-yil 1-martdan boshlab, ikki qavatdan yuqori, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarni, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish obyektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan oʻtkazilgan hamda obyektning Qurilish vazirligi qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan davlat qurilish nazorati oʻrnatilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilindi.

Xususan, bugungi kungacha 123 ta shaharsozlik hujjati jamoatchilik muhokamasiga kiritilgan boʻlib, shundan 109 tasi muhokamadan oʻtgan. Shuningdek, aholi punktlarining bosh rejalariga ommaviy hujjat maqomini berishda “Shaffof qurilish” milliy axborot portali tizimi doirasida «Geoportal» axborot tizimi yaratilgan. Bosh rejalar ushbu axborot tizimiga joylab borilmoqda.

Bugungi kunda geoportalga yurtimizdagi 213 ta shahar va shaharchalarning bosh rejalari, 595 ta hududlarni arxitekturaviy rejalashtirishni tashkillashtirish loyihalari, 16 ta hududning batafsil rejalashtirish loyihalari, jami 824 ta shaharsozlik hujjati kiritilgan boʻlib, fuqarolar va tadbirkorlar ushbu shaharsozlik hujjatlari bilan bevosita geoportal orqali erkin tanishishi mumkin.

Strategiyani amalga oshirish doirasida qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtincha nizom Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi qarori bilan tasdiqlandi. Mazkur qaror talablari asosida joriy yildan boshlab birinchi marta tenderlarni onlayn elektron tizim orqali oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Joriy yilda qurilish sohasiga oid 12 ta shaharsozlik norma va qoidalari yangilandi.

Qurilish vazirligining maʼlumot berishicha, fuqarolarga qurilayotgan obyektlar toʻgʻrisida mustaqil ravishda axborot olish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash, qurilish obyektlaridagi qoidabuzarliklarni qayd etish va ularni qurilish sohasidagi nazorat boʻyicha vakolatli organlarga yuborish imkonini beruvchi “Ogoh fuqaro” tizimi test rejimda ishga tushirildi.

Shuningdek, shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar, jumladan, xorijiy normativ hujjatlar ilmiy-texnik kutubxonasi tashkil qilindi. Kutubxonada qurilish sohasiga doir 2 ming 46 ta adabiyot xatlovdan oʻtkazildi va ularning elektron roʻyxati shakllantirildi.

Ilmiy-texnik kutubxona negizida “Qurilish sohasidagi normativ hujjatlar” maʼlumotlar bazasi yaratilib, 54 ta normativ hujjatlarning elektron shakli www.shnk.uz rasmiy veb-sahifasiga ochiq foydalanish uchun joylashtirilgan.

Eshituvda deputatlar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartiblarini takomillashtirish, sohada maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish, qurilish ishlari sifatini oshirish, shaharsozlik faoliyatini raqamlashtirish, sohani malakali mutaxassislar bilan toʻldirish boʻyicha bir qator takliflar berdilar.

Tadbirda kun tartibidagi masala yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi va tegishli qaror qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?