Qurilgan obyektlar qulab tushmasa yoki portlamasa qonuniy hisoblanadiyu biror baxtsiz hodisa yuz bersa, noqonuniy hisoblanadimi? — deputat

15:57 09 Fevral 2021 Jamiyat
1711 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev Jizzax va Buxoro shaharlarida qurilishi tugallangan binolar bilan bogʻliq oxirgi voqealar haqida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

"Qurilish vazirligiga koʻra, Jizzax va Buxoro shaharlarida qurilishi tugallanmasdan qulab tushgan/portlagan koʻp qavatli turarjoy obyektlarini qurilishi aslida noqonuniy boʻlgan ekan. Lekin hayratlanarli tomoni shundaki, bu obyektlar qurilishi noqonuniyligi aynan baxtsiz hodisadan soʻng aniqlangan yoki jamoatchilikka oshkor qilingan. Bu holatda odamda beixtiyor bir nechta savollar paydo boʻladi

Qizigʻi mamlakat boʻylab qurilishi noqonuniy yoki shaharsozlik normalariga zid boʻlgan shunday obyektlardan yana qancha bor ekan? Obyekt qurilishi noqonuniy ekanligini bilish yoki bunday noqonuniy qurilishlarni toʻxtatish uchun ularning har birida qandaydir baxtsiz hodisa boʻlishini kutish kerakmi?

Yoki bilsa hazil, bilmasa chin degandek, agar qurilgan obyektlar qulab tushmasa/portlamasa qonuniy qurilish hisoblanadiyu, lekin bordiyu biror baxtsiz hodisa yuz bersa, quruvchi barchasiga javobgar topilib, qurilish esa noqonuniy boʻlgan hisoblanadimi?

Agar qulab tushmaganda, bu obyekt taqdiri nima boʻlar edi? Katta ehtimol bilan qurilish tugallangandan soʻng masʼul mutasaddilar yordamida hujjatlar qonuniylashtirilardimi?

Nahotki mana shu kabi noqonuniy qurilish obyektlari baland boʻlib qad koʻtargunicha birorta ham masʼul mutasaddilar koʻrmay qolishsa? Aslida qurilish vazirligining hududlardagi boʻlimlari va boshqa ayrim mahalliy rahbarlar bu kabi obyektlar qurilishidan juda yaxshi xabardor, manfaatdor emasmi?

Davlatimiz rahbari ham taʼkidlaganlaridek, bugun qurilish sohasi korrupsiya eng koʻp urchigan sohalaridan biridir. Lekin kimlarningdir nafsi, choʻntagi uchun isteʼmolchi moddiy, jismoniy, ruhiy zarar koʻrishi toʻgʻrimi? Agar ana oʻsha obyektlar yana bir necha oy oʻtib qulaganida, bir necha oʻnlab insonlar hayotiga xavf solishi ham mumkin edi-ku. Masʼul idoralarning bu kabi holatlarga boʻlgan munosabati esa xuddi noʻnoq sportchining oʻyin maydonidan chetlatilishiga oʻxshaydi. Yaxshi oʻyin umidida maydonga kiritiladi, eplolmasa, bizniki emas edi (noqonuniyligini biz bilgandik, biz kutgandik), deb jar solishadi.

Aslida qurilish vazirligi masʼullarining noqonuniy qurilishlarni toʻxtatish, sohadagi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha niyati jiddiy boʻlsa, buning yechimi juda ham oson. Vazirlik oʻzining rasmiy veb-sahifasida yoki ijtimoiy tarmoqlarda har bir hudud boʻyicha noqonuniy yoki shaharsozlik normalariga zid ravishda olib borilayotgan qurilish obyektlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni (manzili, suratlari, qurilish firmasini nomi kabi) eʼlon qilib borsa, kifoya. Qolganini qalami oʻtkir blogerlarning oʻzi qoyillatishadi (davlat xaridlari mavzusi kabi).

Qolaversa, boʻlib oʻtgan voqealar fonida noqonuniy qurilish bu sifatsiz, ishonchsiz, xavfli uy yoki bino-inshoot ekanligini anglab borayotgan fuqarolar ham bu kabi maʼlumotlardan xabar topgach, noqonuniy obyektlarni xarid qilishdan yoki ularga sarmoya kiritishdan tiyilishadi. Oʻz-oʻzidan bozor iqtisodiyotining “koʻrinmas qoʻli” barcha quruvchi va tadbirkorlarni qonuniy ishlashga majbur qilardi.

Bunga esa chinakam xohish va jinday iroda boʻlsa bas.

P.S. Bu gaplarni yozishdan maqsad kimnidir ayblash yoki qaysidir vazirni obroʻsizlantirish emas, shunchaki atrofimizda boʻlayotgan voqealarga shu jamiyat aʼzosi sifatida bildirilgan munosabat. Zero, boʻlayotgan voqealarga real yondashish, xatolarni tan olish, yana-da samaraliroq faoliyat yuritishga intilish, xalq manfaatlarini eng yuqoriga qoʻyish har birimizning vazifamiz boʻlishi lozim" deb yozadi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер