Qum ostida qolgan shahar

14:50 25 Aprel 2025 Jamiyat
470 0

Buxoro shahridan qirq kilometrcha gʻarbda, qumliklar bagʻrida ajdodlardan meros qalʼa qoldiqlari yastanib yotibdi. Bu manzilga 899 – 959-yillarda yashab oʻtgan buyuk tarixchi olim Muhammad Narshaxiy Buxorodan ham qadimiyroq, deb taʼrif bergan. Uning eski nomlaridan biri Rajfandun deb atalgan. U Varaxsha nomi bilan tarix sahifalarida muhrlangan.

Arxeologik manbalarning guvohlik berishicha, Varaxsha dastavval miloddan avvalgi IV–III asrlarda qishloq sifatida paydo boʻlgan. Oʻrta asr manbalarida esa u Buxoro hukmdorlari Buxorxudotlarning qarorgohi sifatida eʼtirof etilgan. Narshaxiyning yozib qoldirishicha, Varaxsha podsholar yashaydigan joy boʻlib, ichidagi qasr benihoya goʻzal edi. Maftunkorligi bois uni hamisha namuna qilib koʻrsatishgan. Bu yerda har oʻn besh kunda bozor boʻlgan. Yil oxirida bozor yigirma kun davom etgan. Uni dehqonlarning Navroʻz bozori yaʼni Yangi yil deb ham atashgan. Zero, yil hisobi shu kundan boshlangan.

Varaxsha Zarafshonning sersuv irmoqlaridan sanalgan Rometanrud boʻyida joylashgan edi. Ajdodlarimiz shaharni tashqi dushmandan himoya qilish uchun atrofini mudofaa xandaqlari bilan oʻrab olgandi. Bu xandaqlar oqar suv bilan toʻldirilgan. Atrofi tik qiyaliklardan iborat. Arkining balandligi 20 metr. Shahriston devorlari qoldiqlarining balandligi esa 10 metr atrofida. Umuman, u katta uchburchak shaklidagi shahriston va qasr — Arkdan iborat.

Shu oʻrinda hunarmandchilik ravnaq topgan, savdo-sotiq rivojlangan, ne-ne yurtlarning tujjorlarini oʻziga ohanrabodek tortgan Varaxsha nega tanazzulga yuz tutdi, degan savol tugʻiladi. Afsuski, sahro bagʻrida qad rostlagan, tabiiy suv manbalaridan yiroq goʻshalarning eng qattol dushmani suvsizlik edi. Zarafshon daryosining suvi kamayib ketishi oqibatida hayot qaynab-toshgan, bozorlari toʻkin Varaxshaning rang-u roʻyi sargʻaya bordi. Odamlar shaharni tark eta boshlashdi. Moʻgʻullar istilosi uni batamom holdan toydirdi. Shaharda hayot asari qolmadi. Asrlar osha uni qumliklar oʻz bagʻriga oldi.

Varaxsha xarobalarida 1937–1939, 1947–1954-yillarda sharqshunos olim V. Shishkin tomonidan arxeologik qazishmalar olib borildi-yu bu qadimiy goʻsha jahonga mashhur boʻldi. Negaki, tadqiqotlar jarayonida xalqimizning aql-zakovati, bunyodkorlik salohiyatidan darak beruvchi osori atiqalarga duch kelindi. Buxorxudotlar saroyining “Sharqiy zal”, “Qizil zal” deb nomlangan xonalarida mahobatli devoriy suratlar topildi. Jumladan, “Qizil zal”dagi suratlarda fillar ustidagi suvoriylarning afsonaviy yirtqichlar bilan kurashishi manzarasi aks etgan.

“Sharqiy zal”dagi rasmlar orasida podshoning taxtga oʻtirgan holatidagi tasviri qisman saqlangan. Saroy ikkinchi qavatidagi ganchli pannolar qoldiqlari ham noyobdir. Ularda oʻsimliklar, hayvonot dunyosi, afsonaviy jonzotlar hamda odamlar tasvirlangan. Topilmalarning bari oʻsha davrning yuksak madaniyatidan dalolat beradi. Saroy tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni boyitadi.

Viloyat hududidagi Poykent, Varzonze kabi qadimiy shaharlar qatorida Varaxsha ham hozir davlat muhofazasida. Uni chinakamiga turistik manzilga aylantirish chora-tadbirlari koʻrilsa ayni muddao boʻlardi. Buning uchun avvalo Varaxshaga boradigan shinam bir yoʻl barpo etish kerak. Oʻzbekistondagi shaharlarda, jumladan, Buxoroda, muzeylarda, aholi gavjum joylarda Varaxshaga oid videorolik, podkast va shunga oʻxshash kontentlar yaratish va namoyish etish maqsadga muvofiq.

Masalaning yana bir jihati, Varaxshadan topilgan osori atiqalarning koʻp qismi oʻz vaqtida Oʻzbekistondan tashqariga olib chiqib ketilgan. Ayrimlari oʻzimizdagi muzeylarda saqlanmoqda. Shularni hamda aholi qoʻlidagi qadimiy buyumlarni toʻplab, Varaxshada chogʻroq muzey barpo etish haqida oʻylab koʻrilsa durust boʻlardi. Bu Buxorodan ham qadimiy sanalgan koʻhna goʻshani koʻrmoq ishtiyoqidagi sayyohlar oqimining koʻpayishiga olib keladi.

Sherali JOʻRAYEV,

Buxoro davlat pedagogika instituti

Ijtimoiy fanlar kafedrasi oʻqituvchi, muzeyshunos.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер