Qozogʻistondagi samolyot halokatiga rostdan ham Rossiya raketasi sabab boʻlganmidi?

12:03 27 Dekabr 2024 Dunyo
462 0

Ozarbayjonning Qozogʻistonda halokatga uchragan samolyoti boʻyicha dastlabki tergov, layner Rossiyaning havo mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan degan xulosani bermoqda. Bu toʻgʻrisida “Al-Jazira” nashri ham oʻz surishtiruvini oʻtkazdi.

“Chorshanba kuni Ozarbayjon Havo Yoʻllari”ning 8432-reysi Rossiya janubidagi Checheniston viloyatining poytaxti Grozniyga yoʻl olgan va Aqtau shahri yaqinida halokatga uchradi. Natijada 38 kishi halok boʻldi, 29 kishi jarohatlandi.

Ozarbayjon falokatga oid tergov natijalarini hali ommaga eʼlon qilmagan boʻlsada, payshanba kuni “Euronews”, “The Wall Street Journal”, “Anadolu agentligi” va “Reuters” axborot agentliklari nomi oshkor etilmagan maʼlumotlarga tayanib, rasmiylar Rossiya zenit-raketasi aybdor degan xulosaga kelishgani haqida xabar qilishgan .

“Reuters” agentligi oʻz manbasiga tayanib xabar berishicha, samolyot Grozniyga yaqinlashayotganda elektron urush tizimlari tufayli aloqa sifatini yoʻqotgan. Samolyotdagi otishma esa qasddan sodir etilmagani taxmin qilinmoqda.

“Euronews” hukumatdagi manbalarga tayanib, uchuvchilar favqulodda qoʻnishni soʻragani uchun samolyotga Rossiya hududiga qoʻnishga ruxsat berilmagani va buning oʻrniga Kaspiy dengizi orqali Aqtau tomon uchish uchun koʻrsatma berilganini aytmoqda.

Rossiya havo transporti federal agentligi esa dastlab samolyot qushlar galasiga urilganidan keyin favqulodda qoʻnishga majbur boʻlganini maʼlum qildi.

Rossiyaning ishtiroki haqidagi xabarlar aviatsiya mutaxassislari samolyotning dum qismidagi oʻq izlari shaklida boʻlgan shikastlanishlarga asoslanib, Rossiya havo mudofaa tizimi aybdor boʻlishi mumkinligi taxminidan soʻng urchib ketdi.

Ayrim nashrlar yozishicha, samolyot halokati arafasida Ukraina tomoni Checheniston poytaxti Grozniy shahriga dronlar orqali hujum uyushtirgan. Shunga koʻra, rossiyalik harbiy blogerlar Ozarbayjon yoʻlovchi samolyoti Ukraina uchirgan dron deb qabul qilingan va Rossiya zenit-raketa majmuasi orqali oʻqqa tutilgan, degan nuqtayi nazarni ilgari surmoqda.

BBC nashriga koʻra, halokatda omon qolgan yoʻlovchilardan Subhonqul Rahimov samolyot Grozniyga uch marta qoʻnishga uringani, uchinchi urinishda tashqaridan portlash ovozini eshitgani haqida soʻzlab bergan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga “Tergov xulosasidan oldin har qanday faraz qilish notoʻgʻri boʻlardi”, dedi Rossiya bilan bogʻliq turli taxminlardan ogohlantirib.

Avariyani oʻrganayotgan Qozogʻiston ham oʻz xulosalari eʼlon qilinishidan oldin uning sabablari haqida taxmin qilishdan bosh tortdi.

Payshanba kuni Ozarbayjonda halokat qurbonlari xotirasiga motam kuni boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер