Qoraqalpogʻiston Respublikasi sobiq ichki ishlar vaziri 86 yoshida vafot etdi

13:52 07 Fevral 2026 Jamiyat
669 0

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida koʻp yillar davomida samarali faoliyat yuritgan “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist”, 2-darajali “Mehnat faxriysi”, isteʼfodagi general mayor Janabay Palimovich Shilmanov joriy yilda 86 yoshida vafot etdi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi maʼlum qildi.

General mayor Janabay Palimovich Shilmanov 1940-yil 16-noyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Kegeyli tumanida tugʻilgan. 1957-yilda tuman markazidagi oʻrta maktabni tamomlab, 1957-1962-yillarda Toshkent davlat pedagogika institutining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olgan va uni imtiyozli diplom bilan muvaffaqiyatli yakunlagan.

Mehnat faoliyatini 1962-1965-yillarda Tinch okeani harbiy-dengiz floti safida instruktor sifatida boshlagan. Mazkur xizmat davomida unga dastlabki “leytenant” harbiy unvoni berilgan hamda “Alohida xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. Keyinchalik Kegeyli tumanidagi oʻrta maktabda oʻqituvchi, tuman yoshlar kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

1966-yilda Davlat xavfsizlik qoʻmitasi safiga qabul qilinib, Minsk shahridagi maxsus maktabni tamomlagan va ushbu xizmatning oliy maxsus jangovar tayyorgarligidan oʻtgan. 1980-1981-yillarda “Kaskad–2” maxsus guruhi tarkibida Afgʻonistonda jangovar xizmat vazifalarini bajargan.

Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik qoʻmitasida boʻlim boshligʻi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat xavfsizlik qoʻmitasi boshligʻining oʻrinbosari, 1983-1987-yillarda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi partiya qoʻmitasining Maʼmuriy boʻlimi boshligʻi lavozimlarida masʼuliyatli faoliyat olib borgan.

1987-yildan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, 1991-2002-yillarda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida xizmat qilib, tizim rivoji va jamoat xavfsizligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshgan.

El-yurt oldidagi fidokorona xizmatlari uchun Janabay Palimovich Shilmanov “Ichki ishlar general mayori” oliy harbiy unvoni, 2-darajali “Shon-sharaf” ordeni hamda “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

2002-yildan nafaqaga chiqqan general mayor J.Shilmanov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida qoʻmita raisi, shuningdek Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasi raisi lavozimlarida ham uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan.

“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер