Qonun bilan Internetdagi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar tartibga solinmoqda

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda kapital va sug‘urta bozorlarini, shuningdek, elektron tijorat sohasini yanada takomillashtirish, lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish, ularni o‘tkazishdagi shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga raqamli texnologiyalar va elektron to‘lovlarning barcha sohalarga jadal ravishda joriy etilishi aholi o‘rtasida tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarning tarqalishiga olib keldi.
Bunda Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning huquqiy jihatdan tartibga solinmaganligi, fuqarolarning ushbu o‘yinlarga qiziqishi xorijiy va noqonuniy servislardan faol foydalanishga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois mazkur Qonun bilan respublikamizning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, aksiyadorlarning dividendlar to‘lanishiga doir huquqlari mustahkamlanib, aksiyadorlik jamiyatlari xodimlariga aksiyalarni sotib olish uchun imtiyozli huquq beriladi.
Aksiyadorlik jamiyatlarida veb-saytlar mavjud bo‘lishining majburiyligi to‘g‘risidagi va ular tomonidan axborotning oshkor etilishi borasida qo‘yilgan talablar soddalashtiriladi.
Shuningdek, lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘tkazish tartibi aniqlashtiriladi.
Xususan, fond birjalarining faoliyatini tartibga solish Istiqbolli loyihalar milliy agentligining zimmasiga yuklatilmoqda. Endilikda mazkur tashkilot elektron tijorat sohasida, lotereyalar tashkil etish va bukmekerlik faoliyati hamda Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini lisenziyalash sohasida vakolatli organ etib belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi kapital va sug‘urta bozorlarini, elektron tijorat sohasi, lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tartibga solish hamda mazkur sohalarda fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng mazkur Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring