Qoʻli yengil hamshiralar

Hamshira deganda koʻz oʻngimizda qoʻli yengil, soʻzi shirin, yuzi kulib turadigan, har qanday vaziyatda bemorga beminnat koʻmak berishga tayyor fidoyi kasb egalari keladi. Bemorni eng yaqinidek parvarishlab oʻziga yuklatilgan vazifani sidqidildan bajaradigan hamshiralar xalqimiz salomatligining tayanchi, deb bemalol ayta olamiz. Eng noyob jarrohlik amaliyotlardan tortib, bemor oyoqqa turib ketguncha tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlargacha – hammasi shu jonkuyarlar nazoratida. Baʼzan bitta bemorga ukol qilish uchun eng chekka qishloqlarga ham borishga toʻgʻri keladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishga yoʻnaltirilgan qator farmon va qarorlarda hamshiralik ishini takomillashtirishga alohida eʼtibor berilayotgani bejiz emas. Markaziy shifoxonalardan tortib, olisdagi oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarigacha tibbiy maslahat yoki koʻmak soʻrab kelganlarga dastlab peshvoz chiqadiganlar ham hamshiralar.
– Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 19 mingdan ortiq hamshiralar tibbiyot sohasida faoliyat koʻrsatib kelmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Murod Qurbonov. – Inson salomatligi uchun shifokor masʼul boʻlsa, ularning eng yaqin koʻmakdoshi hamshiralardir. Ularning jonkuyarligi kecha-yu kunduz ishlaydigan shifokorlarnikidan aslo kam emas. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar doim hamshiralarning xushmuomalasi-yu, muolajasidan rozi boʻlib duo qilganlarini koʻp koʻrganman.
Yaxshi hamshira xuddi shaxmatchiga oʻxshaydi. Hamma narsani oldindan biladi. Uning qutqaruvchi qoʻllari insonlarga hamisha salomatlik keltiradi.
– Oʻzim va turmush oʻrtogʻim qandli diabet boʻlgani bois tez-tez shifoxonalarda davolanib turamiz, – deydi moʻynoqlik Maqset ota Jaqsimuratov. – Bu safar akademik Yo.Toʻraqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpogʻiston filialiga keldik. Har qanday bemor avvalo eʼtibor kutadi. Mazkur davolash muassasasining shifokorlaridan tortib, hamshiralarigacha biz bilan madaniyat bilan suhbatlashib davolashga kirishdi. Hozir ancha yaxshimiz. Salomatligimiz tiklanishida hamshiralarning xizmati beqiyos. Oʻz vaqtida davo muolajalarini bajargan mohir hamshiralar Liza Berdibayeva, Esbergenova Sapargul, Qurbaniyazova Indira, bosh hamshira Oysuluv Aytugʻonovadan minnatdormiz.
Shifo ahli uchun yozilmagan bir qoida bor: qahraton sovuqmi, yarim tunmi, kasalxonaning qaysi boʻlimiga yangi kasal olib kelinsa, bemorning ahvolidan kelib chiqib, albatta, tor doiradagi shifokorlar nazoratidan oʻtkaziladi. Agar bemorning ahvoli ogʻir boʻlsa, barcha birdek oyoqqa turadi. Ayniqsa, bunda klinik laboratoriya hamshira-laborantlarining tezkor va faol harakatlari muhim ahamiyatga ega. Bunday vaziyatlarda, garchi ish vaqti tugagan boʻlsa-da, hech kim oʻz xizmat postini tashlab ketmaydi. Barcha hamjihatlik bilan bemorni hayotga qaytarish uchun tunlarni tonglarga ulab mehnat qiladi.
– Har yili yurtimizda “12-may — Xalqaro hamshiralar kuni” oldidan hamshiralar oʻrtasida koʻrik-tanlov oʻtkaziladi, – deydi “Oʻzbekiston Hamshiralar” Assotsiatsiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlim raisi Roza Mishenova. – Joriy yilda “Patronaj doya – ayol salomatligi tayanchi” koʻrik tanlovi tuman, shahar tibbiyot birlashmalarida faoliyat yurituvchi hamshira va patronaj doyalar 14 nominatsiya boʻyicha jami 45 nafar xodimlar ishtirok etdi. Bozatov tuman tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli poliklinikasidan Saodat Tengelova, Beruniy tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 14-sonli oilaviy poliklinikasidan Feruza Ramanova, Qoraoʻzak tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Qarakoʻl oilaviy shifokorlik punktidan Feruza Allamjarovalar “Eng yaxshi patronaj doya”, ”Eng namunali sogʻlom oila xonasi“, ”Eng yaxshi universal progresiv modul" patronaj doyasi nominatsiyalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston bosqichida birinchi oʻrinni egalladi.
Qoraqalpogʻistonning chekka hududlaridan biri Kegayli tumanida tugʻilgan Gulchehra Menglimuratova bolaligidan oq xalat kiyib insonlarni davolashni orzu qiladi. Rahmatli otasi Xoʻjanbergan ogʻa va Ulboʻsin opalar shu qizi vaqtlar oʻtib Amudaryo tumanining najotkoriga aylanadi, deb xayoliga ham keltirmagan. Gulchehra maktabni aʼlo baholarga tugatib, 2-sonli Nukus tibbiyot bilim yurtida tahsil oldi. Mazkur bilim yurtini muvaffaqiyatli tamomlab, Nukus shahridagi 2-sonli poliklinikada hamshira-laborant sifatida ilk mehnat faoliyatini boshladi. 2005-yilda Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi huzuridagi Qon-diagnostika markazi klinik laboratoriyasida laborant, 2012-yildan buyon klinik laboratoriyaning katta hamshira-laboranti sifatida faoliyat olib bormoqda.
– Ish faoliyatim davomida bedor kechalar koʻp boʻlgan, – deydi G. Menglimuratova. – Bemorning ahvoli yaxshi tomonga oʻzgarishi, uning qisqa fursatda sogʻayib oilasi bagʻriga qaytishi, avvalo, klinik laboratoriya hamshirasining qon tahlilini aniq va toʻgʻri tashxislashiga bogʻliq. Klinik laboratoriyamizda xodimlarining kundalik ish jarayonini qatʼiy nazorat asosida tashkil etish, yuqori kasbiy malakaga ega hamshira-laborantlarning tajribalarini ustoz-shogird anʼanasi asosida yosh mutaxassislarga oʻrgatish tizimi joriy qilingan. Ishxonamizga: “Qon tahlilimni oʻzingiz qilib bering” deb Amudaryoning olis qishloqlaridan yoʻqlab kelishadi. Shunda oʻz kasbimdan faxrlanib ketaman.
Nukus shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 10-oilaviy poliklinikasi “Teleoray” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi 21 ming 300 dan ziyod aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Mazkur muassasada yana bir fidoyi hamshira mehnat qiladi.
– Patronaj hamshira sifatida doim xalq ichidaman, – deydi patronaj hamshirasi Zaure Matniyozova. – Hamkasblarim bilan aholi orasida yurib, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilamiz. Har kuni bemorlar holidan xabar olamiz. Yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha targʻibot oʻtkazishga eʼtibor qaratamiz. Aholi salomatligini muhofaza qilishga oʻz hissamni qoʻshib kelayotganimdan mamnunman.
Zaure Matniyozova oʻttiz yillik tajribaga ega hamshira. Yillar davomida u juda koʻp bemorlarga yordam beradi. Haligacha insonlar salomatligiga gʻamxoʻr. Orolboʻyida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelayotgan oʻz kasbiga sadoqatli, yuksak eʼtirofga loyiq hamshiralar koʻp. Chunki ularning mehribon qoʻllaridan bemorlar mehr olyapti, malhamdek shirin soʻzlari yashashga madad beryapti. Ilohim, oʻz ishining ustachi, chaqqon, epchil va zukko hamshiralarning qoʻllari dard koʻrmasin!
Gʻayrat OTAJONOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring