Qizilqumda “Sanoat uchburchagi“ tashkil etiladi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbari joriy yilning 31-oktyabr hamda 1-noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatning shimoliy hududlari ravnaqiga ham alohida eʼtibor qaratib, noyob tabiati va xomashyo resurslardan foydalangan holda “Sanoat uchburchagi”ni tashkil etish vazifasini belgilagan edi.
Mazkur topshiriq asosida Qizilqum kengliklaridagi Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlari hududida “Sanoat uchburchagi”ni yaratish orqali konlarga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish hamda hududlarning sanoat sohasini tubdan yaxshilash, qoʻshimcha yangi ish oʻrinlarini yaratish, xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish koʻzda tutilgan.
Shu munosabat bilan Zarafshon shahrida oʻtkazilgan “Zarafshon — imkoniyatlar shahri“ mavzusidagi seminarda “Sanoat uchburchagi”ni tashkil etishning dolzarb vazifalari muhokama etildi.
— Mazkur “uchburchak” hududdagi eng olis ovullarga ham sanoat kirib borishiga turtki beradi, — deydi Zarafshon shahri hokimi Nazirbek Rahmanov. — Shu bilan birga hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshiribgina qolmay, choʻlda ekstremal sayyohlik biznesi ravnaqiga ham yoʻl ochadi. Misol uchun, shahrimizda “Zar Vegas” loyihasi uchun 30 gektarlik yer maydoni ajratilib, turizm markazi tashkil etiladi. Unga tashrif buyurgan mahalliy va xorijlik sayyohlar Qizilqumda sayr qilish bilan birga konchilik sanoatining yutuqlari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Seminarga Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Geologiya fanlari universiteti, Mineral resurslar instituti, H.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, “GIDROINGEO” institutining olim va mutaxassislari ham jalb etilib, konlarning e-auksion.uz savdo maydonchasiga chiqarilishi va sotib olinishi, konlardan foydalanish tartibi va majburiyatlari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Anjumanda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus Qizilqumda barqarorlikni taʼminlab, aholi farovonligi oshishiga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2025-yilda ish haqi, pensiya va nafaqalar qanchaga oshirilishi maʼlum boʻldi
- Bosh prokuratura Allamjonov suiqasdiga oid qoʻshimcha axborotni ochiqladi
- DXX va Mudofaa vazirligi rahbariyatidagi tayinlovlar rasmiy eʼlon qilindi
- Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Yangihayot va Bektemir tumanlariga tashrif buyurdi — Fotoreportaj
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring