Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda gender yondashuvlarini joriy etish boʻyicha Strategiya loyihasi ishlab chiqildi
Foto: «Xalq soʻzi»
Gender tengligi BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibining ustuvor yoʻnalishi boʻlib, inklyuziv va barqaror oʻsishga erishishning asosiy omili hisoblanadi. U kambagʻallikni qisqartirish, tengsizlikni bartaraf etish va ijtimoiy farovonlikni oshirishda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Shu asnoda FAO aʼzo davlatlarni gender tengligi maqsadlariga erishishga qaratilgan siyosiy tamoyillarni ishlab chiqish va amalga oshirishda, ayniqsa, mehnat resurslarining katta qismini ayollar tashkil etuvchi qishloq xoʻjaligi sohasida faol qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlardagi oʻrmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” GCP/UZB/020/GFF loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur loyiha doirasida “Hech kim ortda qolmasligi kerak” tamoyili asosida qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda gender yondashuvlarini joriy etish boʻyicha Strategiya loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatni sifatli ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asosiy tamoyillarni muhokama qilish va yakdil xulosalar chiqarish uchun davlat organlari, akademik doiralar vakillari va gender tengligi sohasidagi ekspertlarni jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, loyiha mutasaddilari tomonidan kuni kecha ushbu strategiya muhokamasiga bagʻishlangan anjuman oʻtkazildi. Unda muloqot, fikr almashish, hujjatni amalga oshirish boʻyicha amaliy qadamlar belgilab olindi. Taʼkidlash joiz, ushbu hujjat barcha uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash, qishloq xoʻjaligi resurslarini barqaror boshqarish hamda qaror qabul qilishda ayollar ishtirokini oshirishga qaratilgan. Mavjud gender toʻsiqlarini kamaytirish, resurslardan, moliyalashtirish va taʼlim imkoniyatlaridan adolatli foydalanishni taʼminlashga yordam beradigan mexanizmlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
– 2021-yilda Oliy Majlis Senati tomonidan gender strategiyasi qabul qilingan. Unda har bir vazirlik va tashkilot oʻzining gender strategiyasini ishlab chiqishi taklif etilgan edi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Malika Qodirxonova. – Qishloq xoʻjaligi sohasida gender strategiyasining ishlab chiqilishi nima uchun muhim? Bilamizki, bugungi kunda yurtimizda qishloq aholisi umumiy aholining 48 foizidan ortigʻini, shundan yarmidan koʻprogʻini xotin-qizlar tashkil etadi. Qishloq joylarda yashaydigan ayollarning turmush tarzi ham, qiladigan mehnati ham ogʻir boʻlishiga qaramay, ular aholimiz dasturxoniga ekologik toza mahsulotlarni yetkazib berishda juda faol. Gender strategiyasida ular uchun ish oʻrinlarining sifatini yaxshilash, shuningdek, moliyaviy va huquqiy bilimlarini oshirish masalalari oʻz aksini topgan.
Strategiya loyihasi yetakchi milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi mutaxassislari ishtirokida tayyorlangan.
— Barqaror rivojlanishni gender masalasini hisobga olmasdan turib amalga oshirish mumkin emas, — deydi FAO loyihasi bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov. — Maʼlumki, ayollar qishloq xoʻjaligida asosiy rol oʻynaydi, koʻpincha ular chorvachilik, yigʻim-terim va yerga ishlov berish bilan shugʻullanadi. Lekin ularning huquqlari va imkoniyatlari koʻpincha cheklangan, shuning uchun yaylovlarda yer egalarining huquqlarini mustahkamlashda oqilona yondashuv boʻlishi bu ayollar va erkaklar uchun resurslardan teng foydalanishni oʻz ichiga olishi kerak. Yer degradatsiyasi va tuproq eroziyasi koʻrsatkichlari kabi mavzularni muhokama qilish juda muhim, negaki bu omillar qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligiga, qolaversa, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda asosiy masʼuliyat koʻpincha ayollar zimmasida boʻlgan oilalarning iqtisodiy farovonligiga bevosita taʼsir qiladi. Iqlim oʻzgarishi va yer degradatsiyasi mavjud tengsizlikni kuchaytirmoqda va shuning uchun ayollar uchun oʻzgarishlarga moslashish va yangi sharoitlarda muvaffaqiyatli ishlashga yordam beradigan vositalar va mexanizmlarni ishlab chiqish zarur.
Shuningdek, tadbir doirasida ixtisoslashtirilgan tashkilot va boshqarmalar vakillari uchun yana bir seminar tashkil etildi. Ishtirokchilar tomonidan yaylovlarda yerga egalik qiluvchilarning huquqlarini mustahkamlash (VGGT) ahamiyati, shuningdek, neytral yer degradatsiyasi (LDN) koʻrsatkichlari va tuproq eroziyasi, shoʻrlanishi hamda tuproqdagi organik uglerod koʻrsatkichi (SOC) kabi omillarning taʼsiri muhokama qilindi. Yaylovlardan oqilona foydalanish, ularni monitoring qilish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan tadqiqotlar, Oʻzbekistonda yaylov xoʻjaligini raqamlashtirishga bagʻishlangan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring