Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanish tartibi takomillashtirilmoqda

17:10 22 Yanvar 2024 Jamiyat
803 0

Joriy yilning 22-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab, xalq vakillari tomonidan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan pillachilik klasterlari hamda tutchilik va pillachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga foydalanish maqsadida 10 gektardan kam bo‘lmagan o‘lchamda yer maydoni ajratilishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari dala chetlaridagi kollektor-drenaj va sug‘orish tarmoqlarining atroflaridagi yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, loyihada yerdan foydalanuvchilarning dala chetlari va kollektor-drenaj hamda sug‘orish tarmoqlarining atroflaridagi yer maydonlaridan, bog‘ va tokzor qator oralaridan samarali va oqilona foydalanishini ta’minlashga doir majburiyatlarini belgilash taklif etilmoqda.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi pillachilik sohasini yanada rivojlantirish va pilla xomashyosini yetishtirishning ozuqa bazasini yanada kengaytirishga, dala chetlari, bog‘ va tokzor qator oralari hamda kollektor-drenaj atroflaridagi foydalanilmay kelinayotgan yer uchastkalarida mahsulotlar yetishtirishni kengaytirish orqali agrar sohada aholi bandligini, oziq-ovqat xavfsizligini va narx barqarorligini ta’minlashga va daromadlari oshishiga xizmat qilishi qayd etib o‘tishdi.

Qizg‘in bahs-munozaralar yakunida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi hamda qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?