Qichqiriq

21:21 09 Yanvar 2024 Madaniyat
746 0

Badiiyat olami

Qichqiriq

(hikoya)

Sulton esini tanibdiki, har yili yoz kezlari uch yo toʻrt bola-baqra, goho kap-katta yoshdagi erkak Qichqiriqqa gʻarq boʻladi. Kunlab, haftalab butun mahalla-koʻy oyoqqa qalqiydi, izillab-bizillab qidir ho qidir davom etadi, gʻarq boʻlguvchi oʻsha kuni yo ertasi topilsa topildi, topilmasa, oradan besh, етти... oʻn kunlar oʻtgach anhorning kunbotar tomonlarida yo beridan, yo naridan shishib, doʻmbira boʻlib ketgan jasad suv betiga qalqib чиқади... Tamoman dom-daraksiz ketganlari ham бўлган... Ana shunday paytlarda necha kungacha, “Qichqiriq qutiribdi!», “Qichqiriq qonsirabdi!», “Qichqiriqqa yaqin yoʻlamangle-er!»ga oʻxshash gap-soʻzlar keksayu yoshning, erkagu ayolning ogʻzidan tushmaydi. Biroq asov va betizgin Qichqiriq oqimining shafqatsizliklari hayotning oddiy, osuda va bir maromdagi oqimi ogʻushida juda tez unutiladi, qolaversa, inson feʼlining ajab qonuniyatlaridan biri shundaki, bir bora telba girdob komiga tushmagan banda oʻzining gʻarq boʻlish ehtimolidan holi emasligini sira tasavvuriga sigʻdirolmaydi. Nasha qiladigan joyi shundaki, anhorning azal-azaldan mana shunday sergʻuluv feʼlini binoyiday biladigan kap-katta esli hushli odamlar ham Qichqiriq oʻzanini sokin oqar daryoga oʻxshatadilar. Kim bilsin, bir tomoni, hamisha anhorni toʻldirib oqayotgan suv yuzasining vazmin va sokinligi koʻrar koʻzni aldashi, chalgʻitishi, gʻaflatda qoldirishi ham ehtimoldan holi эмас...

Sulton yalang oyoqlari bilan ohistagina suvga tushib, bir-ikki odim tashlagan, muzday suv toʻpigʻiga urib, bir tekisda toʻshalib qolgan bodroq toshchalar oyogʻining ostini qitiqlagan damlarda bularning hech birini xayoliga keltirmadi. Vaholanki, necha kundan buyon bir oʻy-bir xayol uning oromini oʻgʻirlagan, uning qoʻllaridan yetaklab bot-bot anhor yoqasiga boshlayotgan, hatto yelkasidan itarib-turtkilab qoʻyarda-qoʻymay uni suvga tushishga undayotgan edi. U bolalik chogʻlaridanoq Qichqiriqni yoqtirmasligini, yoqtirmasgina emas, hatto har safar “Qichqiriq” degan nomni eshitganning oʻzidayoq uning murgʻak bolalik qalbiga muhrlangan nomsiz qoʻrquv va vahima koʻlagasi koʻz ochib, seskanib ketishini, bolalik-oʻsmirlik kezlari teng-toʻshlariga qoʻshilib Qichqiriqning sayoz sohillarida suzishni oʻrgangan, qulochkashlab suzish mashqini eplashtirdim, endi sira suvdan choʻchimayman, degan oʻzida ishonch paydo boʻla boshlagan kunlarning birida toʻsatdan oqim uni komiga tortib ketganini, Sulton harchand zoʻriqib chiranmasin oʻzini oʻnglash, qirgʻoq tomon siljish oʻrniga, suvning ostki oqimlariga bas kela olmayotganini, ikki-uch dafʼa boshini, kiftini suvdan azot chiqarish epini topganiga qaramay qandaydir yovvoyi kuch xuddi oyoqlaridan bir yoqqa, belidan ikkinchi yoqqa tortib anhorning qaʼriga soʻrib ketayotganini sezib қолганини... keyin qanday hodisa yuz berganini эслолмаслигини... hushiga kelganida esa qirgʻoqdagi tol ostida oyoq-qoʻllaridan jon chiqib ketgandek bir alfozda shalpayib yotganini, tepasiga yigʻilgan tumonat biri olib-biri qoʻyib gʻoʻngʻirlashayotganini, keyinchalik esini tanib, shahar markazidagi suv havzasiga qatnaydigan boʻlganidan buyon qaytib bu shum anhorga qadam bosmaganini, unda choʻmilish tugul, har safar kun-uzukkun suvdan chiqmay shodon qiyqirishayotgan bola-baqrani koʻrganda yuragi orqasiga tortib ketishlarini – hamma-hammasini unutdi. Sultonni suvning sehrli jildir-shildiri ham, erta uygʻongan qushlarning chugʻur-chugʻuri ham, xiyla naridagi katta yoʻldan unda-munda yelib oʻtayotgan avtolarning shovqini ham chalgʻita olmadi.

Suv Sultonning boldiriga, tizzasiga, zum oʻtmay beliga ura boshladi. U anhorga qayerdan tushishini uzoq oʻylamadi, yoz keldi deguncha anhor ustidan oʻtgan yolgʻizoyoq temir koʻprikning yon-atrofi mahalla bolakaylarining, issiqlagan erkaklarining izdihomiga aylanadi, chunki bu yerda suv yanayam yoyilibroq va yanayam sokinroq oqadi, chamasi, ellik-oltmish quloch quyiroqda esa anhor oʻzani tuyqus torayadi, oqim ham bir zum zabtiga oladi. Shoʻrpeshona kelinchak xuddi shu joyda chelakni suvga ботиргану...

Sulton anhor oʻzani torayadigan joyga yetar-etmas bir shoʻngʻib oldiyu, badani suvning sovuqligiga koʻnikdi, u oldinda oʻzini qanday holatlar kutayotganini xayolan chamalab koʻrishga tutingan paytida birdan oqim, aniqrogʻi, oqimning tubi gʻalati tarzda tezlashganini, ikki tomon qirgʻoq dov-daraxtlari quyuqlashganini, oʻzi esa bir qogʻoz parchasidek, gul yaprogʻidek sassiz-nesiz oqib borayotganini payqadi. Sulton oqim shiddatiga moslashishga, qanday boʻlmasin, suvning tubiga botib ketmaslikka urindi, boshi-beti aralash paydar-pay urilayotgan toʻlqinga parvo qilmay, ravon nafas olish uchun betini dam oʻng, dam soʻl tomonga burar, shuning баробарида... axir u anhorga sayr etish yoxud suv havzasida orttirgan suzish mahoratini namoyish etish niyatida tushmadi, balki oʻn besh kunlik kelinchakning jasadini topishga ahd qildi u! Kelinchak gʻarq boʻlgan kunning ertasiga bu haqda Bashoratga gapirib berdi. Qiz, “Voy-y, bechoraa!» deb yubordi joni achishib. Bashoratning sutdek oppoq yanoqlari yanayam oqarib ketgandek tuyuldi Sultonning nazarida, qiz ertasi, indini aftidan atayin qoʻngʻiroq qildi, kelinchakning topilgan-topilmaganini yana soʻradi-surishtirdi, hayotining mazmuniga aylanib qolgan sevgilisining qiziqishi ortgani sayin qonsiragan Qichqiriq komiga tortib ketgan jasadning topilishi Sultonning saʼy-harakatiga qarab qolayotgandek boʻlaverdi.

Sulton bularning barini bir hafta oʻyladi, har tong uydan chiqayotib, har oqshom uyiga qaytayotib surishtirdi, butun mahalla ahli qatori u ham umidini uzmadi, jigargoʻshalar, tanish-bilishlar, qarindosh-urugʻlar kunu tun Qichqiriq yoqalab zir yugurishdi, Sulton, “Gʻavvoslarchi? Nahotki, ular ham hech narsaning uddasidan chiqmasalar?!” deya noroziligini yashirmadi, bu savoliga hech kasdan tayinli javob ololmadi, gʻavvoslarning kattasiga oʻzi yoʻliqdi, gʻavvosboshi, loaqal uning koʻngli uchun gapiga quloq solmadi ham, qoʻy, bizning ishga aralashma, degan maʼnoda ensasi qotib qoʻl siltadi-qoʻydi. Sulton suv yoqalab anhor oʻzanini, qirgʻoqning sayoz-tikligini, dov-daraxtning quyuq-siyrakligini koʻrib-bilib qoʻyish maqsadida ancha joygacha poyi piyoda bordi, ketgancha ketaverdi, shunda koʻnglida mutlaqo oʻzi oʻylamagan-netmagan his-tuygʻular paydo boʻldi – Sultonning qalbida anhorga, anhorning ilang-bilang ilonizi oʻzaniga, uni toʻldirib-ayqirib oqayotgan suviga, bir-birini dam sassiz-nesiz, dam koʻpirib-oqarib, dam beozor-muloyim shovqin solib allaqanday zaruriyatdan quruq qolayotgandek shitob-la quvalashib borayotgan toʻlqinlarga nisbatan mehr-shafqatga oʻxshab ketadigan yaqinlik, iliqlik koʻz ochdi. Nazarida anhor ham undagi bu oʻzgarishni payqagan, mehrga yarasha mayl-muhabbat izhor etishga shaylangan suluvdek yigitni oʻz ogʻushiga chorlayotgan edi. Ittifoqo Sulton anhor qaʼridan chiqib kelgan gʻavvosga duch keldi. Tevarak-atrof kimsasiz edi, Sulton oʻylab turmay uni savolga tutdi.

– Bu dunyoda men tushmagan suv qolmagan, illo bunaqasini koʻrmaganman! – dedi girdigʻumdan kelgan gʻavvos hansirab, soʻkinib. Uning afti suvning sovuqligidanmi yoxud qoʻrquvning zoʻridanmi – gezarib-koʻkarib ketgan edi. Endi эса... Sulton dam-badam oyogʻiga, beliga allanimalar urilayotgani, ilashayotganini sezgan zamoni gʻavvoslarga oson tutib, chakki qilganini tushundi. Axir qish kezlari u oʻz koʻzi bilan koʻrgan, ayoz pallasi Qichqiriqning suvi quriydi, yolgʻizoyoq temir koʻprik ustidan oʻtayotib Sulton anhor oʻzaniga termilganicha beixtiyor toʻxtab qoladi, anhor tubida choʻkindi boʻlib yotgan shox-shabba bormi, temir-tersak, suyak-sayoq, xonadon devorlari osha itqitillgan roʻzgʻor buyumlari, chiqindi qoldiqlari, shisha, сим... qiyofasini yoʻqotgan qoramol, qoʻy, it, mushuk мурдалари... Bahor boʻtanalari ularning barini supirib-sidirib ketaolmasligi aniq! Gʻavvoslardan biror-yarimi engil-boshidan temir-tersak yo shox-shabbaga ilinib, hayoti xavf ostida qolsa qolgandir? Kelinchak shoʻrlikning jasadi hafta oʻtib ham suv sathiga qalqib chiqmayotganining sababi ham shundadir?.. Яна... Qichqiriqning suvlari oʻzan tubida choʻkindi boʻlib yotgan lash-lushu chiqindilardan poklanish qasdida bu qadar serzarda, asov va telbavori oqayotgandir?..

Sulton oqimga qarshi qulochkashladi, u oqim shiddatini oʻzi kutganidan koʻra osonroq yenga olayotganidan quvondi, qirgʻoq yoqalab suvga shox tashlab oʻsgan daraxt ostlarini koʻzdan kechirdi. Bir payt uning boldiriga uzun tasmaga oʻxshash shilimshiq narsa chirmashdi, u sovuq suvdanda sovuqroq edi! Ilonmikan, deb yubordi Sulton qoʻqqisidan va boldirini iskanjaga olayotgan muzdek tasmani bir qoʻllab yulqib tortdi. Jonzotga oʻxshamadi, ilon boʻlsa chaqar edi!.. Suvosti oʻtimikan?.. Bunday desa, harchand tortmasin, tasma uzilmadi. Sulton oyogʻidan osilib, boshi oqim tomonga oʻgirilib qolganidan burniga suv kirib ketayotganini, ilinib qolgan oyogʻini tezroq boʻshatmasa bu ahvolda uzoq qolishi xavotirli ekanini sezdiyu, barcha harakatlarini bas qildi, butun gavdasini oqim izmiga berdi. Bir necha soniya gʻarq boʻlib oqib borayotgan jasad holatiga tushdi. Chidadi. Zum oʻtmay sovuq tasma sirgʻalib-sirmalib chiqib, oyogʻi sirtmoqdan boʻshaldi. Sulton oʻzini oʻngladi, suv betiga azot otilib chiqdida, koʻksini toʻldirib-toʻldirib nafas olgach, hayallamay oqimga qarshi suza ketdi. U nigoh tashlolmay qolgan pana joylarni nazardan oʻtkazdi, qoʻl-oyoqlariga dam bermoqchi edi – boʻlmadi, asov toʻlqin Sultonning dam oʻng, dam soʻl yonboshidan suv ostiga tortib ketar, u oʻzini oʻnglab, tevarak-atrofga alanglab, qaddini rostlaguniga qadar zumda olislab ketayotgan, shundan oqim shiddatini chamalayotgan edi. Qulochkashlab suzishda davom etdi. U Qichqiriqning bu qadar asovligini oʻzicha taxmin qilar ediyu, u bilan birinchi bor yakkama-yakka yuzma-yuz qolganidan, anhor suvining sarkashliklarini endigina aniq-tiniq his qilayotgan edi!

U koʻzlarini katta-katta ochib olgan, asov toʻlqinning ustma-ust va ayovsiz “shapaloq”lab urishiga ham, suvning koʻz ochirmay sachrashiga ham eʼtibor qilmas, anhor yoqalarini, qirgʻoqdan qaraganda koʻz ilgʻashi mushkul boʻlgan pana-pastqam joylarni nazardan qochirmaslikka harakat qilar, qayerdadir albatta sariq koʻylakning etagi yo bir parchasi koʻrinib qolishiga ishonchi komil edi. Biroq yoʻl-yoʻlakay u suv ostini ham qadam-baqadam paypaslab oʻtishga ahd qilgan, buning uchun u suzib bora turib, dam-badam suv ostiga shoʻngʻir, gʻavvoslar ham ehtiyotkorlikni unutmaydigan oʻzanning tub-tubiga yetishga harakat qilar, qoʻli, boshi, yelkasi bilan allanimalarga urilib ketar, har qancha urilib-surilmasin, hech qanday ogʻriqni his qilmas, faqat suv sathidan uning eng tubiga qadar toʻlqin qavat-qavat boʻlib turli tezlikda oqayotganini butun gavdasi – yelkalari, beli, oyoqlari bilan yaqqol his qilayotgan edi. Shu holat uning suv yuzasida bir maromda muvozanat saqlashiga yoki oqib borishiga yoʻl qoʻymayotgan edi.

Sulton huddi anhor bilan til topishib olgandek, u bilan “bitilgan” sulhga koʻra oʻzaro xiyonatga yoʻl qoʻyilmasligi muqarrardek, yaʼni omonsiz oqim zinhor yigitning yosh joniga qasd qilmaydigandek gʻarq boʻlmasligiga aniq ishonar, bunga yoʻl qoʻymaslik uchun qurbi-qurbati yetishini his etib turar, faqat nafas qisib havo yetmay qolgandagina irgʻib suv betiga qalqib chiqar, yutoqib, koʻksini qondirib-qondirib nafas olganicha atrofga, ikki tomon qirgʻoqqa alanglar ekan, ancha-muncha olislab ketganini sezar va eʼtiboridan chetda qolgan burchak-oʻngirlarni qayta-qayta koʻrib, oʻzida ishonch hosil qilish istagida yana oqimga qarshi quloch ota boshlardi.

Qiziq, kelinchakning gʻarq boʻlgani haqida kim gapirmasin, albatta uning sariq koʻylakda ekaniga urgʻu berishardi. Sulton unga ikki dafʼa shekilli, tong saharlab uydan chiqayotib koʻchani yalaguday qilib suv sepib supirayotganida koʻzi tushgan, oʻshanda ohori toʻkilmagan kelinlik libosi oʻziga biram yarashgan, fayzli kelinchak bir zum supirishdan toʻxtab, odob saqlab chekkaga chiqib bosh egib turgan, Sulton hademay uylansa, mana shunday alfozda odob saqlab turadigan Bashoratoyni koʻz oʻngiga keltirib etlari jimirlashib ketgan, shunday totli va masrur xayolda kelinchakning ibolarga burkangan eshitilar-eshitilmas salomiga durustroq alik ham olmagan, bolalikdan hamma “Mavla”, “Mova” deb chaqirishga odatlangan qoʻshnisini mana shunday fusunkor va koʻhlik qalliq bilan oila qurgach, Sulton unga “Mavlon”, “Mavlonbek” deya ismini toʻliq aytib murojaat qilishga oʻzini, tilini koʻniktirayotgan edi. Mavlonbek ham gap orasida sariq koʻylakda ekan, dedi, ketidan, kalta, yengsiz guldor nimchasi ham boʻlgan, deb qoʻshib qoʻydi. Kuyovbola oʻzini harchand bosiq-vazmin tutishga urinmasin, Sulton ikki-uch kunda uning rangi soʻlish olib, xayoli parishon tortib qolganini sezdi.

– Endi qandoq qilaman, aka?.. – dedi Mavlonbek tamomila abgor bir ahvolda. – Tongotar suvning tepasidan ketmayapman, darak yoʻq, жим-жит...

Bu gapdan Sultonning ensasi qotdiyu, kulfatzada Mavlonga sezdirmadi, chunki bunday holatga yoʻliqqan odam aql bovar qilmas choʻpchakka ham ishonadi, umid-ilinj izlaydi. “Yarim tungi sukunatda anhorda gʻarq boʻlgan odamning faryod chekishi эшитилармиш!..”

Kuyovtoʻraning soʻnggi umid iplari oʻrnida bazoʻr ilinib turgan “darak yoʻq, jim-jit” degan soʻzlari ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yuruvchi ayanchli latifaga ishora edi. Demak, Mavlonbek shu qabildagi gaplarga ham umid bogʻlab, tunlari mijja qoqmayotgan, Qichqiriqning tungi shovullashlari orasida oʻziga endigina qadrdon boʻlib ulgurayotgan ovozni eshitish илинжида... “Mavlonbekning oʻzini yordamga chaqirmabmanda” degan oʻy kechdi Sultonning xayolidan. Axir gʻarq boʻlgan, buning ustiga necha kundan buyon topilmayotgan odamning yordam soʻrab zorlanishiga ishonishdan koʻra Mavlonbek yonida boʻlganida belidan arqon oʻtkazib, bir uchidan qirgʻoqda tutib turar, shunda oqim Sultonga bu qadar zugʻumini oʻtkazmas, suv sathini ham, tubini ham qadam-baqadam qarab chiqishi birmuncha oson koʻchar edi. Yoxud gʻavvoslarga қўшилиб... yoʻq, ular bunga izn berishmaydi, buyogʻi, Sultonning oʻzi ham oʻziga yetganicha oʻylaganidan, jazm etganidan qaytmaydiganlar xilidan!.. U atayin odamlar siyrak paytida anhorga tushib, shu asov Qichqiriq bilan yakkama-yakka olishishga xezlandimi, basda, sarkash toʻlqin behisob katta-kichik girdoblarga bas kelayotgan Sultonni kunbotar tomonlarga shiddat bilan oqizib ketmoqchi, Sulton esa undan yengilishni xayoliga ham keltirayotgani yoʻq, qanday boʻlmasin, bir haftadan buyon topilmayotgan oʻn besh kunlik kelinchakning jismi-jasadani izlab topsa, uni qiyomatli yon qoʻshnisi, oʻn besh kunlik kuyov Mavlonbekning qoʻliga tutqazsa!.. Turtilib-surtilmagan joyi qolmadi, yelkasining sirqirab ogʻrishiga, boldiri va toʻpigʻining achishayotganiga ham eʼtibor bermayapti, sovuqniku, mutlaqo sezmayapti. Goh qulochkashlab oqimga qarshi suzmoqda, goh oʻzini oqim ixtiyoriga qoʻymoqda, ora-chora kuch yigʻib turib, suv ostiga shoʻngʻib, oʻzanning tubiga yetmoqda, qoʻliga ilingan matohni tortib-yulqib koʻrmoqda, nafasi qaytib yo koʻzlari achishib ketgandagina suv sathiga qalqib chiqmoqda. Shu topda qirgʻoqda Bashorat, Bashoratoy paydo boʻlsa bormi!.. Qiz uni shu ahvolda koʻrsa oʻtakasi yorilar edi, oʻzini qayoqqa qoʻyishini bilmay shoshilib qolar, oʻzini anhorga tashlaguday iztirobda qoʻllarnini choʻzib Sultonni, Sulton akasini telba girdoblar qaʼriga gʻarq boʻlishdan ehtiyotlanishga undar, ketidan darhol oʻzini oʻnglab olib, bu tengsiz olishuvda sevgilisiga olamga tatigulik dalda bergan boʻlur edi.

Ushbu xayolning oʻzi Sultonning kuchiga kuch qoʻshdi. Barcha mashaqqatlarni unutdi. “Bashoratoy dalda bersa, – dedi boshini suvdan azot koʻtarib, anhorga tepadan qarashga urinib. – Qichqiriqda suv emas, olov oqsa ham kelinni topish ahdimdan қайтмайман!..”

Qirgʻoq yoqasida toʻsatdan paydo boʻlgan bahaybat zotdor it yer tirnab, dumini xoda qilganicha unga qarab irilladi, soʻng xiyobonni boshiga koʻtarib vovulladi, itning izidan qoʻltiqlashgan erkak-ayol koʻrindi.

– Shu sovuqda nima zaril, choʻmilish! – deb yubordi ayol hamrohining pinjiga battar suqilib.

– Yoshda, yosh, – dimogʻida kulib javob qildi erkak, – dard orttirib olishini oʻylamaydi, bular!..

Sulton oʻzini oqim ixtiyoriga qoʻydi. Anhorning ikki tomonida quyuq qamish-yulgʻun devor yangligʻ qoplagan ikki qirgʻoq orasidan oqib oʻtayotib suv havzasida turfa suzish mashqlarini bajarish chogʻida asqotadigan koʻzoynagini olish xayoliga kelmaganiga afsuslandi. Oqib kelgan jasad bu quyuq qamishzor orasida ilashib-netib qolgan boʻlishi ham ehtimoldan yiroq emas. Qamishzor orasiga yoʻlab boʻlmasa!.. Sulton qoʻl-oyoqlarini emin-erkin harakatlantirolmay qoldi. Oʻzanning oʻrtalariga qadar uzun-qisqa oʻsib chiqqan qamishzor bunga yoʻl qoʻmas, Sulton shundan ham foydalanib qolishga urinar, qamish poyalarini tutib-tutib oldinga, orqaga, yon-veriga siljish osonroq edi. Sulton oʻng oyogʻining kaftiga jimit baliqchalar tumshugʻi bilan kelib urilayotganini sezdi, har ehtimolga qarshi oyogʻini siltab tortdi, baliqlar toʻzib ketdi sheklli, oyogʻi holi qoldi. Sulton qirgʻoq tomon ilgariladi. Zum oʻtmay oyogʻining kafti, barmoqlari atrofida yana baliqchalar gʻujlashdi, endi ularning orasida yirikroqlari paydo boʻlgan, ular xuddi Sultonni oyogʻidan boshlab paqqos tushirishga shahd qilgan vahshiy suv jondorlari singari ustma-ust tumshugʻi bilan urilayotgan edi. Shundagina u oyogʻining osti, barmoqlari, toʻpigʻi achishayotganini, bundan chiqdi, oyogʻi shikstlanganini, undan qon oqayotganini фахмлади...

Sulton quyuq qamishzorni tark etdi, buning ustiga, suv sathiga chiqayotib, temirmi-shoxmi, tirsagiga qattiq botdi, suv sathiga xira qon tusi yoyilganini koʻrdi. Qamishzor siyraklashgani sayin, oqim tezlashdi, Sulton qirgʻoq tomon suzdi, yer sathiga boʻrtib chiqib, suv yuvaverganidan qizarib ketgan daraxtning ildiz tomiri koʻziga allaqanday yovuz maxluqning panjalariga oʻxshab koʻrindi. Shu xayolda, jurʼat qilib “panja”larga yopishdi. Qirgʻoq tik boʻlganidan u koʻksigacha suvga botib turardi. U ancha vaqtgacha nafasini rostlay olmadi. Boshi aylanayotgan edi. Sulton osmonga qaradi, tobora anhor tepasiga yaqinlashayotgan quyosh nuriga umidvor termildi. Atrofni kuzatdi. Narigi qirgʻoqda qiyshayib oʻsgan qandaydir daraxtning kattagina shohi egilib suvga tegib turar, oqimning zabti taʼsirida dam yuqoriga koʻtarilib-dam pastga tushar, chetdan qaragan odamga shox suvni bearmon savalayotganga oʻxshab koʻrinardi. Sulton suv havzasida soatlab suzib charchash-toliqish nima ekanini bilmas edi, bu ерда... hayron qolib bosh chayqadi, anhorning feʼl-atvorini yanayam sinchkovlik bilan oʻrganib-bilib olmoqchidek suvga qattiq va uzoq tikildi. Axir u ozmuncha joydan oqib kelyaptimi, ozmuncha martalab ne umidlarda shoʻngʻidimi, suvning tubidagi qanchadan-qancha pana-pastqam burchak-surchaklarni qadam-baqadamlab paypaslab chiqdimi!.. Biron daqiqa suvni tark etgani yoʻq va shular asnosida Qichqiriq bilan, Qichqiriqning suvi bilan til topishish, uning diliga quloq solish yoʻlini izladi. Sulton koʻksigacha suvga botib turgan koʻyi holsiz-majolsiz bir ahvolda undan koʻz uzmas, oshiqib-quvalashib, koʻpirib-sharqirab, chopqillab-yugurgilab borayotgan oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlarga koʻnglida tugʻilgan oʻpka-ginalarini toʻkib solmoqchidek edi. Anhor aql bovar qilmaydigan bir jondor, har banda oʻziga yarasha feʼl-atvorga ega boʻlgani singari anhor ham oʻz feʼli-xoʻyiga koʻra hayot kechirardi. Oʻzanni toʻldirib, limmo-lim oqib oʻtayotgan suv Qichqiriqning hayot tarzi, zero, uning mavjudligi, qismati ham shitob bilan oqib borishida mujassam, u shundan maʼno-mazmun topar edi.

Sultonning anhorga oʻpka-ginali qarashlari oʻrnini havas, hatto hurmat maʼnosi egalladi. Anhor uni tushunmadi, ayniqsa uning jununvash va tub oqimlari Sultonni ne koʻylarga solmadi – oʻng qoʻl tomonda oqim sustroq tuyulsa, chap tomon oqimi tubsiz oʻpqonga yutib yuborguday tortqilaydi, oyoqlari osuda suzishiga yordam bersa, biqiniga urilayotgan toʻlqin azbaroyi uning sumbatini daraxt novdasidek ikki bukib tashlaguday vajohat bilan urilaveradi. Sulton girdigʻumdan kelgan gʻavvosning gezarib-soʻkinib aytgan iddaosini esladi va “yoʻq, unday emas” degan maʼnoda vazmin bosh chayqadi. Uning fikri, munosabati oʻzgardi, endi u anhor uni tushunmagan boʻlsa, u anhorni tushunadi, telba oqim unga dilini ochmagan boʻlsa, inson telba koʻngilga yoʻl топади...

Sulton boyadan beri boldirini qandaydir mayin-muloyim narsa silab-siypalayotganini sezib qoldi. U narsa uzun edi, Sultonning boldiridan sirgʻalib boʻshaldida, uning beliga beozorgina chirmaldi. Sulton moʻjizaga roʻpara kelayotganini sezdi, yuragi endi mutlaqo oʻzgacha hayajon, oʻzgacha intiqlik bilan dukurlay boshladi. U salgina nojoʻya harakat qilsa, beliga chirmalayotgan momiq-muloyim narsani yoʻqotib qoʻyishdan xavotirda gʻoyatda ehtiyotlik bilan qoʻlini suvga botirdi. Tagʻin allaqanday jondor-pondor boʻlmasin, deb yubordi ichida va shu zahoti bu shubhasini unutdi, u fikri, fikrlash tarzi uzilib, uzuq-yuluq boʻla borayotganini, hech bir narsani adogʻiga dovur oʻylay-mushohada qilolmay qolayotganini sezdi, sezdiyu, shu haqda ham tugal bir qarorga kelolmadi. Faqat, beliga chirmalayotgan jondor allaqanday lash-lush yoxud matohga oʻxshayapti, umuman, oqar suv ostida har qanday jonsiz narsaga jon kirishiga va ularning bari koʻz koʻrib-quloq eshitmagan jondorga aylanishiga iqror boʻldi.

Sultonning suv ostiga botirgan qoʻlining uchlari beli-koʻkragi aralash belboqqa aylanayotgan oʻsha jonsiz jondorga yetdi. “Nahotki?!» deb yubordi Sulton ovoz chiqarguday quvonib, “Sariq boʻlsaya?!», “Kelinchakning koʻylagi boʻlsaya?!» Sulton yovvoyi jondorning “panja”larini qoʻyib yuborganini butun gavdasi bilan suvning oʻrta oqimiga shaloplab tushganidagina angladi. U oqimning tezob yoʻliga tushganidan emas, qoʻlida tutib turgan nima, nima u?! Nahotki, Sultonning shuncha saʼy-harakati besamar qolmay, jonini garovga qoʻyib izlagani sariq koʻylak etagini topgan boʻlsa?!

Sulton oqib ketmadi, u ikki qoʻllab changallab olgan matoni asta va avaylabgina bilagiga oʻrashga tushdi, “Uzilib ketmasa bas!» degan oʻyda qoʻlini silkitib yubormaslikka urinib, matoning “ildizi”ga tomon yaqinlashaverdi. “Sariq!.. Sariq koʻylagida edi!.. Сариқ!..” Sultonning miyasini shu topda faqat shu soʻz ishgʻol qilgan, uni topganiga ishonchi komil edi!..

U матони... bunchalar uzun u? Bunchalar ilingan joyiga – tagiga yetish mushkul?.. Sulton juda-juda avaylab, ehtiyotlik bilan paypaslay-paypaslay uning ilingan mansabiga yetadi, yetgan joyida qoʻliga chirmalgan sargʻish mato, yoʻq, sariq koʻylakning keng etagi va oʻn besh kunlik kelinchakning bir haftadan buyon suv ostida yotgan жаса... “Topdim, Bashorat! Bashoratoy, jonim, topdim!» deb yubordi Sulton.

– Ismingiz emas, oʻzingiz sultonsiz, – degan edi Bashorat bir kuni, uning yelkasiga boshini qoʻyib, navozish bilan. – Siz har qanday sultonlikka qodirsiz!..

“Bashoratoyning bashorati, mana, hozir, shu daqiqa, shu telba anhor suvi ostida tasdigʻini topsaya!» Sulton hayajonning zoʻridan kuchiga kuch qoʻshildi, charchoqlarini ham, ogʻriqlarini ham unutdi. Ikki qoʻllab sargʻish matoni tutganicha uni kaftiga oʻrashga tutinar ekan, yuz-koʻzi oldida baliqchalar toʻdasi paydo boʻlganini, tong sahardan beri oqayotgan loyqa suv tiniqlashib, baliqchalar aniq-tiniq koʻz oʻngidan “lip-lip” oʻtayotganini koʻrdi. Baliqchalar rangli edi! Qip-qizil, sap-sariq, yam-yashil!.. Ular Sultonga yoʻl koʻrsatayotgan, qaysi tomon siljishi kerakligiga belgi berayotgandek edilar. Yelkasi, koʻksi, qorni, tizzalari, oyogʻining uchigacha jazillab achisha boshladi, “Hechqisi yoʻq, chidayman!» dedi Sulton tishini tishiga bosib, ilgariladi, qirgʻoq tomon siljiyotganini elas-elas payqadi. Qoʻllari, soʻngra oyoqlari oʻziga boʻysunmayotganini payqab qoldi, oyoq-qoʻllariga madad tiladi: “Ha! Haa!.. Boʻsh kelma! Boʻsh kelma, deyapman!.. Ҳ-ҳ-ҳ-о-ой-й!..”

“Bu anhorga gʻarq boʻlganlar yarim tun sukunatida qichqirib, odamlarni yordamga чорлайдилар...” Sulton ham, yoʻq, u qichqirmayapti, uning hali-veri gʻarq boʻlib telba toʻlqinlarga taslim boʻlish niyati yoʻq. Taslim boʻlmaydi ham, najot ham тиламайди... U endi anhor va uning suvlari bilan shu qadar qadrdonlashib ketdiki, unga yotigʻi bilan iltijo qiladi, unga toza niyatlarini toʻkib soladi, kerak boʻlsa, ovozini boricha qoʻyib qichqiradi, shu qadar qichqiradiki, Qichqiriq bir zum boʻlsada, oqishdan toʻxtaydi, suvlari tiniqlashib, oʻzan oʻzini boricha koʻz-koʻz qiladi. “Qichqiriq” degan nomi ham gʻoyatda oʻziga yarashimli, noyob! Tiriklarning gap-soʻzlari gʻarq boʻlganlarga, gʻarq boʻlgan marhumlarning sukunati esa tiriklarga qichqiriq boʻlib eshitiladi. Ana, Sultonning oʻziga oʻzi dalda berish maqsadida aytgan soʻzlari tashqariga qichqiriq, faryod boʻlib eshitilyapti. Vaholanki, tun choʻkishiga allaqancha vaqt bor, tungi sukunatga qadar эҳ-ҳе-э... Ana, oftob charaqlab turibdi, faqat, faqat u, kimdir silkityapti shekilli, lopillab, alanga olib yonayotganga ўхшаяпти...

Sulton birdan vaznining ogʻirligini sezmay qoldi, qoʻl-oyoqlarining madorsizlanishidan tugʻila boshlagan xavotir ham tarqadi. Hech bir harakat qilmasada, oqib ketmayotganiga, nafasi dimiqib havo yetishmay qolmayotganiga hayron boʻldi. Oyoqlarining orasida paydo boʻlgan silliq, mayin va beozor jondor Sultonni koʻtarib turar, Sultonning fikr-xayoli kaftiga, undan bilagiga oʻralib-oʻralib borayotgan matoda edi. Sulton mutlaqo harakat qilmay qoʻydi, qoʻllarini oʻrab-chirmab, bogʻlab tashlaganidan, oʻsha sariq matoni topib, tortib chiqarish koʻyida kerak boʻlsa, qoʻllariga qoʻshib oyoqlarinida bogʻlab tashlashga hoziru nozirligidan vujudini qamragan hayratni yashirolmay, hayajonlanayotgan edi. Hayajonning zoʻridan terlab ketdi. Aʼzoi badanidan suv emas, ter quya boshladi. Boshini ikki-uch qayta suv yuzasiga chiqarib nafas rostlamoqchi edi, bunga zarurat sezmadi, koʻz oʻngida suvga qoʻshilib koʻzga tashlanayotgan va zumda chir aylanib gʻoyib boʻlayotgan xira qon dogʻlariga ham eʼtibor bermadi. Oyogʻining orasiga kirib, uni koʻtarib turgan жондор... Sulton oʻzini yuvvosh otga mingashib olgandek his qildi, bu holat uzoq choʻzilmadi, yoʻq, xayol sharpasidek juda tez oʻtdi, ot asta-sekin sirgʻalib oyoqlari orasidan chiqib ortda qola boshladi. Anhor ichida ot nima qiladi?.. Ot emas, baliq, baliq desa, otga oʻxshaydi. Otbaliq!..

Sulton Qichqiriq suvida bunday jonivorlar mavjudligi haqida sira eshitmagan edi, eshitgan taqdirda ham unday oldi-qochdi choʻpchaklarga ishonmasdi. Lekin, mana, uni oʻzi koʻrdi, ulardan biri kelib holdan toyib gʻarq boʻlayozgan Sultonni kiftiga mindirib oldi ва... Sultonning koʻngli halimdek yumshadi. Muloyim, lekin qatʼiyat bilan baralla aytdi: “Qayta boshdan boshlayman! Kerak boʻlsa, oʻn marta tushaman suvga, lekin topmaguncha қўймайман!..”

Sultonning qulogʻiga paydar-pay uzoq-yaqin qichqiriqlar chalina boshladi. Sulton ularga quloq solmoqchi, maʼnosini uqmoqchi edi, diqqatini jamlay olmadi. Suv qizib ketayotganga oʻxshadi. Sulton oyogʻi qattiq zaminga tekkanini sezdi. Boshini koʻtarmoqchi edi, qurbi yetmadi. Anhor oʻzani kunbotar tomondagi qishloqqa yetgan joyida kengayib, suvi juda-juda sayozlashgan – suv nari borsa, tizzadan keladigan joyga yetgan, bu yerda tumonat bola-baqra dunyoni boshiga koʻtarib choʻmilishayotgan, shodon qichqiriqlar bilan bir-birini quvalashayotgan edilar.

– Voy, odam! Odam oqib kelyapti!!!

Sulton bu qichqiriqni ham elas-elas eshitdi. Bu topda tikkaga kelgan quyosh olamni charogʻon qilib yuborgan, Sultonning sovuqdan koʻkarib ketgan kiftini ilita boshlagan эди...

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?