Qashqadaryodagi ilk «Elektron poliklinika» qanday ishlamoqda?

15:59 15 Mart 2023 Jamiyat
1298 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun mamlakatimizda oilaviy hamda koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda «Elektron poliklinika» axborot tizimi joriy etilmoqda.

Qashqadaryo viloyatida ham ilk bor Qarshi shahridagi 3-sonli oilaviy poliklinikasi «Elektron poliklinika» tizimida faoliyat boshladi.

Taʼkidlash joiz, mazkur oilaviy poliklinika oʻtgan yili yangidan bunyod etilib zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan edi. Endilikda «Elektron poliklinika» axborot tizimi joriy etilishi bu yerda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning ish sifati va samaradorligini tubdan oshirishi shubhasiz.

 — Poliklinikamiz hududdagi 15 ta mahallada istiqomat qiluvchi 53 ming nafardan ortiq aholiga xizmat koʻrsatadi, — deydi muassasa shifokori Nodira Akbarova.  — Tabiiyki, shunga yarasha murojaat etuvchilar soni ham koʻp. Ilgari har bir bemorning shikoyatlarini eshitish, yozish, unga tavsiya berish hamda laboratoriya tekshiruvi yoki tor doiradagi mutaxassislarga yoʻnaltirishga kamida 15 daqiqa vaqt ketardi. Hozir bu vaqt oʻrtacha 3 daqiqani tashkil etmoqda. Chunki endilikda bemor uyda turib ham onlayn qabulga yozilib, elektron raqam orqali oʻzining ID-kartasi bilan keladi. Biz uning qoʻshimcha shikoyatlarini qayd etib, misol uchun kardiologga yoʻnaltirsak, bemor borguniga qadar kardiolog elektron tizim orqali u haqidagi hamma maʼlumotga ega boʻlib ulguradi. Yoki boshqa hududdagi shifokorlarga borganida ham oʻzining kasallik tarixi, laboratoriya tekshiruvlari natijasi yoki shu kabi maʼlumotlarni koʻtarib yurmaydi. Bu maʼlumotlar elektron bazada doimiy saqlanadi va bemor istagan vaqtda uni oʻzining ID-raqami orqali bazadan olishi mumkin.

Yana bir eʼtiborli tomoni, «Elektron poliklinika» axborot tizimiga ulangan barcha poliklinikalar yagona server asosida ishlaydi va har bir poliklinikaga qancha bemor murojaat qilgani, ularni qaysi shifokorlar koʻrikdan oʻtkazgani, qanday retsept buyurilgani, bemor u retsept asosida dorini olgan-olmagani Sogʻliqni saqlash vazirligidagi masʼullarga ham koʻrinib turadi. Bu esa tizim faoliyatini muvofiqlashtirish, koʻp uchraydigan kasalliklarni hududlararo tasniflash va ularning aniq bazasini yaratish kabi sohalarda qator qulayliklar yaratadi.

Jahongir BOYMURODOV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?