Qashqadaryoda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlari qoʻlga olindi

15:20 31 Oktyabr 2021 Jamiyat
1546 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Dehqonobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, oʻzaro yigʻinlar vaqtida ular “Jihodchilar” oqimi gʻoyalari yoʻgʻrilgan audio-video koʻrinishdagi materiallarni tinglab, tomosha qilishgan hamda hijrat va jihod qilishga xayrixohlik bildirishgan.

Guruhning 1969–1995-yillar oraligʻida tugʻilgan 12 nafar aʼzosi orasida mahalla fuqarolar yigʻini raisi, oʻrta maktab oʻqituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar bor.

Guruh aʼzolarining yashash manzillari koʻzdan kechirilganda xotirasida diniy mazmundagi audio-video materiallar mavjud boʻlgan uyali aloqa vositalari va fleshkartalar, shuningdek, nashriyoti koʻrsatilmagan kitoblar borligi aniqlanib, ekspertizadan oʻtkazish uchun rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?