Qashqadaryoda YTHlar oqibatida 181 kishi vafot etdi

11:33 15 Oktyabr 2021 Jamiyat
655 0

Qashqadaryo viloyatida oʻtgan 9 oyda sodir boʻlgan 369 ta yoʻl-transport hodisasi oqibatida 181 kishi vafot etgan, ulardan 31 nafari voyaga yetmagan bolalar.

«Mazkur yoʻl-transport voqealari sabab vafot etgan 181 kishining 31 nafari yosh bola boʻlgan. Shuningdek, YTHlarda 45 bola tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan», — deydi masʼullar.

Qayd etilishicha, viloyat hududida sodir boʻlgan YTHlarning 145 tasi piyodani urib yuborish, 114 tasi mashinalar toʻqnashuvi, 31 tasi velosiped haydovchisini urib yuborish, 26 tasi toʻsiqqa urilish, 44 tasi agʻdarilish, 5 tasi toʻxtab turgan transport vositasiga urilish, 1 tasi hayvonni, 2 tasida ot aravani urib yuborish bilan bogʻliq boʻlgan.

“Viloyat hududida sodir boʻlgan YTHlarning 37 tasi piyodalarning aybi bilan, yaʼni piyoda yoʻlning belgilanmagan qismida kesib oʻtayotgan paytda sodir boʻlgan”, — deya maʼlum qildi Ahror Usmonov.

Uning maʼlum qilishicha, YTHlarning 47 tasi Qarshi shahrida sodir boʻlgan. Ularning 6 tasi bolalar bilan bogʻliq boʻlib, 1 nafar yosh bola, hali bir yoshga ham yetmagan chaqaloq vafot etgan.

“Qarshi shahrida 2020-yilning oʻtgan toʻqqiz oyi mobaynida 43 ta YTH sodir etilib, vafot etganlar 8 kishini tashkil qilgan boʻlsa, jarohatlanganlar 35 kishi edi”, — deydi inspektor.

Xabarda qayd etilishicha, 2021-yilning oʻtgan davri mobaynida viloyatda eng koʻp YTHlar Chiroqchi tumanida sodir boʻlgan. Bu koʻrsatkich tumanda 71 tani tashkil qilgan. Shuningdek, Gʻuzorda 33 ta, Dehqonobodda 16 ta, Shahrisabz va Kitob tumanlarida 13 tadan, Shahrisabz shahrida 23 ta, Yakkabogʻda 25 ta, Qamashida 31 ta, Kasbida 9 ta, Mirishkorda 4 ta, Muborak va Nishon tumanlarida 11 tadan, Koson tumanida 20 ta, Qarshi tumanida esa 42 ta YTH sodir boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?