Qarshida dorivor oʻsimliklar yarmarkasi oʻtkazildi
Kitoblik Meliqul Xolov xalq tabobati boʻyicha katta bilim va tajribaga ega. U Oʻzbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi aʼzosi. Koʻp yillardan buyon tabiblik faoliyati bilan shugʻullanib kelmoqda.
2017-yilning 24-25-fevral kunlari Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatning togʻli hududlari, oʻrmon xoʻjaliklari yer maydonlarida dorivor oʻsimliklarni yetishtirish boʻyicha bergan topshiriqlari Meliqul Xolovni ham yangi tashabbusga undadi. Hududdagi poyonsiz togʻ yonbagʻirlaridan 1000 gektar yer olib, dorivor giyohlar yetishtirishni yoʻlga qoʻydi.
Hozirgi kunda 38 turdagi dorivor giyohlarni yetishtirayapmiz, — deydi Meliqul Xolov. – Ularning ichida mahalliylari ham, xorijdan olib kelib, oʻzimizning sharoitga moslashtirganlarimiz ham bor. Masalan, chakanda (oblopexa) moyi tibbiyotda juda koʻp kasalliklarni davolashda keng qoʻllaniladi. Biroq chakanda butasi bizda oʻsmasdi. Uning urugʻini xorijdan olib kelib, koʻpaytirdik. Hozirgi kunda 10 gektar yerga chakanda parvarishlayapmiz. Xuddi shuningdek, 12 gektar yerda anzurpiyoz, 60 gektar yerda buyrak choy, 4 gektar yerda sumax yetishtirishni yoʻlga qoʻyganmiz. Bularning barchasini xorijdan olib kelib koʻpaytirdik.
Bugungi kunda Meliqul Xolov rahbarlik qilayotgan “Kamar dorivorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yiliga 450-500 million soʻmlik dorivor giyohlar yetkazib bermoqda. Eng muhimi, faoliyatni yanada kengaytirish, mahsulot eksportini amalga oshirish imkoni bor.
Qarshi shahrida tashkil etilgan dorivor giyohlar yarmarkasi Meliqul Xolov kabi xomashyo yetishtiruvchilar hamda qayta ishlovchilarning oʻzaro tajriba almashishi, yangi hamkorlar topishi uchun muhim vosita boʻldi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan yarmarkada viloyatdagi oʻttizdan ortiq dorivor giyohlar yetishtiruvchi xoʻjaliklar hamda tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, xom ashyoni qayta ishlovchi hamda eksportyor korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Tomonlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring