Qariyb 40 foiz oʻzbekistonlik oʻtgan yilda umuman pul jamgʻara olmadi
Oʻzbekiston aholisining qariyb 40 foizi oʻtgan yilda umuman pul jamgʻarmagan. Bu haqda Markaziy bank tomonidan Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida oʻtkazilgan tadqiqot natijalarida maʼlum qilindi.
Miqdoriy soʻrov 2025-yil yanvar—fevral oylarida mamlakatning 6 ta hududida oʻtkazilgan boʻlib, unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Fargʻona, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahridan jami 1200 nafar respondent ishtirok etgan.
Tadqiqot qatnashchilarining tarkibiga koʻra, ularning 45 foizi qishloq hududlarida, 55 foizi esa shaharlarda yashaydi. Ishtirokchilarning yoshi boʻyicha taqsimoti: 58 foizi 45 yoshgacha, 24 foizi esa 46—60 yosh oraligʻida. Jinsi boʻyicha esa respondentlarning 60 foizi ayollar, 40 foizi erkaklar hisoblanadi. Taʼlim darajasi boʻyicha esa 15 foizi oliy maʼlumotli, 33 foizi umumiy oʻrta, 45 foizi oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan.
Bundan tashqari, sifatli tadqiqot 2024-yil noyabr—dekabr oylarida Xorazm, Andijon, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida oʻtkazilgan. Fokus-guruh shaklida tashkil etilgan ushbu tadqiqotda 198 nafar fuqaro, jumladan 75 nafar ayol, 42 nafar yoshlar va 32 nafar qishloq aholisi ishtirok etgan.
Tadqiqot uchun tanlab olingan hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga koʻra — agrar, sanoat, kam rivojlangan va shahar markazi kabi koʻrsatkichlar asosida belgilangani aytilmoqda. Maʼlumotlar “Ekspert fikri” ijtimoiy-iqtisodiy va marketing tadqiqotlari markazi tomonidan yuzma-yuz suhbatlar orqali toʻplangan.
Tadqiqot natijalari Oʻzbekistonda pul jamgʻarish xulq-atvori hudud, taʼlim darajasi va bandlik holatiga qarab sezilarli farqlanishini koʻrsatgan. Xususan, respondentlarning 39 foizi oʻtgan yilda umuman pul jamgʻarmaganini bildirgan. Toshkent shahrida soʻnggi 12 oy ichida mablagʻ yigʻmaganlar ulushi 25 foizni tashkil etgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasida bu koʻrsatkich 54 foizga yetgan.
Taʼlim darajasi boʻyicha ham farqlar yaqqol koʻzga tashlangan. Jumladan, faqat 8-9-sinf maʼlumotiga ega boʻlganlar orasida pul jamgʻarmaslik koʻrsatkichi 53 foizni tashkil etgan. Oliy maʼlumotlilar esa bu borada ancha faollik koʻrsatgan. Talabalar eng faol jamgʻaruvchilar sifatida qayd etilgan boʻlsa, nafaqaxoʻrlar orasida soʻnggi bir yilda umuman jamgʻarmaga ega boʻlmaganlar ulushi 46 foizni tashkil etgani maʼlum qilingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring