Qandli diabet va sil hamroh kasalliklarmi?

10:37 02 Dekabr 2020 Jamiyat
1508 0

Qandli diabet XXIasrning dunyo miqyosidagi tibbiy-ijtimoiy va gumanitar muammosidir. Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, u nogironlikka olib keluvchi kasalliklar orasida birinchi va oʻlimga olib keluvchi kasalliklar orasida uchinchi oʻrinni egallaydi. JSSTning qayd etishicha, dunyo boʻyicha 220 million qandli diabet bilan kasallangan bemor boʻlib, bu koʻrsatkich 2025-yilga kelib 10 tadan bitta odam qandli diabet bilan kasallanishi ehtimolidan dalolat bermoqda. Diabet bilan kasallangan bemorlar orasida qandli diabet 2-tipi 90 — 95 foizni tashkil etadi.

Qandli diabet bu — butun organizmda moddalar almashinuvi (yogʻ,uglevod, oqsil) buzilishi, organizmda insulin miqdorining mutlaq yoki nisbatan yetishmovchiligi natijasida qonda qand miqdorining koʻtarilishi bilan kechadigan kasallik hisoblanadi. Qandli diabet kasalligini keltirib chiqaruvchi xavfli omilarga — ortiqcha tana vazn, semizlik, naslli moyillik, kam harakat hayot tarzi, qon bosim koʻtarilishi, oldingi tugʻuruqlarda 4,0 kg dan ortiq vazndagi bolaning tugʻilishi kabi omillar kiradi. Qandli diabet kasalligining klinik belgilari tez-tez siyish, chanqash, ozish, umumiy holsizlik, qon bosimining koʻtarilishi, yaralarning sekin bitishi, chov sohalarida qichishish, oyoqlarda muzlash, uyushish kabi koʻp shikoyatga xos belgilarni oʻz ichiga oladi.

Qonda qand miqdorining uzoq vaqt yuqori boʻlishi organizmning immun tizimini susayishiga olib keluvchi faktorlardan biri boʻlib xizmat qiladi. Kasalliklar orasida qandli diabet va sil kasalligi koʻpincha birga uchraydi. Sil kasalligini chaqiruvchisi Kox tayoqchasi boʻlib, koʻpincha organizmning nafas aʼzolari yaʼni oʻpkaning zararlanishini keltirib chiqaradi. Bunday bemorlarda ikki haftadan ortiq quruq yoʻtal, keyinchalik balgʻamli yoʻtal, kechalari terlash, tana haroratining Selsiy boʻyicha 37 gradus boʻlishi, ishtahasizlik, koʻkrak qafasidagi ogʻriqlar, tana vaznning keskin kamayishi kabi belgilar bilan kechishi kuzatiladi. Kasallikning kech aniqlanishi uzoq muddatli bosqichma-bosqich davolanishni talab qiladi. Shuningdek, kasallikning asoratlarini yuzaga kelishiga va nogironlikka olib kelishi mumkin. Bunday oqibatlarni oldini olishda har bir kasallikni oʻz vaqtida aniqlash, mutaxassislar tomonidan davolash, kasallikni ogʻir asoratlarining rivojlanishini kamaytiradi. Qandli diabet va sil kasalligiga uchragan bemorlar oʻz vaqtida ftiziatr nazoratida muolajalarni uzliksiz ravishda qabul qilsa, sil kasalligidan batamom forigʻ boʻlish imkoniyati mavjud.

Kasalikka chalinmaslik uchun har bir kishi doimo toʻgʻri ovqatlanishi, muntazam badantarbiya bilan shugʻullanishi, xonalarning havosini tez-tez almashtirib turishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etishi, zararli odatlardan cheklanishi hamda ruhiy zoʻriqishlardan saqlanishi lozim.

Sanjar Haydarov,
Samarqand viloyati
Ftiziatriya va Pulmonologiya markazi
endokrinolog 
shifokori
Qalandar Qoʻyliyev, 
Markaz direktorining davolash ishlari boʻyicha

oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер