Qanday holatda oʻt-tosh kasalligini operatsiyasiz davolash mumkin?

13:19 31 Oktyabr 2023 Jamiyat
133 0

Oʻt pufagi — ovqat hazm qilish tizimining muhim aʼzolaridan biri. Shu sababli unda kuzatiladigan muammolar organizm faoliyatiga salbiy taʼsir etadi. Ayniqsa, oʻt pufagida hosil boʻladigan toshlarga oʻz vaqtida eʼtibor bermaslik, jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

— Oʻt pufagi jigarga birikkan kichik qopcha, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Maxsud Nishonov. — U oʻzida safro yigʻib, ovqatlanish payti bu suyuqlikni 12 barmoqli ichakka haydab beradi. Safro esa tanamizga oziq-ovqat bilan kiradigan yogʻlarni qayta ishlash va ichak mikroflorasini meʼyorlashtirishga yordam beruvchi murakkab suyuqlikdir.

Agar u dimlansa yoki tarkibi oʻzgarsa, oʻt yoʻllarida turli noxushliklar yuzaga kelishi va tosh paydo boʻlishi mumkin.

Bu kasallikdan koʻproq ayollar va ortiqcha vaznli insonlar azob chekadi. Shuningdek, oʻtirib ishlashga odatlangan odamlarda ham mazkur xastalik koʻp kuchraydi. Sababi, ular tanasida bunday nosogʻlom hayot tarzi tufayli moddalar almashinuvi susayadi.

Qolaversa, pala-partish ovqatlanadigan, yogʻli va tarkibida xolesterin miqdori yuqori boʻlgan yeguliklarni xush koʻruvchilar ham asosiy xavf guruhiga kiradi. Chunki ularda koʻpincha ovqat hazm qilish jarayoni buziladi.

Oʻng qovurgʻa ostidagi ogʻirlik, ogʻizda achchiq taʼm sezish, koʻngil aynishi oʻt pufagida tosh borligidan ogoh etuvchi eng asosiy belgi hisoblanadi. Baʼzida tosh oʻt qopidan chiqib, safro yoʻlida turib qolsa, bu xurujga olib kelishi ham mumkin.

Yaʼni oʻng qovurgʻa osti yoki qorinning yuqori qismida, shuningdek oʻng yelka, qoʻl yoki kurakda qattiq ogʻriq paydo boʻladi. Bunday vaziyatda ogʻizda achchiqlik kuchayib, koʻngil ayniydi.

Oʻt pufagini davolash usulini tanlash klinik belgilar va tibbiy tahlil natijalariga bogʻliq. Bemorga jarrohlik muolajasi yoki kasallikni bartaraf etish uchun litolitik usullar yetarli ekanini faqat shifokor hal qiladi.

Ushbu xastalikni jarrohlik amaliyotisiz davolash mumkin, albatta. Buning uchun oʻt pufagidagi toshlar hajmi 1 sm.dan kam boʻlishi lozim. Ana shunda oʻt pufagi va uning kanallarini saqlab qolish mumkin. Buning uchun maxsus dori preparatlari va toshlarni maxsus muolaja yordamida parchalash usuli qoʻllaniladi.

Bu kabi davo yoʻli faqat kichik hajmli toshlarnigina eritib yuboradi, xolos. Qolaversa, safro tarkibini meʼyorlashtiradi.

Agar toshlar hajman katta va oʻt pufagining aksariyat qismini egallagan boʻlsa, koʻp martalik xurujlar yuz bersa,ushbu tana aʼzosi oʻz vazifasini bajara olmasa hamda davolash choralari naf bermasa, operatsiyaga murojaat qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?