Qalovini topsa qor yonadi

15:46 19 Fevral 2025 Jamiyat
265 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Qodir Roʻziyev 77 yoshda. Ammo qoʻni-qoʻshnilar uni haligacha choyxonada oyoq uzatib oʻtirganini koʻrishganicha yoʻq. Suhbatlashganda ham gapni qisqa qiladi. Bekorchi odamni jini suymaydi. Ayniqsa, hovlisini guldek yashnatmagan, nuqul turish-turmushdan noligan kishilarni koʻrib qolsa oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi. Shundaylarga tanbeh bergan paytlari ham boʻlgan. Otaxonning tomorqaga mehr baland. Suyagi dalada qotgan bu insonning ona-tabiatga mehru muhabbati ham boʻlakcha.

— Iqlim oʻzgarishi ortidan ekologik muammolar koʻpaymoqda, — deydi Olot tumanidagi “Denov” mahallasida yashovchi Qodir ota. — Har bir daraxt, har bir butaning qadru qimmati bilinayapti. Tomorqamizda manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirishni yoʻlga qoʻydim. “Hayt degan tuyaga madad”, deganlaridek yurtimiz boʻylab keng quloch yoygan “Yashil makon” dasturi ijrosiga harna boʻlsa-da hissam qoʻshilsin, deyapman...

Joriy mavsumda otaxon 20 ming tupdan ziyod Kaliforniya teragi, 200 – 300 tup atrofida qora qaragʻay, archa koʻchatlarini yetishtirdi. Tomorqada shuningdek, togʻoldi hududlardan keltirilgan kamyob archa koʻchatlarini ham koʻrish mumkin. Qodir ota shu ish ortidan tuzukkina daromad topayapti.

— Daraxt havodagi karbonat angidridni yutadi, — davom etadi u. – Kislorod ishlab chiqaradi. Tuproqni mustahkam ushlaydi. Bizning mahalliy sharoitda bu juda muhim. Daraxt soyasi saratonda jonning rohati. Shu boisdan ham uyi oldidagi ariq boʻyiga, boʻsh yotgan bir parcha yerga mevali yoki manzarali daraxt koʻchati oʻtqazmagan ayrim boqibegʻamlarni koʻrganimda xunob boʻlaman.

Kuzatishlar koʻrsatayaptiki, moddiy koʻmak soʻrab mahalla ostonasini bosib oʻtganlar orasida tomorqasidan tuzuk foydalanmayotgan, “Olma pish, ogʻzimga tush” qabilida yashayotganlar ham oz emas. Boqimondalikning turgan-bitgani oilaga, jamiyatga ziyon. Bundaylar nafaqat Qodir ota, balki Vobkent tumanining Changaron qishlogʻida yashovchi Joʻrabek Hayitovdan ham ibrat olsa arziydi.

— Dastlab kichik bir issiqxona barpo etib, qishda sabzavot mahsulotlari yetishtirishni yoʻlga qoʻydim, — deydi yosh oila sohibi. — Shu ishning hadisini olgach, issiqxonani yana bittaga koʻpaytirdim. Sitrus mevalar, jumladan limon yetishtirishga ham kirishdim.

Joʻrabek ham Qodir aka kabi yerga mehr qoʻygan. Uning har qarichini qadrlaydi. Ekin ekish oldidan chuvalchanglar vositasida biogumus hosil qilib, tuproq hosildorligini oshirishga zamin hozirlaydi. 6 sotixli issiqxonasida 2 ming tup bulgʻor qalampirining sara navi koʻchatidan oʻtqazgandi. Bozorga chiqarilsa xaridor koʻzini ham, koʻnglini ham uza olmaydigan qalampir shunaqangi hosil berdiki, asti qoʻyasiz.

Aytmoqchi, Joʻrabekning bozorga tushishiga hojat yoʻq. Tayyor hosilni issiqxonaning oʻzidan koʻtarasiga olib ketishyapti. Birgina qalampirning oʻzi oilaga 25 million soʻm daromad keltirmoqda. Shigʻil hosil tugadigan 30 tup limon, ikkinchi issiqxonada yetishtirilayotgan ertangi kartoshka hosilini ham pulga chaqsangiz, mirishkor yosh dehqonga “Otangga balli” deyishingiz tayin.

— Davlatimizga rahmat, — deydi J. Hayitov. — Yer bilan tillashib ishlash maqsadini oʻz oldiga qoʻygan kishi borki, qoʻllab-quvvatlanmoqda. “Mahalla yettiligi” oʻy-tashvishlarimizni yengillashtiryapti. Turli imtiyozlar berilmoqda. Ehtiyojmandlarga ekin yerlari ajratilyapti. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalangan kishi biror bir narsaga zoriqib qolmaydi.

Haq gap. Birgina Vobkent misolida olib qaralsa, tumandagi 22 ta mahallada mavjud tomorqa xoʻjaligi u yoki bu mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirilmoqda. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan bu ish natijasida sabzavotchilik, kartoshkachilik, polizchilik va hatto anoru anjirchilik yoʻnalishlarida ishlab bozorni toʻkin etayotgan dehqonu bogʻbonlar sulolasi shakllanyapti. Haqiqiy xazina sanalgan yerni qarovsiz qoldirmaslik, tomorqani qishin-yozin “ishlatish” chekka qishloqlardagi kambagʻallik degan dardga eng yaxshi malhamdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер