Qaynuka uchun jigarini bergan yanga

13:18 17 Dekabr 2024 Jamiyat
1170 0

Peshkulik Jamshidjon Umarov jigar sirrozi kasaliga uchradi-yu, halovatini yoʻqotdi. Najot yoʻq. Tekshirishlar uzoq choʻzildi. Donor kerak, deyishdi. Unga mos keladigan donor singlisi va yangasi boʻlib chiqdi.

— Singlingiz birovning kelini, roʻzgʻori boʻlak, — dedi Muhayyo turmush oʻrtogʻi Jasurga. — Men donor boʻlaman, rozi boʻling, dadasi. Sizning ukangiz mening ham ukam!

Ukasi Jamshidning betobligidan qaygʻuga botgan Jasur ikki oʻt orasida qoldi. Uka desa, bu yoqda xotini... Mabodo, turmush oʻrtogʻining taklifiga koʻnsa-yu, unga biror kor-hol boʻlsa – chi?! Unda farzandlarining koʻziga qanday qaraydi?

— Men bir qarorga keldim. Jigarimning bir qismini Jamshidjonga beraman! U yashashi kerak! — dedi Muhayyo qatʼiy.

Koʻp oʻtmay Jamshidjon, uning xotini Azizaxon va yanga Muhayyoxonlar Hindistonga yoʻl oldi.

Tekshiruvlar qayta-qayta oʻtkazildi. Muhayyo Hamdamova qaynukasi Jamshidjon Umarovga donorlik qildi...

Jarrohlik amaliyoti uzoq davom etdi. Hind shifokorlari bilan muloqotda Jamshidjonning xotini ingliz tili fani muallimasi Aziza Vafoyeva tilmochlik qilib turdi. Amaliyotdan keyin eri va ovsinining ahvolidan xabar olib turdi.

Bu voqea 2021-yilda boʻlgandi. Xavotir-u hadiklar, uyqusiz tunlar ortda qoldi. Jamshidjonning ham, Muhayyoxonning ham salomatligi hozir joyida.

Jamshidjon oilasi bilan Peshku tumani Afshona qishlogʻida, akasi tadbirkor Jasurjon Umarov va Muhayyo Hamdamovalar Yangibozor shaharchasi, “Oʻzbekiston“ koʻchasida ahil — inoq yashamoqda.

Xaloskor yanga – Muhayyo Hamdamova Peshkuning dovruqli parda tikuvchilaridan. Shogirdlari bisyor...

Darvoqe, Azizaxon ovsini Muhayyoxonga qoʻngʻiroq qilarkan, doimgidek, “Jigarim, omonmisiz?”, deydi. Shunda telefon goʻshagini qaynuka Jamshidjon olib “”Mening jigarim, sening emas”, deya ayoliga hazillashadi. Oʻzini hayotga qaytargan yangasidan hol-ahvol soʻrashga tushadi.

Jigarim deyilganida, odatda tugʻishganlar, opa-singil, aka-ukalar tushuniladi. Afsuski, ayrim jigargoʻshalar ogʻizdagina jigargoʻsha. Bir-birlarini koʻrishga koʻzi yoʻqlari, hovli-joy talashib, jigariga pichoq oʻqtalayotgan aka-ukalar ham taassufki, uchrab turibdi.

Shularni xayoldan oʻtkazib, beixtiyor oʻyga tolamiz. Yaxshilikni, oqibatni boylik, pul bilan oʻlchaydiganlar koʻpaygan bir zamonda lavhamiz qahramonlari qalbidagi mehr-u muhabbatning ildizi qayerda? Bu ildiz qaysi chashmadan suv ichayapti?

Bu savolga javobni esa quyidagi kechmishdan topgandek boʻldik.

...Peshkulik jurnalist Ismoil Umarov qand kasalligiga chalingach, muolajalar naf bermadi. Oqibatda nafaqa yoshiga yetmay turib ikki koʻzi koʻrmay qoldi.

Turmush oʻrtogʻi Roziya Jalolova halovatini yoʻqotdi. Ishidan voz kechdi. U necha yildirki, yostiqdoshi parvarishi bilan band. Mushtipar ayol erining koʻrmay qolgan koʻzlariga aylandi.

Ismoil aka va Roziyaxonlarga besh farzand, ikki oʻgʻil, uch qiz, kelin, kuyovlar madad boʻldi. Bu dard yetmagandek Ismoil aka insultga uchrab, yurolmay ham qoldi. Birga kechgan shodmon kunlar haqqi hurmati, Roziya opa erining koʻngliga ozor beradigan biror soʻz aytgan emas.

Qaynukasiga jigarini bergan, oqibatli yanga – Muhayyo Hamdamova va uning ovsini Aziza Vafoyevalar Ismoil Umarov va Roziya Jalolovaning kelinlari sanalishadi. Qaynona-qaynotadan hayot darsini olishdi, sabr-u qanoatni oʻrganishdi. “Qush uyasida koʻrganini qiladi” deyishgani shu emasmikan?! Hayot bu oilaga dard berib koʻp bor sinadi. Ular har gal sabr, mehr-muhabbat bilan Yaratganning sinovlariga chidashdi.

— Koʻzim koʻrmasa ham, yurolmasam ham mendan baxtli inson yoʻq, — deydi Ismoil Umarov. — Taqdir meni shunday solih farzandlar, nevara, evaralar bilan siyladi. Mehr ogʻushidaman!..

Shukrga suyanib yashayotgan bu oilaning yaxshi kunlari hali oldinda!

Maxfirat ATOYEVA,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер