“Qadrli farzandlarim!”... Shavkat Mirziyoyev futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi

23:31 05 Iyun 2025 Siyosat
284 0

Qadrli farzandlarim!

Avvalo, siz, azizlarni Osiyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etgan saralash oʻyinlarida chinakam jasorat va matonat namunasini koʻrsatib, tom maʼnoda ulkan gʻalabaga erishganingiz – Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, milliy sportimiz solnomasiga oltin harflar bilan bitiladigan bunday yorqin natija yurtimizdagi millionlab futbol muxlislari, butun xalqimizning necha yillik orzusi edi, desak, toʻgʻri boʻladi. Sizlar professional bilim va malakangiz, tajriba va mahoratingiz, eng muhimi, yuksak irodangiz va gʻalabaga boʻlgan ishonchingiz bilan ana shunday orzuni real haqiqatga aylantirganingiz har qanday tahsin va tasannoga munosibdir.

Mana shu munavvar oqshomda – qutlugʻ zafar ayyomida koʻpmillatli butun Oʻzbekiston xalqi sizlar bilan haqli ravishda faxrlanmoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Saralash oʻyinlari naqadar kuchli raqobat ostida, keskin va shiddatli kurashlarda oʻtgani, terma jamoamizga nisbatan turli bosimlar boʻlganiga qaramasdan, sizlar zarur ochkolarni jamgʻarib, azmu shijoatli Yangi Oʻzbekiston yoshlari qanday yuksak marralarni egallashga qodir ekanini yana bir bor amalda isbotladingiz.

Sizlarning ana shunday gʻoyat masʼuliyatli turnirdagi munosib ishtirokingiz keyingi yillarda mamlakatimizda sportga, jumladan, uning eng ommaviy turi boʻlgan futbolga berilayotgan ulkan eʼtiborning yana bir buyuk amaliy natijasi sifatida ham biz uchun gʻoyat qadrlidir.

Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yoʻlida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSH, Meksika va Kanada davlatlarida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo qitʼasining birinchi va yagona vakili boʻlishdek yuksak sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik koʻrsatasizlar, deb ishonaman.

Mana shu shukuhli ayyomda sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlab kelayotgan mehribon va talabchan ustoz-murabbiylaringiz, milliy terma jamoamizning barcha aʼzolarini, sizlarga baxt va omad tilab, kechayu kunduz duoda boʻlib kelgan ota-onalaringiz, aka-uka, opa-singil va barcha yaqinlaringizni oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan qizgʻin tabriklab, ularga samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Sizlar muqaddas Qurbon hayiti kunlarida xalqimizga bayram sovgʻasi sifatida olib kelayotgan ushbu unutilmas tarixiy gʻalaba barchamizga muborak boʻlsin!

Zafarli odimlaringiz bardavom boʻlsin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер