“Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!”

Sharofiddin TOʻLAGANOV/“Xalq soʻzi”. Koʻpincha Navroʻz yaqinlashgani sari “bu bayramni arablar ham, moʻgʻullar ham yoʻqota olmagan”, degan fikrlarni oʻqib qolamiz. Tan olish kerakki, arablar ham, moʻgʻullar ham Sharq xalqlarining bahoriy teng kunlik bayramini taqiqlamagan. Navroʻzni taqiqlashga hatto sobiq ittifoq rahbarlari ham ochiqchasiga urinmagan.
Faqat oʻtgan asrning 80-yillarida ayrim kaltafahm kishilar tomonidan Navroʻzga diniy bayram degan tamgʻa bosilgan va uni cheklashga harakat qilingan. Odamlar esa ayrim diniy marosimlarni Navroʻzga bogʻlab talqin etgan. Deylik, sumalak Bibi Fotima onamizga nisbat berilgan holda taʼriflanishini oʻtgan asrning 90-yillarida yozilgan maqolalarda uchratish mumkin.
Navroʻzning qachon va qanday vujudga kelganini aniq aytish qiyin. Shunday boʻlsada, bu bayram dono va zukko ajdodlar tomonidan kashf qilingan, deya olamiz. Chunki ushbu ayyom koinot va tabiat qonuniyatlari, yaʼni quyoshning hamal burjiga kirishi, kecha va kunduzning tenglashishi, tabiatning uygʻonishi bilan bogʻliq tarzda ilmiy asoslanib belgilangan. Bu esa har qanday jamiyatda “yil boshi” (qachon kelishidan qatʼi nazar) Navroʻzni tabiat bayrami sifatida nishonlash uchun asos boʻlgan.
Aslida Navroʻz juda qadim davrlarda odamlar yangi dehqonchilik mavsumi boshlashdan oldin oʻtkazadigan bahor bayrami sifatida paydo boʻlgan. Zamonlar oʻtishi bilan bayram takomillashib, unga mos kun aniqlangan. U “yil boshi” sifatida belgilanib, unga Navroʻz, yaʼni “Yangi kun” deb nom berilgan.
Sugʻorma dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi Markaziy Osiyo xalqlari tabiat qonunlariga katta ahamiyat qaratgan, quyosh va oy harakatlarini kuzatgan. Shu tariqa tabiatda kechadigan oʻzgarishlarning mohiyatini anglashga uringanlar. Har yili 21-martda kun va tun teng kelishini aniqlashgan. Bu borada buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida kengroq maʼlumot berilgan.
Gap shundaki, biz bahorgi tengkunlik – Navroʻzga alohida urgʻu beramiz. Ammo nima uchundir kuzgi teng kunlik – 21-sentyabrdan 22-sentyabrga oʻtar kechasiga toʻgʻri keladigan Mehrjonga deyarli ahamiyat qaratilmaydi.
Toʻgʻri, hozir Mehrjon – hosil bayrami Navroʻzchalik nishonlanmaydi, ammo qadimda uning mavqei Navroʻzdan kam boʻlmagan. Eng qizigʻi, Yaponiyada kuzgi tengkunlik rasmiy bayram hisoblanib, 1878-yildan boshlab nishonlab kelinadi. Meksikada, hatto Armanistonda ham kuzgi tengkunlikda turli tadbirlar oʻtkaziladi.
Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Mehrjon haqida ham qiziqarli maʼlumotlar berilgan. Asarda taʼkidlanishicha, turli xalqlar orasida kuzgi tengkunlik hosil yigʻish, qishga tayyorgarlik sifatida nishonlangan.
Shuningdek, tun qisqarib, kunlar uzayadigan 22-dekabr va kun qisqara boradigan 22-iyunga ham koʻpchilik eʼtibor bermaydi. Shimoliy yarim sharda bahor faslining boshlanishi deb quyoshning bahorgi kun-tun tengligi nuqtasidan oʻtish vaqti (21-22-mart); yoz faslining boshlanishi — quyoshning yozgi turish nuqtasidan oʻtishi (21-22-iyun); kuz faslining boshlanishi — quyoshning kuzgi tengkunlik nuqtasidan oʻtishi (22-sentyabr) va qishning boshlanishi — quyoshning qishki turish nuqtasidan oʻtishi (21-22-dekabr) kunlari qabul qilingan.
Bularning hammasi tabiat qonunlari boʻlib, biror-bir dinga aloqasi yoʻq. Internet sahifalarida, ayrim olimlarning asarlarida Navroʻz va Mehrjon zardushtiylarning bayrami sifatida talqin qilinadi. Bu ham haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Shuningdek, Navroʻz Xurosonda paydo boʻlgan, degan fikrlar ham nooʻrin. Navroʻz (Yangi kun) soʻzining forscha ekani bois bu bayram bir xalqqa tegishli deyish notoʻgʻridir. Chunki Navroʻz sugʻorma dehqonchilik bilan bevosita bogʻliq bayram. Qadimdan kelayotgan odatga koʻra ushbu ayyom nishonlanishiga qadar xalqimiz oʻz uylarini, hovlilarini tozalashgan.
Navroʻz insoniyatning eng qadimiy bayramlaridan biri boʻlib bir necha ming yillardan beri oʻzbekning oʻzligini namoyon etib kelayotgan qadriyatdir. Maʼlumki, Navroʻz Sharq xalqlarida insoniylik, mehr-muruvvat, mehnatsevarlik, sabr-toqat kabi qadriyatlarni namoyon etgan holda nishonlanadi.
Bolalik davrlarimizda qishlogʻimizda Navroʻz nishonlanar ekan, kechasi bilan ayollar sumalak pishirib, ertalab dasturxonga tortishardi. Sumalak pishirish ham bayramga aylanardi. Hamma topganini oʻrtaga tashlardi, tongga qadar kuy-qoʻshiq ijro etilib, oʻyin-kulgi boʻlardi. Yosh kelinlar xizmatga shay turardi. “Kelin salom”lar aynan Navroʻz kunlari oʻtkazilardi.
Maʼlumki, Ramazon va Qurbon hayitlarida qizlar kelin koʻrishga boradi. Bu odat islom dinida yoʻq. Qishlogʻimizdagi urf-odatlarni va tarixni oʻrganib shunday xulosaga keldimki, qadimda qizlarning “kelin koʻrar”i aynan Navroʻz va Mehrjon kunlariga toʻgʻri kelgan.
2009-yil 30-sentyabr kuni YUNESKO Navroʻzni insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritgan edi. Qaror tashkilotning nomoddiy merosni saqlash hukumatlararo qoʻmitasining 24 nafar aʼzosi tomonidan tasdiqlandi. 2010-yil 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasi 21-martni “Xalqaro Navroʻz kuni” sifatida nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni bir ovozdan qabul qildi. Bu haqdagi rezolyutsiyada mazkur bayram madaniyatlararo muloqot va oʻzaro tushunishni ragʻbatlantirishi taʼkidlanadi.
Shu tariqa Navroʻz biror-bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismi sifatida nishonlanmoqda.
Endilikda sayyoramizda istiqomat qiluvchi har bir inson xalqaro bayramning toʻlaqonli ishtirokchisiga aylanadi. Navroʻz yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik, hamkorlik, madaniyatlararo muloqotlarni ragʻbatlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Oʻzbekiston Oliy Majlisining Arab parlamenti bilan hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring