Prezident bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun qator yangiliklarni eʼlon qildi

13:21 10 Dekabr 2025 Siyosat
84 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari bilan boʻlib oʻtayotgan muloqotida ishning koʻzini biladigan dehqonlar intensiv bogʻ yaratib, gektaridan 50 ming dollargacha hosil olayotgani, bunday bogʻlarni keskin koʻpaytirish va yerga munosabatni tubdan oʻzgartirish muhim ekani taʼkidlandi.

Bugun respublikada 90 ming gektar eskirgan va kam hosilli bogʻ-tokzorlar bor. Eski bogʻlardan olinayotgan hosil gektariga 10 tonnaga ham yetmaydi. Shu bois, yangi bogʻ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash boʻyicha uch yillik dastur qabul qilinadi.

Prezidentimiz bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun qator yangiliklarni eʼlon qildi.

Endilikda Agrosanoatni rivojlantirish jamgʻarmasidan intensiv bogʻ tashkil qilish uchun 7-yilga 3-yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi. Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan muzlatkichli ombor uchun kredit foizining asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplanadi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sabzavot eksportchilari va bogʻbonlarga qadoqlash xarajatining 50 foizini kompensatsiya qiladi.

Bundan tashqari, sertifikatlangan koʻchat sotib olish xarajatining 50 foizi byudjetdan toʻlanadi. Meva turiga qarab shpalerlar uchun fermerlarga 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Paxta va gʻallada boʻlgani kabi meva-sabzavot yoʻnalishidagi fermerlar uchun ham arzonlashgan narxda oʻgʻit va yoqilgʻi xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Meva-sabzavotni koʻpaytirish uchun yaylov, qir va adirlardan samarali foydalanish juda muhimligi taʼkidlandi. Shu maqsadda sanoatlashgan bogʻ, tokzor tashkil qilish, sabzavot, ozuqa ekini yetishtirish uchun adir yerlar qiymatining 1 foizi miqdoridagi narx bilan auksionda sotiladi.

Auksion gʻoliblari yerni boshqa odamga qayta ijaraga berishi mumkin boʻladi va ijara huquqi bepul roʻyxatdan oʻtkaziladi. Bu imkoniyatlar hisobiga ishbilarmon fermerlarimiz kelgusi yil 100 ming gektar adir yerlarni foydalanishga kiritishiga ishonch bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?