Prezident Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni ilgari surdi

14:41 07 Aprel 2023 Siyosat
1254 0

Foto: president.uz

Birinchidan, Ilgʻor innovatsiyalar hududida biofarmatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika, tibbiyot, taʼlim sohalarining 20 ta yoʻnalishidagi loyihalariga alohida imtiyozlar rejimi joriy qilinadi:

— yer, mol-mulk, foyda va aylanma uchun soliqlar hamda bojxona bojlaridan 3 yilgacha ozod qilinadi;

— yer uchastkalari soddalashgan tartibda ajratiladi, yer va binolarni sotib olishda 5 yilgacha boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi;

— foiz toʻlovlarini qoplab berish stavkasi 2 baravar oshiriladi.

Shuningdek, Sirdaryoda 500 million dollarlik investitsiya hisobiga Oʻzbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi. Bu klasterda Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan birga Gulistonda xalqaro taʼlim va tadqiqot universiteti, Innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil qilinadi.

Shuningdek, klaster tomonidan zamonaviy diagnostika qurilmalari, innovatsion vaksinalar, probiotiklar va onkologik kasalliklar uchun dori vositalari ishlab chiqariladi. 10 ming talaba uchun oʻquv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi tashkil etiladi.

Ikkinchi tashabbus — viloyatning 11 ta tuman va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashadi, har birida innovatsion texnoparklar tashkil qilinadi. Ularda:

— elektrotexnika, biofarmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi;

— erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi;

— ishlab chiqarish binolari namunaviy loyihalar asosida qurilib, tadbirkorlarga “sanoat ipotekasi” orqali tayyor holda beriladi;

— joriy yilda texnopark infratuzilmasiga 200 milliard soʻm ajratiladi.

Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Sirdaryoda Oʻzbekiston-Xitoy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etiladi. Bu jamgʻarma Xitoyning nufuzli Ipak yoʻli fondi va boshqa moliyaviy tashkilotlari bilan birga tashkil qilinadi. Jamgʻarmaga 1 milliard dollar sarmoya olib kelinadi.

Uchinchi tashabbus doirasida Sirdaryoda eng ilgʻor agrotexnologiyalar joriy qilinadi.

Xususan, viloyat hokimiga qishloq xoʻjaligida ilm va innovatsiya joriy qilish boʻyicha Xitoydan 2 nafar maslahatchi olib kelinadi. Sirdaryoda irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga xitoylik investorlar jalb qilinadi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida qoramol va parrandachilik ekokomplekslari tashkil qilinadi, shoʻr va suvsizlikka chidamli makkajoʻxori, sorgo, beda kabi ozuqaga boy ekin navlari ekiladi, intensiv anor, qovun, pekan yongʻogʻi va baliqchilik plantatsiyalari tashkil qilinadi, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi.

Shoʻr va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish boʻyicha Xitoyning bu yoʻnalishdagi yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Ularning filiallari tashkil qilinib, qishloq va suv xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlanishi hamda yer oʻzlashtirish, choʻllanish, irrigatsiya va ekologiya yoʻnalishida ilmiy-tadqiqotlar olib borilishi maʼlum qilindi.

Toʻrtinchi tashabbus — Sirdaryo mamlakatimizni Qozogʻiston, Tojikiston, Xitoy va Afgʻoniston bilan bogʻlaydigan yirik logistika xabiga aylantiriladi.

Buning uchun xitoylik investorlar bilan hamkorlikda respublikaning sharqiy va markaziy qismlarini hamda chet el yoʻnalishlariga bogʻlaydigan yangi transport marshrutlari va multimodal logistika markazi quriladi.

Bulardan tashqari, yoʻllarni qurish, taʼmirlash va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish ham Sirdaryodan boshlanishi qayd etildi.

Maʼlumki, davlat tibbiy sugʻurtasi, tibbiyotni raqamlashtirish kabi islohotlar Sirdaryo viloyatidan boshlangan edi. Yurtimizdagi ilk tibbiyot klasteri ham shu yerda barpo etilayapti. Qoʻshni Qozogʻiston va Tojikistondan har oyda 1,5 ming bemor davolanish uchun Guliston shahriga kelmoqda.

Shu bois, beshinchi tashabbus doirasida Guliston shahri mamlakatimizning “Innovatsion meditsina xabi”ga aylantiriladi.

Davlatimiz rahbari barcha tashabbuslar boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер