Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigini yoʻlladi
Muhtaram vatandoshlar!
Yer yuzidagi jamiki islom ummati qatori mehr-muruvvat, ezgulik va saxovat ramzi – muborak Qurbon hayitini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, barcha yurtimiz musulmonlarini, butun xalqimizni ushbu ulugʻ ayyom bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.
Dillarimiz quvonchga toʻlgan mana shunday qutlugʻ damlarda avvalo el-yurtimiz bilan birga Qurbon hayitiga tinch-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Ayni paytda bu muqaddas bayram mohiyatida mujassam boʻlgan tinchlik, doʻstlik va hamkorlik, insonparvarlik gʻoyalari bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirayotgan islohotlarimiz, ulkan maqsad va vazifalarimizga uygʻun va hamohang ekanini his etib, koʻngillarimiz yanada shukuhga toʻlmoqda.
Yurtimizdagi har bir mahalla, shahar va qishloqdagi tinchlik va obodlik, jamiyatimizdagi oʻzaro hurmat, hamjihatlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashda Qurbon hayiti singari azaliy bayram va qadriyatlarimizning oʻrni va taʼsiri tobora ortib bormoqda.
Fursatdan foydalanib, oʻzining fidokorona va olijanob mehnati bilan hayotimizni yanada erkin va farovon qilish, inson qadrini ulugʻlashdek ezgu ishlarga munosib hissa qoʻshayotgan barcha aziz yurtdoshlarimizga chin dildan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Qadrli doʻstlar!
Keyingi yillarda yurtimizda milliy va diniy qadriyatlarimizni rivojlantirish, vijdon va eʼtiqod erkinligini taʼminlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotgani barchangizga yaxshi maʼlum, albatta.
Xususan, moʻmin-musulmonlarimiz uchun yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar tufayli mana shu Qurbon hayiti kunlarida 15 ming nafar vatandoshimiz Makkai mukarramada muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda.
Ularning barchasini bugungi ulugʻ ayyom bilan qutlab, Vatanimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi, oilalarimiz, farzandlarimizning baxtu iqbolini tilab qilayotgan duolari ijobat boʻlishini Alloh taolodan soʻrab qolamiz.
Hech shubhasiz, koʻp millatli va koʻp konfessiyali xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish, goʻzal yurtimizni yagona Vatan deb biladigan barcha millat va elat vakillarining urf-odat va anʼanalarini saqlash hamda rivojlantirishga biz bundan buyon ham alohida ahamiyat qaratamiz.
Ishonchim komil, barchamiz birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Yangi Oʻzbekistonni, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaromiz tinch-osoyishta, erkin va farovon yashaydigan, tom maʼnodagi doʻstlik va bagʻrikenglik diyoriga aylantiramiz.
Mana shu munavvar lahzalarda dunyoning uzoq-yaqin hududlaridagi barcha moʻmin-musulmonlarga samimiy tabriklarimizni yoʻllab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va taraqqiyot tilaymiz.
Hurmatli vatandoshlar!
Keyingi yillarda shakllangan yaxshi anʼanamizga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan bu yil ham bir necha kundan iborat dam olish kunlari belgilandi.
Bu xonadonlarimizga, hayotimizga Iyd al-adhoning ezgulik nuri, chinakam bayram kayfiyatini olib kirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.
Muqaddas maskanlar, ulugʻ ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilish, moʻtabar ota-onalarimiz, qarindosh-urugʻlarimiz, yoru birodarlarimizni yoʻqlash, koʻmak va yordamga muhtojlar holidan xabar olish, yurtimiz boʻylab sayohatlarni amalga oshirish uchun bu – yana bir qulay imkoniyat, desak, toʻgʻri boʻladi.
Siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni Qurbon hayiti bilan yana bir bor muborakbod etib, bayramni oila, doʻstlar va yaqinlar bilan birga fayzli va mazmunli oʻtkazishingizni tilayman.
Ilohim, barcha pok niyatlarimiz amalga oshsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz doimo omon boʻlsin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning oʻzi qoʻllab-quvvatlasin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring