Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tabiatni muhofaza qilish, atmosfera havosini yaxshilash, yashil hududlarni koʻpaytirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin amaldagi tizimdagi tarqoqlik, masʼuliyat va vakolatlarning turli idoralar oʻrtasida boʻlinib ketgani natijasida ishlar samarasi ham doimo kutilgan darajada boʻlmayapti.
Shu munosabat bilan yigʻilishda sohada boshqaruvni takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Atrof-muhit sifatini, shaharlarda atmosfera havosini yaxshilash, yashil hududlarni rivojlantirish, tabiatga masʼuliyatli munosabatni shakllantirish va tabiiy merosni muhofaza qilish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirishni markazlashgan holda olib borish taklif etildi.
Ekologik nazoratni alohida yondashuvlar asosida yoʻlga qoʻyish va masʼul idoralarning vakolatlarini kengaytirish rejalari haqida maʼlumot berildi. Bunda, sohadagi qoidabuzarliklarga qarshi tezkor chora koʻrish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi, havoning ifloslanishini oldini olish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish mexanizmlari, shuningdek, sanoatda ekologik tartibga solishni takomillashtirish va aholi punktlarida yashil hududlarning saqlanishini taʼminlash choralari koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz bildirilgan takliflarni maʼqullab, ularni boshqaruvda sifat va samaradorlikni yangi bosqichga olib chiqish, nazorat va masʼuliyatni kuchaytirish nuqtayi nazaridan yanada takomillashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring