Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlanadi

17:42 21 Oktyabr 2024 Siyosat
214 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida "Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlanadi.

Kun tartibidagi asosiy masalalarga oʻtishdan avval davlatimiz rahbari yigʻilganlarni, butun xalqimizni bugungi ulugʻ bayram – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil toʻlgan sana bilan samimiy tabrikladi.

Ona tilimiz – bizni asrlar davomida yagona xalq sifatida birlashtirib, tarixiy xotiramiz, milliy qadriyatlarimizni avloddan avlodga bezavol yetkazib kelayotgan bebaho boyligimiz ekani taʼkidlandi.

“Bundan keyin ham ona tilimizni qadrlash, rivojlantirish borasidagi ishlarimizni qatʼiy davom ettiramiz”, dedi Prezident.

Bugun “Yashil makon” umummilliy loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda ona tilimiz rivojiga alohida urgʻu berilayotgan bejizmasligi, ona tabiatimiz, hovlimiz, mahallamiz, shahar va qishloqlarimizdagi gullar, daraxtlar, yashil maysalar singari ona tilimiz ham har kuni, har daqiqada gʻamxoʻrlikni talab etishi taʼkidlandi.

Yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy dasturi ijrosi va kuzgi mavsumda ishlarni jadal tashkil qilish masalalari koʻrib chiqilmoqda.

Bugun Prezident Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti bilan tanishdi. Unda ekologiya, barqaror boshqaruv, atrof-muhit iqtisodiyoti, ekologiya huquqi, ekologik innovatsiya va raqamlashtirish yoʻnalishlarida 500 nafar bakalavr va magistr tayyorlanadi.

Bu bilan ekologiya tizimiga ham zamonaviy kadrlar tayyorlaydigan mustahkam zamin yaratildi.

Viloyat hokimlariga har bir viloyatda 1 tadan ushbu universitet texnikumini tashkil qilish topshirildi. Texnikum atrofida ilmiy-amaliy mashgʻulotlarni olib borish uchun dendrologiya bogʻi ham tashkil qilinadi.

Yangi oʻquv yilidan universitetda dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish, urugʻchilik, koʻchatchilik, iqlim oʻzgarishi boʻyicha qisqa kurslar tashkil qilib, har yili 1 ming nafar xodimning malakasini oshirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?