Prezident “Parkentsoy” turar joy massivining qurilishi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlarning iqtisodiy rivoji va yangi loyihalar bilan tanishish maqsadida 18-iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif buyurdi. Dastlabki manzil “Parkentsoy” turar joy massivi boʻldi.
Hududlarni “oʻsish nuqtalari”ga tayanib rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish – davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi. Bunday oʻzgarishlar Parkent tumanida ham namoyon.
Tuman markazidan oqib oʻtuvchi Parkentsoy qirgʻogʻida qurilayotgan ushbu massivni ekoshahar deyish mumkin. Uning umumiy maydoni olti gektar boʻlib, jami 5 ming 200 xonadonli 125 ta koʻp qavatli turar joy quriladi. Ular barcha zamonaviy kommunal tarmoqlar, energiya tejamkor texnologiyalar bilan taʼminlanadi. Jumladan, uylar tepasiga geokollektorlar oʻrnatilib, suv isitishda foydalaniladi.
Aholi nisbatan zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uylarning shinamligi, tannarxi xalqimizga mos. Bu ayrim mahallalarda bir hovlida qisilishib yashayotgan oilalar uchun ayni muddao boʻladi.
Davlatimiz rahbari mazkur yangi xonadonlardagi sharoitlarni kirib koʻrdi.
Bu yerda, shuningdek, ikkita maktab, sakkizta bogʻcha, bolalar maydonchalari, 10 gektarlik park, sunʼiy koʻl, sayilgoh va veloyoʻlaklar barpo qilinadi. 17 kilometr ichki yoʻllar taʼmirlanadi.
Massiv nafaqat obod turmush uchun, balki tadbirkorlik uchun ham sharoit yaratadi. Bu yerda 58 ta noturar bino qad rostlaydi. Ularda savdo va xizmat korxonalari joylashib, 700 dan ortiq ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda tumanni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Bu boradagi muhim loyiha – “Baytqoʻrgʻon – Parkent” elektrlashtirilgan temir yoʻli. Hozirda uning qurilishi jadal ketmoqda. Qariyb 24 kilometrlik bu yoʻl foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtimizga borish uchun katta qulaylik yaratiladi, tumanning xushmanzara goʻshalariga sayohatga kelish osonlashadi. Unda kuniga 275 ming nafargacha yoʻlovchi tashilishi hisob-kitob qilingan. Umuman, buning natijasida qatnov va tadbirkorlik faollashib, Parkent iqtisodiyotining surʼati jadal oshadi.
Parkentsoyni tartibga keltirish, qirgʻoqlarini mustahkamlash boʻyicha ham ish olib borilmoqda. Birinchi bosqichda soyning 4 kilometr qismi toʻliq betonlashtirildi. Bu yangi bunyodkorliklarga yoʻl ochdi. Xususan, soy boʻylab qariyb besh kilometrlik yangi yoʻl qurildi. U hozir tuman markazidan oʻtgan asosiy koʻchaga yondosh boʻlib, bir kecha-kunduzda 10 ming avtomobilni oʻtkazish quvvatiga ega. Bu transportlar yuklamasining bir qismini oʻziga olib, markazda tirbandlikni kamaytiradi. Shuningdek, piyodalar yoʻlakchasi, yoʻl oʻtkazgich va koʻprik barpo etilgan.
Endi, ikkinchi bosqichda Kumushkongacha boʻlgan oʻzanlar tartibga keltirilib, ochiladigan 100 gektar yerda turizm obyektlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz shu yerda parkentlik faollar bilan suhbatlashdi.
– Bizning eng katta boyligimiz yurtimiz tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi. Tinchlik barqaror boʻlsa, mana shunday bunyodkorlik boʻladi, rejalar amalga oshadi. Davlat tashkilotlarini safarbar qilib, imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, hamma hududlarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz. Parkentga ham istiqlol shabadasi, islohotlar natijasi yetib kelganini koʻrib, xursand boʻldim. Xalqimiz mana shunday farovon sharoitda yashashga munosib, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nuroniylar tuman rivoji uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, aholi hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlar, mehnatidan baxt topayotgan insonlar haqida soʻzladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring