Prezident Oʻzbekistondagi falastinliklarga gʻamxoʻrlik boʻyicha farmon imzoladi

10:33 15 Avgust 2025 Siyosat
185 0

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

Kecha, 14-avgust kuni “Oʻzbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat gʻamxoʻrligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida koʻmak berish tizimini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan falastinlik bemorlar va ularga hamrohlik qiluvchilarni Oʻzbekistonda yashashga moslashtirish jarayoniga koʻmaklashish boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Farmonga koʻra, nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan Oʻzbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga (mehmonlarga) qonunchilikda belgilangan davolanish muddatidan qatʼi nazar nogironlik belgilanadi.

Ularga zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanadi. Shuningdek, har bir mehnat yoshidagi mehmon uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi.

Mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili boʻyicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi.

Bundan tashqari ularning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplami) xaridi uchun bir martalik koʻtarma pul toʻlab beriladi.

Mehmonlarning oila aʼzolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual koʻmak berish maqsadida 1 tadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi.

Mehmonlar yashash manzillari boʻyicha ularning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga joylashtiriladi. Mehmonlar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovidan 2028-yil 1-yanvarigacha ozod etiladi.

Ularning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga navbatga qoʻyilmagan holda, “Inson” markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi.

Mehmonlarning yashash manzillari boʻyicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер