Prezident namanganlik tadbirkorlar bilan muloqot qildi

17:13 03 Fevral 2023 Siyosat
877 0

Foto: president.uz

Namangan shahrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalari muhokamasi yuzasidan ochiq muloqot oʻtkazildi.

Soʻnggi besh yilda Namangan viloyatida korxonalar soni 15 mingtaga koʻpayib, 32 mingtadan oshdi. Shu davrda xususiy biznes ishlab chiqargan mahsulotlar hajmi 1,6 baravar oʻsib, 8,3 trillion soʻmga yetdi. Bu – respublika boʻyicha eng yuqori surʼatlar.

– Tasavvur qiling, olti yil avval dotatsiyada boʻlgan viloyat bugungi kunda mustahkam daromadga ega boʻldi, zamonaviy sanoat va kuchli tadbirkorlar shakllandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Oddiy qilib aytganda, Namangan hech mubolagʻasiz tadbirkorlar yurti, kichik va oʻrta biznes markaziga aylandi.

Yigʻilishda, avvalo, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalasiga eʼtibor qaratildi.

Tahlillarga koʻra, bu yil qishdagi sovuq oqibatida yurtimizdagi 3 mingta hududiy sanoat korxonasida ishlab chiqarish pasaygan. Yana koʻplab tadbirkorlarning soliq qarzdorligi oshgan.

Shu bois, Prezidentimiz iqtisodiyotda yoʻqotishlar oʻrnini qoplash va biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun alohida qaror imzolaganini aytdi. Unga koʻra, sovuqdan qiyinchilik koʻrgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa toʻlovlar boʻyicha yengilliklar beriladi.

Jumladan, 2 ming nafar kichik va oʻrta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion soʻm kredit toʻlovlari 1-iyunga qadar uzaytiriladi. 29 mingta tadbirkorga 2 trillion soʻm soliq qarzini 1-iyulga qadar foizsiz, qoʻshimcha garovsiz va penyasiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi. Quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablagʻ uchun 8 trillion soʻm kredit ajratiladi. Davlat mulki xaridi va ijarasi boʻyicha toʻlovlar boʻyicha ham yengilliklar beriladi. Ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk soligʻidan 10 foizdan chegirma joriy etiladi.

Bu imkoniyatlar tadbirkorlar tomonidan xursandchilik bilan qabul qilindi.

– Namangan iqtisodiyotini rivojlantirish hisobiga, bu yil 500 mingga yaqin aholi bandligini taʼminlash boʻyicha katta marralarni olganmiz. Bu rejalarni faqat va faqat tadbirkorlarga tayanib, ularni qoʻllab-quvvatlab erishish mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.

Buning uchun viloyatda oilaviy tadbirkorlik uchun bu yil 950 milliard soʻm yoki 2 baravar koʻp imtiyozli kreditlar ajratiladi. Maxsus toʻqimachilik zonasi tashkil etiladi hamda 15 ta sanoat zonasi infratuzilmasiga 75 milliard soʻm ajratiladi. Shuningdek, har bir tumanda kamida 2 tadan mikromarkaz oʻz faoliyatini boshlaydi.

Energetika vazirligiga tadbirkorlarning energiya taʼminotini kunlik nazoratga olib, izchil yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.

Aholiga dehqonchilik uchun tarqatiladigan 9,5 ming gektar yerda bozorbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish zarurligi aytildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yoshlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Muloqotda Prezident tadbirkorlarning yangi taklif va tashabbuslarini eshitdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер