Prezident eʼtibori, 3,2 mln oylik, arzon kiyimlar — tadbirkorlikdan siyosatga oʻtgan, konteynerga koʻchishni istamaydigan hokim bilan suhbat

11:19 23 May 2021 Jamiyat
4185 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-noyabrdagi qarori bilan Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumani tashkil etilgan edi. Uning hududi 4 419,6 gektar, aholisi 147 798 nafar.

Xoʻsh, bugun ushbu hududda qanday oʻzgarishlar koʻzga tashlanayotir? Bu jarayonda aholini qanday muammolar qiynamoqda? Tuman rahbarlari ularning yechimida qanday yoʻl tutmoqda?

“Xalq soʻzi” muxbiri Toshkent shahridagi hududiy jihatdan eng katta, asos solinganiga endigina bir yil boʻlgan Yangihayot tumani hokimi Hayot INOGʻOMOV bilan ana shular haqida suhbatlashdi.

— Roppa-rosa bir yil muqaddam davlat rahbari sizning nomzodingizni Yangihayot tumani hokimi lavozimiga tavsiya qilgan edi. Nima deb oʻylaysiz, nega aynan sizga toʻxtalindi?

— Buning aniq sababini oʻzim ham bilmayman. Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi vazifasida ishlab kelayotgan edim.

2020-yil 28-may kuni Oʻrtasaroyda karantin zonasini qurib bitkazib, uyga kechasi soat ikkilarda qaytgandik. Bunaqa gapdan xabarim yoʻq edi. Ertasi kuni dam olib, peshindan soʻng ishga kelaman, deb reja qilgandim. Chunki qariyb ikki oy uyga kelmagan, oilamni koʻrmagan edim. Xullas, ertalabdan ishga chaqirildim va bu yangilikdan xabar topdim.

— Tuman hokimi lavozimida ish boshlaganingizga ham bir yilcha boʻldi. Albatta, bu, kam boʻlmagan muddat. Ana shu vaqt ichida jamoangiz bilan nimalarni amalga oshirishga ulgurdingiz?

— Avvalo, ishni tuman fuqarolari bilan muloqot oʻrnatishdan boshladik. Shunday tizimni yoʻlga qoʻydikki, ular oʻz muammolari bilan shaxsan oʻzim yoki yordamchilarimga murojaat qiladigan boʻldi. Imkon darajasida muammolarni hal etishga harakat qilyapmiz.

Masalan, ayrim masalalarni ikki soatda ham hal etish mumkindir. Boshqa holatlarda esa muammo yechimi maʼlum vaqt talab etadi, bunday vaziyatlarda ularning ijrosi boʻyicha muddat belgilab olamiz. Aytaylik, 2-3 yoki 4 oy. Va oʻsha ish shu muddatda, albatta, hal etiladi. Bundan tashqari, ichki yoʻllarimizga asfalt yotqizildi. Koʻp qavatli uylar orasida 10 kilometrdan ziyod beton yoʻlaklar barpo etildi. 5 ming kvadrat metrdan ziyod koʻp qavatli uylarning tomini yopdik. Bu ishlar zoʻrma-zoʻraki qilinmadi, sifatli qurilish materiallaridan foydalanildi, 4 ta lift almashtirilyapti. Dasturda yana 41 tasi bor. Albatta, bundan koʻzlangan maqsad — hududimiz aholisiga qulaylik yaratish, ularni rozi qilish.

— Baʼzi rahbarlarda bahona deymizmi yoki qusur — bir jihat bor: muammolar haqida gap borsa, oʻzidan avvalgi rahbarlarni ayblaydi. Sizda bunga imkon yoʻq, sababi tumanning birinchi hokimisiz...

— Bu fikringizga unchalik qoʻshilolmayman. Sababi, tumanimiz yoʻqdan bor boʻlgani yoki hududlari chet davlatdan qoʻshilib qolgani yoʻq. Oʻzimizning mamlakatimiz hududi, oʻzimizning fuqarolarimiz yashagan. Mendan avvalgi hokimlar qoʻlidan kelganini qilgandir. Balki mablagʻi boʻlmagandir, balki xohishi yoki boshqa sabablar...

— Shuncha vaqt ichida tumanni oʻrgandingiz, vaziyat bilan yaqindan tanishdingiz. hududda, birinchi navbatda, hal qilinishi kerak boʻlgan qanday muammolar belgilab olindi?

— Eng katta masala — tumanimizda maktabgacha taʼlim bilan qamrovning pastligi. hozir bizning hududda 10 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti yetishmaydi. Ikkinchisi, sogʻliqni saqlash tizimida — tumanimizda alohida davlat shifoxonasi yoʻq. Navbatdagisi — yoʻllar va piyodalar oʻtish yoʻlaklari. Yoʻllardan oʻtishda onalar, bolalar qiynaladi. Asfalt qilishga pul topilsa, birinchi navbatda, piyodalar yoʻlaklarini taʼmirlashdan boshlaymiz. Tumanimizdagi 285-maktabning piyodalar oʻtish yoʻlagini tartibga keltirdik. Yoʻllarda harakatlanish yosh bolalar uchun xavfsiz boʻlishi juda muhim. Yana bir masala, 100 ming aholi uchun kattaroq masjidimiz yoʻq.

— Fuqarolar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzimga yoki yordamchilarimga murojaat qilishi mumkin dedingiz. Murojaatlar asosida hal qilingan soʻnggi uchta muammoni sanab bersangiz...

— Misol uchun, “Facebook“da «Yangihayot” degan guruh bor. Shu guruhda murojaat boʻldi. Unda Toshkent mahallasi hududida odamlar duch kelgan joyga chiqindi tashlashi aytilgan. Murojaatni tezda nazoratga oldik va oʻsha manzildagi muammo bartaraf etildi.

Tumandagi ikkita maktab binosi oldida mashinalarning harakatini tartibga solish soʻraldi. Ertasi kuniyoq bu masala yechimini topdi. Shu bahona tumanimizdagi yana oltita maktab oldida harakatni tartibga olish choralari koʻrildi.

Yana bir murojaatda bolalarga futbol maydonchasi qurib berish soʻralgan edi. Bu masala ham ijobiy yechim topdi.

— Tumandagi ikki qavatli yogʻoch uylar buzilishi haqida gap-soʻzlar yuribdi. Bu ham ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamaga sabab boʻldi. Bu jarayonning aholiga ortiqcha tashvishlar keltirmasdan, eng muhimi, amaldagi qonunchilik talablari doirasida hal etilishi uchun qanday choralar koʻrilmoqda?

— Bu loyiha ustida qariyb besh oy ishladik. Aholiga qanchadan pul berilishi kerak, tadbirkorlar uylarga qancha narx belgilaydi, xullas, barchasi hisob-kitob qilindi. Uylar quriladigan joylar 1-2 oy ichida aniq boʻladi. Shundan soʻng ularni qurishni boshlaymiz. hamma sharoitlar yaratilgach, yogʻoch uylar aholisi yangi uylarga koʻchib oʻtadi. Shundan keyingina eski uylarni buzishga kirishiladi. Kuzatganmiz, eshitganmiz, baʼzan ana shunday vaziyatlarda aholiga 3 — 5 oy ijarada yashab turish taklif etiladi. Biz unday qilmaymiz, aholimiz ortiqcha sarson boʻlmaydi.

— Aholi bu rejalarga qanday fikr bildirmoqda?

— Koʻpchilik bilan muloqot qilganimizda koʻchish istagini bildiryapti. Chunki uylar ahvoli yaxshi emas. Lekin ish boshida koʻchamiz, yangi uy qurilsin, deydigan ayrim fuqarolar fikrlaridan qaytib qolishi ham mumkin. Biz bunday ehtimoliy holatlarni hisobga olib, aholi bilan boshidanoq samarali muloqot oʻrnatish, ularni norozi qilmaslik harakatidamiz. Xususan, yangi qurilgan uylar eski uyning kvadrat metriga toʻgʻrilab beriladi. Bu ham muhim jihat.

Oʻrganishlarimizda buzilishi kutilayotgan uylar holati eskiligi, kanalizatsiya tizimi yaxshimasligi maʼlum boʻldi. qolaversa, ularda gaz yoʻq, ayrimlari choʻka boshlagan.

— Yaqinda davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida bundan keyin hokimlarning ishiga baho yoshlar masalasidagi tashabbuslariga qarab berilishini maʼlum qildi. Sizning hududingizda yoshlar muammolariga qanday yechim topilmoqda?

— Xatlov qilganimizda tumanda 1 ming 337 nafar ishsiz yosh borligi aniqlandi. Uch-toʻrt kun boshqa ishni chetga surib ana shu yoshlarning har biri bilan gaplashib chiqdik. hozir ularni ishga joylashtiryapmiz. Deyarli 60 — 70 foizi ishga joylashdi. Afsuski, hisobotda tugʻruq taʼtilidagi ayollar, hujjatlashtirilmagan holda bozorlarda, savdo nuqtalarida ishlayotgan yoshlar ham bor. Ular rasman ishga joylashtirish taklifini rad qilishdi. haqiqiy ishga muhtoj yoshlarni joylashtirishda muammo yoʻq. Tumanimizda 2 mingta ish oʻrni bor.

— Bilishimizcha, hududda bozor muammosi ham bor. Kelgusida tumanning oʻz bozori quriladimi?

— Toʻgʻri aytasiz, tumanimizda bozor yoʻq. Katta bozor emas, kichikroq dehqon bozorini qurish rejamiz bor. Bizda, bundan tashqari, minimarketlar soni ham kam. Shuningdek, tumanda dorixonalar, novvoyxonalar yetishmovchiligi mavjud. Afsuski, borlarining orasida ham noqonuniy qurilganlari koʻp. Aholiga noqulaylik tugʻdirmaslik uchun ularni hozircha buzmay turibmiz. Mazkur hududlar aholisi uchun yangi, qulay, qonuniysi qurilgandan soʻnggina noqonuniylarini buzishni rejalashtirganmiz.

— Adashmasam, hozir hokimlik muvaqqat binoda faoliyat olib boryapti...

— Ha, shunday, vaqtinchalik qurilgan binoda ishlayapmiz. Yangi bino uch yil ichida quriladi, u avval investitsiya dasturiga kiritiladi, mablagʻ topiladi, keyin bunyod etiladi.

Hozir biz ishlayotgan bino bir oz noqulay, xodimlarimiz sigʻmaydi, ayrim boʻlimlarimiz boshqa joylarda faoliyat olib bormoqda. Bu aholi uchun ham noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Bu vaqtinchalik holat va faoliyatimizni sifatli olib borishga xalaqit bermaydi.

— Bizda hokimlar, rahbarlar, mansabdorlar haqida gap ketganda odamlarning koʻz oldiga hashamat, dabdaba, qimmatbaho mashinalarda yuradigan shaxs keladi. Afsuski, pandemiya vaqtida mamlakat oldida iqtisodiy qiyinchiliklar, muammolar turgan bir vaqtda ayrim hokimlar oʻzini qimmatbaho mashinalar sotib olishdan-da tiya olmadi. Bu jamoatchilikning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻldi. Bu holatga qanday munosabatdasiz?

— “Kaptiva” kabi mashinalarning chekka viloyatlarda yurish uchun olinishi haqida bir narsa deyishim qiyin. Balki bu avtomashina ular uchun qulaydir. oʻsha hudud togʻli joydir va bunday mashinalar u yerning geografiyasiga mosdir. Agar bunaqa boʻlmasa, bunday mashinalarga ortiqcha pul sarflash kerak emas.

Oʻzimga kelsak, davlat bergan, toʻrt yil muqaddam olingan “Malibu” xizmat mashinasida yuraman. Uni oʻzgartirish, boshqasini olish fikri yoʻq. Menga undan ortigʻi ortiq. Har bir narsaning cheki-chegarasi boʻladi.

— Hozirgi kunda hokimlar faoliyatida ham oʻzgacha holatlar kuzatilyapti. Kimdir vagonga koʻchgan, kimdir gʻisht tergan, voleybol oʻynagani qaysi-yu, sovgʻa ulashgani uchraydi... Bunga qanday qaraysiz?

— Konteynerga koʻchmayman. Menda ham yarim kechagacha qolib ishlaydigan kunlar boʻladi. Lekin kechasi soat ikkidan keyin boʻlsa ham oilam yoniga boraman. Oʻrtasaroydagi karantin zonasini qurish vaqtida ikki oy uyga bormaganman, hatto, tugʻilgan kunimda ham. Davlat rahbari topshirigʻiga koʻra, ishni zudlik bilan bitirish zarur edi. Ishni yakunlamagunimizcha uyga kelmaganmiz.

— Sizda hokim sifatida qanday imtiyozlar bor? Tuman hokimlarining oylik maoshi qancha?

— Menda hech qanaqa imtiyoz yoʻq. Yilda bir marta beriladigan bir hafta yo oʻn kunlik bepul davolanish imkoniyatimiz bor. Uch million 200 ming soʻm maosh olaman. Yaxshi ishlasak mukofotlar olamiz. Oyligimizga yuz foiz qoʻshimchamiz ham bor.

— Yuqorida 3,2 mln soʻm oylik olaman deb aytdingiz.Siz hokimlikdan avval tadbirkor boʻlgansiz. Tabiiyki daromadingiz yuqori boʻlgan. Tuman hokimi lavozimi shulardan voz kechishga arziydimi?

— Men 15 yil tadbirkorlik bilan shugʻullanganman. Menga oyligimning qanchaligi qiziqmas. Moddiy tomonlama kamchiligim yoʻq. Men uchun davlatimiz rahbarining, aholimizning va Toshkent shahar hokimini ishonchini oqlash muhim. Muammolar hal etilgach, aholimiz tomonidan bizga minnatdorlik bildirish holatlari boʻlyapti. Shu menga zavq beryapti.

— Kuniga necha soat ishlaysiz?

— Ertalab shoshilinch vazifa boʻlmasa ishga soat 9:00 da kelaman. Aks holda 7:00 da. Kechqurun vaqtli ketadiganim 9:30da. Baʼzan 2:00gacha qolib ishlashga toʻgʻri keladi.

— Koʻpchilik sizni Ortiqxoʻjayevning shogirdi deb biladi. Bu gaplarga qanday qaraysiz, undan nimalarni oʻrgangansiz?

— Toʻgʻri. Ortiqxoʻjayev bilan 15 yildan buyon birga ishlayman. Men u kishidan juda koʻp narsalar oʻrganganman: halollikni, xiyonat qilmaslikni, yurakdan ishlashni, oʻz oldiga biror maqsad qoʻydimi unga, albatta, erishishni.

— Shu sabab uchun tadbirkorlikdan siyosatga oʻtganmisiz?

— Ha.

— Korxona rahbari boʻlish yaxshimi yoki hokim boʻlish? Qaysi qiyinroq?

— Avval qoʻlimda 5 mingdan ziyod xodim ishlagan. Undan avval Maxsustransda 3 yil ishlaganman. Oʻqishni bitirmaganman vaqtim tajriba uchun oyliksiz ishlagan vaqtlarim ham boʻlgan. Natijada tajriba orttirdim.

Inson oʻzi sevgan biror ish, maqsadni amalga oshirib boʻlgach uning qizigʻi qolmaydi. Bir xil ish tartibi – har kuni soat 9 da kelasiz kechga 6 da ketasiz. Tizimni yoʻlga qoʻyib boʻlgansiz, siz boʻlmasangiz ham ish toʻxtamaydi. Men shunday tizimni yaratib ishlayman. Rahbar sifatida faqat nazorat qilaman.

Hokimlikda ham shunaqa tizim yaratishga harakat qilyapman. Har qanday soha, tizimda har bir inson oʻz ishini qilishi, hamma oʻz vazifasiga javob berishi kerak, qisqa qilib aytganda tizim ishlashi kerak.

Tadbirkorlikdan ketib davlat xizmatchisi sifatida ishlayotganimga asosiy sabab — oʻzimni xalq xizmatida sinab koʻrish.

— Oxirgi marta qachon jamoat transportidan foydalandingiz yoki biror joyda oddiy aholi kabi navbat kutdingiz? Oilangiz bilan hamma foydalanadigan bozorga bordingiz?

— Oʻn besh kun avval uyga metroda ketdim. Xususiy tibbiy xizmatdan koʻproq foydalanaman. Misol uchun, yaqinda arzon shimlar sotiladigan doʻkondan savdo qildim. Bunaqa holatlar koʻp boʻladi. Asosan, arzon kiyim doʻkonlaridan kiyinaman. Oilaviy bozor qilishga ochigʻini aytaman hozir vaqt boʻlmayapti. Avvallari tez-tez dehqon bozorlariga tushib turardim.

Inobat AHATOVA suhbatlashdi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?