Pochta va kuryerlik aloqa xizmatlarida qanday oʻzgarishlar kutilyapti?

17:19 12 Oktyabr 2021 Siyosat
307 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasi respublikadagi pochta aloqasi xizmatlari bozorining rivojlanish darajasi va jahon pochta aloqasi xizmatlari bozori rivojlanishining zamonaviy tendensiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ushbu sohadagi munosabatlarning barcha jabhalarini belgilab beruvchi bazaviy qonun hisoblanadi. Lekin bugungi kunga kelib, u pochta aloqasi sohasini huquqiy tartibga solish zamonaviy tendensiyalarga javob bera olmaydi.

Xususan, qonunchilik amaliyotiga muvofiq pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmagan. Pochta aloqasi sohasini davlat tomonidan litsenziyalash orqali tartibga solinishi belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, bugungi kungacha mazkur faoliyatni litsenziyalash tartibi joriy etilmagan.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida esa amaldagi “Pochta aloqasi tugʻrisida”gi qonunni pochta aloqasi tugʻrisidagi qonunchilik hujjatlari va xalqaro shartnomalar meʼyorlariga muvofiqlashtirish, pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va pochta aloqasi turlarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi pochta aloqasini rivojlantirish yoʻnalishida huquqiy va meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida sifatli umumfoydalanishdagi pochta aloqasi va kuryerlik aloqasi xizmatlarini koʻrsatish uchun sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Xalq vakillari sohaning qonunchilik bazasini tartibga solishning ahamiyatini inobatga olgan holda, mazkur qonun loyihasini qabul qildilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?