Pillakorlarga keng imkoniyatlar berilmoqda
Prezidentimizning kuni kecha imzolangan “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, mayda shoxli mollarni koʻpaytirish, ozuqa bazasini rivojlantirish, teri va junni qayta ishlash, ulardan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, yaylov maydonlarida tabiiy ravishda oʻsuvchi kavrak plantatsiyalari zaxiralaridan barqaror foydalanish, shuningdek, pillachilik tarmogʻi ozuqa bazasini koʻpaytirish, eksportga moʻljallangan mahsulotlar hajmini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Xalqimiz azaldan chorvachilik va dehqonchilik, pillachilik bilan daromad topib, shuning ortidan oila tebratgani hammaga ayon. Ayniqsa, togʻli hududlarda yashaydigan aholi chorvachilik bilan birga, turli giyohlarni quritib, tirikchilik qiladi. Saylov okrugimdagi 16 mingga yaqin aholi aynan togʻli Bobotogʻ hududida istiqomat qiladi. Qarorda belgilangan vazifalarning ijrosi togʻli hududda yashovchi aholi bandligini taʼminlashga, ularning daromadi oshishiga hamda tadbirkorlik subyektlarining koʻpayishiga xizmat qiladi.
...Pillachilik borasida ozgina boʻlsa ham tajribam bor. Bundan 5-6 yil ilgari pillani daromadi past, qiynalgan oilalar boqardi. Shunday davrlar ham boʻldiki, bir quti pilla yetishtirgani uchun bor yoʻgʻi bir xalta un, besh litr yogʻ ajratilar edi. Pilla hosilini topshirgandan soʻng mablagʻini ololmasdan sarson boʻlganlarni ham koʻrdik. Bir quti pilladan 55-60 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Bundan koʻrinib turibdiki, endilikda ikki quti pilla olgan oila bir oyda 3 million soʻmgacha daromad olishi mumkin.
Shuningdek, pillakorni qiynayotgan yana bir muammo bor edi. Bu tut daraxtzorlarining yetishmasligi. Bir quti pilla bir tonnagacha barg yeydi. Shu bois, ozuqa bazasini, yaʼni tut plantatsiyalarini koʻpaytirish choralari ham qarorda oʻz aksini topdi. Eng quvonarlisi, pilla yetishtirgan kishiga mehnat staji yoziladigan boʻldi. Bu ham ehtiyojmand oilalar ijtimoiy himoyasiga qaratilgan tadbirlardan biridir. Vaholanki, bir necha oʻn yillar mobaynida pensiya yoshiga yetgan ayollar ish stajini kimga yozdirishni bilmay idorama-idora sarson boʻlishgan.
Bizning ipak matolarimizga oʻzimizda ham, xorijda ham talab yuqori. Qarorda bu sohani rivojlantirishda ham tadbirkorlarimiz, xalqimiz uchun juda katta imkoniyatlar eshigi ochilyapti. Jumladan, 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2025-yil 1-yanvariga qadar har yili yetishtiriladigan pilla hosilining bir kilogrammi uchun xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga respublika byudjeti hisobidan 5 ming soʻm miqdorida subsidiya ajratilishi, tutzorlarni sugʻorish uchun foydalaniladigan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllanishi belgilandi.
Endilikda, Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor va Dehqonobod tumanlari, Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumani hamda Surxondaryo viloyatining Qumqoʻrgʻon va Boysun tumanlari jun yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.
Bundan tashqari qarorda Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi nomini Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi deb nomlash taklifi ham oʻz aksini topgan. Bundan buyon mazkur qoʻmita yaylovlardagi dorivor oʻsimliklarni, shu jumladan, kavrak oʻsimligini yigʻish, ekish va yetishtirishni jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirilishi ham belgilab berilmoqda.
Joylarda qaror ijrosining taʼminlanishidan birinchi navbatda oddiy odamlar, xalqimiz manfaatdor boʻladi. Biz deputatlar esa, qaror ijrosini taʼminlashda parlament nazoratini kuchaytiramiz.
Mazkur qarorning qabul qilinishi pillachilik, chorvachilik sohasida yangi natijalarga erishish bilan bir qatorda, tadbirkorlarga keng yoʻl ochilishiga, yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga va mamlakatimiz eksport salohiyatining oʻsishiga xizmat qiladi.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring