Peter Siyyarto: Oʻzbekiston Sharq mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha Vengriya strategiyasining istiqbolli yoʻnalishi hisoblanadi

23:34 16 Iyul 2020 Siyosat
1738 0

Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlib turibdi. Bu Vengriya vazirining soʻnggi besh oy ichida mamlakatimizga ikkinchi tashrifidir. Bu, shubhasiz, har ikki tomon hamkorlikni rivojlantirishdan birdek manfaatdor ekanidan dalolatdir. Tashrif dasturining uchrashuvlarga boyligi va chet ellik mehmonlarning ijobiy munosabati ham fikrimizga misol boʻla oladi.

“Dunyo” AA muxbiri vazir Peter Siyyarto bilan suhbatlashdi, uning Oʻzbekiston – Vengriya hamkorligining joriy bosqichi va istiqbollari haqidagi qarashlari bilan qiziqdi.

– Vazir janoblari, suhbatga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur. Suhbatimizni Oʻzbekiston bilan Vengriya oʻrtasidagi munosabatlarning qisqacha tavsifidan boshlasak.

– Munosabatlarimizni “doʻstlik” soʻzi bilan ifodalash mumkin. Birdamlik eng qiyin paytlarda muhim ahamiyat kasb etishini bugun barchamiz yaxshi his etmoqdamiz. Oʻzbekiston pandemiya sharoitida, qiyin vaziyatga tushib qolganimizda bizni birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladi. Oʻzbekiston insonparvarlik yordami sifatida 650 ming niqob taqdim etdi. Bunday yordam har qanday himoya vositasini olish juda qiyin boʻlib turgan bir paytda amalga oshirildi. Ushbu koʻmak doʻstlik va hamjihatlikka boʻlgan intilishga yorqin misoldir va tashrifimning sabablaridan biridir. Shu oʻrinda Vengriya xalqi nomidan Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga cheksiz hurmat va minnatdorligimni bildiraman.

– Soʻnggi 5 oy davomida Oʻzbekistonga ikkinchi tashrifingiz. Bu, shubhasiz, Oʻzbekiston – Vengriya munosabatlari faol rivojlanib borayotganidan dalolat beradi, toʻgʻrimi?

– Albatta. Biz ushbu mintaqaning rivojlanib borayotganiga guvohmiz. Vengriyada Sharq mamlakatlarining ishga solinmagan imkoniyatlarini oʻzimiz uchun kashf qilish boʻyicha tasdiqlangan strategiya doirasida bizdan Sharqda joylashgan mamlakatlar bilan hamkorlikka alohida eʼtibor bermoqdamiz. Boisi ushbu mintaqalarda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish jadal surʼatlar bilan davom etmoqda. Biz esa ushbu jarayonda oʻzimiz uchun Markaziy Yevropa bilan Markaziy Osiyo oʻrtasida hamkorlik uchun poydevor yaratmoqdamiz.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Oʻzbekiston Vengriya kompaniyalarining tashqi bozorlarda muvaffaqiyat qozonishi uchun eng yaxshi sharoit va imkoniyatlarni taklif qilmoqda. Raqamlarga nazar tashlasak, oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 78 foizga oshganini koʻrishimiz mumkin. Hatto joriy yilning dastlabki 4 oyida, pandemiya bilan bogʻliq iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, oʻzaro savdo aylanmasida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 44 foizlik oʻsish qayd etildi.

Muhandislik, yadro energetikasi va farmatsevtika sohasida katta qadamlar tashlandi. Bugungi tashrif doirasida oʻzbekistonlik hamkasbim, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov bilan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini shu yilning noyabr oyida Budapeshtda oʻtkazishga kelishib oldik.

– Tashrifingiz muzokaralarga boy oʻtdi. Tashqi ishlar vazirligi, undan soʻng Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida va yana qator idoralarda uchrashuvlar oʻtkazildi. Muloqotlar natijasi sifatidagi aniq loyihalar haqida gapirib bersangiz.

– Qayd etish joiz, tashrifimiz samarasi, avvalo, farmatsevtika sohasidagi loyihalarda namoyon. Vengriyada farmatsevtika yaxshi rivojlangan. Vengriya aholi soni boʻyicha dunyoda 92-oʻrinni egallashiga qaramay, farmatsevtika mahsulotlari eksporti boʻyicha 18-oʻrinda turadi. Vengriyadagi eng yirik farmatsevtika kompaniyasi 25 yildan beri Oʻzbekiston bozorida ishtirok etib kelmoqda. Vengriya kompaniyasi Oʻzbekistonning 8 viloyatida vakolatxonalariga ega.

Biz Vengriya dori-darmonlari Oʻzbekistonda tez, soddalashtirilgan tartibda roʻyxatga olinadigan mamlakatlar roʻyxatiga kiritilishiga kelishib oldik. Hozirgi kunda Vengriyada Oʻzbekistondagi kabi oʻsha bosh pudratchi va deyarli bir xil moliyalashtirish usulida ikkita yangi reaktor qurilmoqda. Shu munosabat bilan oʻzbekistonlik yadro sohasi mutaxassislarini Budapesht Texnologiya va iqtisodiyot universitetida tayyorlashga tayyormiz.

Bundan tashqari, Vengriya har yili mamlakat hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan stipendiya dasturi doirasida oʻzbekistonlik talabalarga beriladigan joylar sonini 30 tadan 100 tagacha oshirdi. Bu haqdagi hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida imzolandi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida Vengriya Oʻzbekistonda oziq-ovqat sanoatining texnologik rivojlanishiga yordam beradi. Xususan, Vengriya Eksimbanki mamlakatlarimiz kompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlikni moliyalashtirish uchun 95 million dollar miqdorida kredit liniyasini ochdi.

Mamlakatingizdagi «Mikrokreditbank» Vengriya kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda 2 mingta bankomat oʻrnatish loyihasini amalga oshirmoqda va Vengriyadagi eng yirik bank mamlakatingiz moliya sektorida ishtirok etish istiqbolini koʻrib chiqmoqda.

Hamkorligimizdagi yana bir soha – bu yuqori texnologiyalardir. Muvaffaqiyatli raqamlashtirish iqtisodiy rivojlanishning kalitidir. Bu iqtisodiy muvaffaqiyatning hal qiluvchi omili va biz ushbu sohada sheriklikni yana-da mustahkamlashimiz kerak.

– Bugungi kunda Jahon savdo tashkiloti (JST)ga kirish Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyatga ega. Bu masalada Vengriya tomonining munosabati bilishni istardik.

– Biz toʻrtta xalqaro tashkilot doirasida Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlamoqdamiz. Oʻzbekistonning JSTga kirishi masalasi shulardan biridir. Mamlakatingiz iqtisodiyotda salmoqli natijalarga erishdi va JSTga aʼzo boʻlishga loyiqdir. Bundan tashqari, Oʻzbekiston jahon iqtisodiyotida nafaqat ishlab chiqarishning oʻsishi, balki Xitoyni Yevropa va Sharqni Gʻarb bilan bogʻlaydigan Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgani bilan muhim ahamiyatga ega. Shu bois Oʻzbekistonning xalqaro tuzilmaga aʼzo boʻlishi JST uchun ham, xalqaro hamjamiyat uchun ham foydali.

– Oʻzbekiston va Vengriya ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning yangi bosqichidadir. Ularning istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Qisqacha aytaman, Vengriya ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor. Biz hamkorlikka, shu jumladan Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida bogʻlovchi koʻprik boʻlishga tayyormiz.

– Joriy yilda Oʻzbekiston davlat Mustaqilligining 29 yilligi nishonlanadi. Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga tilaklaringiz.

– Vengriya uzoq vaqt davomida oʻz mustaqilligi uchun kurashgan mamlakatdir. Biz buni 1990-yilda qoʻlga kiritganmiz va shuning uchun oʻzini himoya qilishga, tarixiy meros va madaniyatni asrab-avaylashga, mustaqillikka erishishga qodir boʻlgan xalqlarni juda hurmat qilamiz. Sizga kuchli boʻlishingizni va biz juda boy deb bilgan tarixingiz, merosingiz va madaniyatingizga sodiq qolishingizni tilayman. Umid qilamanki, tobora koʻproq vengriyaliklar Toshkent va Samarqandga kelib, mamlakatingizning madaniy va tarixiy boyligi, rivojlanish yoʻli bilan tanishadi. Oʻzbekiston xalqiga zafarlar tilayman. Oʻzaro munosabatlarimizni rivojlantirish, xalqlarimiz farovonligi yoʻlida hamkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga hissa qoʻshayotganimizdan faxrlanamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер