Paxta siyosati va monokulturasi — Prezidentimizning klaster gʻoyasi undan chiqishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda

10:47 17 Iyun 2021 Klaster
17719 0

Yaqinda “Xalq soʻzi” ­gazetasida eʼlon qilingan Oliy Majlis Senati aʼzosi, siyosatshunos Qudratilla ­Rafiqovning “Millatparvar” maqolasida ­keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga keng sharh berildi. ­Xususan, iqtiso­diyotimizning yetakchi sohalaridan biri boʻlgan qishloq xoʻjaligida yuz berayotgan ­inqilobiy oʻzgarishlar chuqur tahlil etilar ekan, paxta siyosatidan xalqning ozod qilingani ular orasida eng muhimi ekanligi alohida ­eʼtirof etilgan.

“Shavkat Mirziyoyev dadil amalga oshirgan yana bir muhim jihat shuki, buni men ozodlikka erishganimizdan keyingi buyuk va tarixiy islohot, degan boʻlardim, paxta dalalariga sochilib ketgan millat bolalarini egatlardan qaytarib oldi. Uning egilgan boshi, tuproqqa qorishib ketgan qadr-qimmatini tikladi... Mamlakat ­xalqaro hamjamiyat oldida «Bolalar mehnati”, “Ayollarni ogʻir va xatarli mehnatga jalb qilish”, “Majburiy mehnat” degan taʼna-dashnomlar, isnoddan qutuldi, turli iqtisodiy cheklovlardan ozod etildi», deb yozadi muallif.

Darhaqiqat, islohotlarning yangi davri boʻlmish oxirgi besh yillikda paxtadan “siyosiy ekin” tusi tom maʼnoda olib tashlandi. ­Davlatimiz rahbarining qishloq xoʻjaligini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sohaga bozor iqtisodiyoti tamoyillarini amalda joriy etish, paxtachilikda toʻliq klaster tizimiga oʻtishga qaratilgan tarixiy qarorlari bunda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

I

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning oʻsha mashhur, 1989-yil 16-iyunda Moskvada soʻzlagan nutqida aytilganidek, strategik xom ashyo deb qaralgan paxta yetishtirish, “oq oltin” mustaqilligini taʼminlash boʻyicha oʻrtaga tashlangan mashʼum shior dehqonlarimizni hamma-hamma narsadan mosuvo qilgan edi. «Aynan ularga tegishli boʻlgan zamin: koʻrsa koʻz quvonadigan necha yuz ming gektarlik koʻrkam va serhosil bogʻ-rogʻlar, sollanib turgan yam-yashil yoʻngʻichqazorlar, salqinu orombaxsh yongʻoqzorlar, hattoki, bodomzorlar, axir, shafqatsizlarcha kesib tashlanmadimi, shudgor qilinmadimi?! Muhtaram Chingiz Aytmatov bu yerda aytgani kabi, chindan ham paxta bexosiyat neʼmatga aylandi. Ha, mamlakat oxir-oqibatda paxta mustaqilligiga erishdi ham. Hatto koʻz koʻrib quloq eshitmagan boylikka ham ega boʻldi. Lekin dehqonga, uning ayoliga, bola-chaqasiga shundan nima naf tegdi? Saratonning jaziramasida xudoning bergan kuni oʻn ikki soatlab qirt-qirt zahmat chekish, hatto dam olish kunlari, bayramlarda, taʼtil nimaligini bilmasdan oftob tigʻida ter toʻkish shu dehqonning gardaniga tushmadimi?» degan edi adib kuyinchaklik bilan.

Afsuski, mustaqillikka erishganimizdan keyin ham xalqimiz asosiy ekinga aylangan paxta mashaqqatlaridan toʻliq qutula olmadi. Garchi unga nisbat beriladigan “strategik xom ashyo” ishtibohining ohori allaqachon toʻkilgan boʻlsada, paxtachilikning ogʻir yuki baribir farzandlarimiz, xotin-qizlarimiz, qoʻyingki, millatimiz yelkasini zil-zambildek bosib, ezgʻilab turardi. Faqat Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy irodasi tufayli hammasi oʻz oʻzaniga tusha boshladi. Xalqimiz paxta mavsumiga “koʻpga kelgan toʻy” deb qaramaydigan boʻldi. Endi yigʻim-terim paytida suyagi qotmagan goʻdaklarni maktab partasidan hech kim quvib solmaydi. Quvolmaydi ham. Talaba-yoshlar oʻquv yilining teng yarmini dalada chigit chuvish bilan oʻtkazishmaydi. Bunga jalb etishga birovning haddi sigʻmaydi!

Bugun zamon zayliga hamohang qarashlar oʻzgardi. Tafakkur uygʻondi. Hozirgi paytda ishga talab, masalaga munosabat tamomila boshqacha. Ha deganda, dalaga haydaladigan oʻqituvchi va shifokorlarning koʻkragiga ­shamol tegdi. Hamma oʻz ishi bilan shugʻullana boshladi. Inchunin, paxtachilik bilan dalaning egasi boʻlgan dehqonlar, qishloq xoʻjaligi xodimlari, fermerlar hamda ­klasterlar mashgʻul xolos.

Aslida ham shunday boʻlishi kerak emasmi?! Afsuski, hayotning ushbu oddiy, ammo achchiq haqiqati qaror topishi uchun xalqimiz ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechirmadi, deysiz.

II

Prezidentimiz 2018-yili Sirdaryo viloyati faollari yigʻilishida paxtachilik masalasiga toʻxtalar ekan, jumladan, shunday degandi: “Boʻlsa-boʻlmasa paxta ekaverish, uni arzon narxda xom ashyo sifatida sotish — iqtisodiyotni tushunmaslik. Endi paxtani faqat rentabelligi bor joylarda ekamiz”.

Oʻshanda zalda oʻtirganlarning ayrimlari kutilmaganda yangragan bu soʻzlar magʻzini chaqa olmay hang-mang boʻlib qolishgani rost. Necha oʻn yillar davomida paxta va gʻalladan boshqa ziroatni bilmaganlar uchun bu tomdan tarasha tushgandek holat edi-da.

Endilikda ostonamiz oldigacha chigit ekishga majbur emasmiz. Aksincha, paxta maydonlari yil sayin qisqartirilib, butun boshli tumanlarda umuman chigit ekilmayapti. Paxtadan boʻshagan maydonlarga oziq-ovqat va ozuqabop ekinlar joylashtirilmoqda, yangi bogʻ-rogʻlar barpo etilyapti. Zero, bugungi shiddatkor islohotlar qoʻyayotgan talab ham shu: nimaiki koʻp daromad keltirsa, tashqi bozorda qaysi mahsulotga talab yuqori boʻlsa, oʻsha ekilsin! Bu mamlakat qishloq xoʻjaligida chinakam yangilanishlar kuzatilayotganidan dalolat emasmi?!

Ayni paytda Kitob, Asaka, Urgut, Bulungʻur, Jomboy, Zangiota, Qibray, Parkent, Quvasoy singari 30 dan ziyod tumanlar paxta yetishtirishdan xalos etilgan. Tabiati, iqlimi meva-sabzavotchilik uchun juda mos boʻlgan bunday hududlarda uzum, meva-cheva, poliz va kartoshka yetishtirilib, ichki bozor servitamin neʼmatlar bilan toʻldi­rilyapti, katta qismi esa eksportga chiqarilmoqda. Binobarin, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash dunyo afkor ommasining birlamchi tashvishiga aylangan hozirgi sharoitda Oʻzbekistonning shirin-shakar meva-sabzavotlari paxta xom ashyosidan koʻra koʻproq foyda keltiradi.

III

Yaqin-yaqingacha davralarda jahon iqtisodiyoti, olis-yaqin davlatlardagi bugungi ahvol haqida oʻzaro bahs-munozara ketsa, biz, albatta, xalqimiz paxtakor ekanligidan gʻururlanardik. “Oq oltin” yetishtirishu uning eksporti boʻyicha oldingi saflarda ekanligimizni aytib maqtanishga odatlangandik.

Chindan ham, xalqimiz mirishkor, ­dehqonchilikning hadisini olgan. Buyogʻini soʻrasangiz, eng katta maydonlarda gʻoʻza oʻstirgan ham, rekord darajada hosil yiqqan ham oʻzimiz. Biroq undan qanday naf koʻrdik? Koʻklamdan to kuzakkacha daladan beri kelmagan dehqon, uni bittalab yigʻib-terib olgan qishloq ahli, birlamchi qayta ishlagan sanoatchi — borligʻini paxtaga berganlar qancha daromad oldi?

Hech qancha. Ha, endi-endigina ushbu tarmoqning foyda-ziyonini amalda his qila boshladik. Agrar soha faqatgina paxtachilikdan iborat emasligini chuqurroq anglayapmiz. Tafakkur kengaydi, fitratimiz yangilanmoqda. Natijada asl dehqonchilik madaniyati qayta tiklanyapti.

Gap shundaki, odamlarimiz ham salat bargi, barokko karami singari sabzavotlar, noʻxat, mosh, loviya kabi dukkaklilar, kungaboqar, kunjut, soya kabi moyli ekinlar yetishtirib, paxtadan koʻra koʻp daromad koʻrish mumkinligini tushunib yetishdi. Bu esa har bir hudud ziroatchilikda oʻz brendini yaratishga katta turtki boʻldi. Sherobod anorlari ana shu saʼy-harakatlar mahsulidir.

Ha, Sherobod tumanida yetishti­rilayotgan anorlarning dovrugʻi yetti iqlimga ketdi, desak, mubolagʻa emas. Hudud iqlimi ham anorchilikka moslashgan. Surxondaryoda tez-tez esib turadigan Afgʻon shamoli Sherobodni chetlab oʻtishiga nima deysiz?! Qolaversa, boshqa joylarda anor tanasi anjir, tok singari qishda koʻmilsa, bu yerda anorzorlarga tuproq ­tortishga hojat yoʻq. Shu bois anor ekilmagan xonadonlar deyarli yoʻq hisobi. Aniqrogʻi, tumandagi 48 ta mahallaning 33 tasi anor yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Ularning mahsulotiga xorijliklar talabgir. Har biri 1 kilogacha tosh bosadigan oʻta mazali “Qora dona”, “Qozoqi” navli anorlar Qozogʻiston, Rossiya, Janubiy Koreya, hatto Yevropa ­davlatlariga yetib borganiga ancha boʻldi.

IV

Paxtaning oʻzi yengilu ishi ogʻir. Dehqonchasiga aytganda, sertashvish ekin. Suyagi dalada qotgan paxtakorlarning fikricha, bu yilgidek ob-havo sharoitida chigitni yerning namiga undirish nechogʻli mashaqqatli kechgan boʻlsa, baʼzida yogʻingarchilik moʻlligidan urugʻ chirib ketgani ham koʻp kuzatilgan. Ayrim paytlarda endi qoʻshquloq koʻrsatgan nihollarni doʻl va jala yer bilan yakson qilgani, oqibatda qayta mehnat, katta xarajat bilan takror urugʻ qadalgani ham bor gap.

Endi oʻzingiz oʻylang, shuncha ter toʻkkan dehqon Gʻalvir suvdan koʻtarilgan paytda koʻkka tikilib qolsa, foyda tugul, qilingan xarajati qoplanmasa, qoʻli ishga boradimi? Shunday ekan, nima qilmoq kerak?

Ishga yangicha yondashuv, amaliyotga ilgʻor gʻoyalarni joriy etish zarur. Bu omillar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan saylovoldi uchrashuvlaridayoq ilgari surilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlashning klaster tizimini yoʻlga qoʻyish — eng maqbul yoʻl sifatida tanlandi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda ilk bor 2017-yilda keng nishonlangan Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida “...Paxtani yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan bosqichlarni oʻz ichiga qamrab olgan klaster usuliga biz Oʻzbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida qaramoqdamiz», deya alohida taʼkidlagan edi.

Binobarin, mazkur yangi tuzilma oʻtgan juda qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch — “drayver”iga ­aylandi. Shu bois bugun nafaqat agrasanoat majmui, balki u bilan bevosita bogʻliq boʻlgan tarmoqlar istiqboli klaster uslubi bilan bogʻlanyapti. Natijada ishni innovatsion usulda tashkil etish va yuritish tobora ommalashib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlari soni 122 taga yetdi.

2020-yilda respublikamiz boʻyicha ­yetishtirilgan 3 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosining asosiy qismi paxta-toʻqimachilik klasterlari hissasiga toʻgʻri keldi. Eng asosiysi, hosildorlik bir yilda oʻrtacha 10 foizga oshgani, pandemiyaning salbiy taʼsiriga qaramasdan, 1 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilingani qishloq xoʻjaligida ishni tashkil etish va yuritishning innovatsion shakli boʻlgan ­klasterlar bilan bogʻlanmoqda.

Mana, sizga “zanjir”li ishlab chiqarish usulining dastlabki natijalari!

Prezidentimizning qishloq xoʻjaligida amalga oshirayotgan bunday ulkan islohotlari “Xitoy moʻjizasi”ning meʼmori deya tan olingan Den Syaopin tutgan yoʻlni yodga soladi. Tarixdan maʼlumki, Den Syaopinga Mao Szedundan oʻta ogʻir ahvoldagi Xitoy meros qolgan edi. Mao boshlab bergan oʻtgan asrning 60 yillaridagi “katta sakrash” iqtisodiy siyosati Xitoyning sanoat bazasini kuchaytirish va iqtisodini koʻtarish oʻrniga xitoyliklar uchun fojiaga aylandi.

Den Syaopin hokimiyatga kelgach, islohotni, eng avvalo, qishloq xoʻjaligidan boshladi:

birinchidan, yerni haqiqiy egalari qoʻliga topshirdi;

ikkinchidan, dehqonlarga erkinlik ­berdi;

uchinchidan, byurokratik toʻsiqlar bekor qilinib, agrar sohaga aralashuvlarga butkul chek qoʻydi.

Natija esa hammaga maʼlum. Atigi 10 — 13 yil ichida 1,5 milliardlik aholisini oziq-ovqat bilan toʻliq taʼminlab, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini dunyoga eksport qila boshladi. Shu tariqa Xitoy och va qashshoq mamlakatdan jahonning iqtisodiy yetakchisiga aylandi.

Den Syaopin Mao Szedundan farqli ravishda ishchi va dehqonlarni balandparvoz siyosiy shiorlar bilan ilhomlantirmadi, balki moddiy ragʻbatlantirish, ularga munosib mehnat sharoiti yaratishga bor eʼtiborini qaratdi. Pirovardida soha gullab-yashnadi. Moʻl hosil olib, yuqori daromad koʻra boshlagan dehqonlar oʻzlari yetishtirgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida kooperatsiya, assotsiatsiya va ­klasterlarga birlasha boshladi. Bugun Oʻzbekiston agrar hayotida ham ana shunday manzaralarga guvoh boʻlish mumkin.

Misol uchun Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster”, Toshkent viloyatidagi «TCT Sluster”, Surxondaryo viloyatidagi “SCT Cluster” klas­terlarida ekin maydonlari qishloq aholisiga oilaviy pudrat asosida 1, 3, 5 va 10 gektardan boʻlib berilmoqda. Bu yerlarda doimiy ishlaydigan dehqonlar yerning haqiqiy egasiga aylanyapti. Ular klaster bilan shartnoma asosida mahsulot yetishtirmoqda.

Shartnomaga binoan, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini bajarish, dehqonlarga urugʻlik yetkazib berish, texnika xizmatlari koʻrsatish, yonilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash, entomolog, agronom mutaxassislari xizmatini tashkil etish, tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyish va boshqa xizmatlar klaster tomonidan amalga oshiriladi. Oilaviy pudrat zimmasidagi majburiyat — oʻziga biriktirilgan ekin maydonidan unumli foydalanib, mahsulot yetkazib berish.

Dehqonlar manfaati koʻzlangan yana bir jihat shundaki, ular yetishtiradigan hosil klasterlar tomonidan jahon bozoridagi bahodan kelib chiqib, xarid qilinadi. Asosiy ekinni ham, takroriy ekinni ham yetishtirish va sotib olish ana shu tartib-taomil asosida tashkil etiladi. Pirovardida ­dehqonning qoʻli endi pul koʻradi. Gektaridan 40 sentnerdan hosil oladigan oilaviy pudratlar 4 million soʻmdan, hosildorlikni 50 sentnerga yetkazganlar 5 — 7 million soʻmdan oylik maosh olishadi. Agar bitta oilaviy pudratda bir xonadonning 4 aʼzosi ishlayotgan boʻlsa, bir roʻzgʻorga oyiga 20 million soʻmgacha daromad kiradi. Demak, oʻz-oʻzidan ayon boʻladiki, dehqon qancha yaxshi ishlasa, shuncha manfaat koʻradi, daromadi ortadi. Shuning uchun dehqonlar shartnoma asosida biriktirilgan yer doimo oʻziniki ekanligini, ushbu ekin maydonida yillar davomida oʻzi, farzandlari mehnat qilishiga ishonch paydo boʻlganligi tufayli zaminga mehr berib ishlashga, unumdorligini oshirishga intilyapti.

Ilgʻagandirsiz, davlatimiz rahbarining klaster Qoyasidan koʻzlangan maqsad mohiyatini?!

V

Yashirib nima qildik, yaqin-yaqingacha fermerlar orasida yer sotish, ekin maydonidan pul evaziga tomorqa uchun joy ajratish kabi nomaqbul ishlar bilan mashgʻul boʻlganlar ham uchradi. Hosildorlik va mahsulot sifatiga esa yetarli darajada eʼtibor berilmadi. Alamlisi, paxtani faqat eksport qilib, evaziga oʻn barobar kam daromad olardik. Unumdor yer, toʻkin suv boʻla turib, hosildorlik hamda rentabellik pasayib boraverdi.

Bundan toʻrt yil avvalgi holatni tahlil etadigan boʻlsak, Isroilda paxtadan oli­nayotgan oʻrtacha hosildorlik 53,5 sentner, Avstraliyada 50,3 sentner, Turkiyada 40 sent­ner, Braziliyada 42,2 sentner, Meksikada 37,6 sentnerni tashkil etgan bir paytda, Oʻzbekistonda 25 sentnerdan oshmasdi...

Bugun har qarich yerdan samarali foydalanish orqali nafaqat yuqori hosildorlikka erishish, balki har bir gektar yerdan koʻproq daromad olishga alohida urgʻu berilmoqda. Shuning uchun klasterlar sharofati bilan paxta maydoni yonida zamonaviy toʻqimachilik fabrikalari barpo etilyapti. Hosil shu yerning oʻzida tolaga aylantirilib, undan tayyor kiyim-kechak tikilmoqda. Yoki klaster qoshida mini yogʻ zavodlari ishga tushirilib, yogʻ, sovun va boshqa mahsulotlar ­ishlab chiqarilyapti. Qisqacha aytganda, hozir ­agrar soha yangi innovatsion loyihalar asosida rivojlanish pallasiga kirdi.

Aslida, klasterlarni shakllantirishdan koʻzlangan maqsad ham shahar, tuman va viloyat ichida joylashgan bir xil soha korxonalarini hamda ular bilan yagona texnologik “zanjir”da boʻlgan taʼlim, ilmiy, muhandislik, konsalting, standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda boshqa xizmatlarni uygʻunlashtirishdir. Ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning bunday integratsiyalashuvi tufayli raqobatbardosh tovarlar ­yaratishning yaxlit innovatsion platformasi vujudga kelmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlar aholining bandligini taʼminlash, turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilayotir.

Klaster tizimida qishloq xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislar — dehqonlar, olimlar, muhandislar, agronomlar, iqtisodchilar, veterinarlar, oliy va oʻrta maxsus taʼlim oʻquv yurtlari oʻqituvchilari, talabalari, ilmiy xodimlar, xullas, barcha bir yoqadan bosh chiqarib, yagona maqsad sari intiladi. Buning evaziga paxta yetishtirishdan tortib, tolani chuqur qayta ishlashgacha boʻlgan besh bosqichli jarayonni qamrab olgan, xuddiki, besh barmoq yigʻilib, bir musht boʻlgani singari klasterlar ham yagona ­ishlab chiqarish “zanjiri”ga birlashgan qudratli agrosanoat majmuiga aylanayotgani diqqatga sazovor.

VI

Keyingi paytda jahon bozorida paxta tolasiga boʻlgan talabga qarab, uning bahosi oʻzgarib turibdi. Ammo sintetik, hatto bambuk tolalari sanoatda keng qoʻllani­layotgan taraqqiyotning hozirgi bosqichida ham paxta tolasiga ehtiyoj aytarli susaygani yoʻq. Aksincha, aholi sonining koʻpayishi, daromadi ortib, turmushi farovonlashuvi kabi omillar tabiiy mahsulotga ragʻbatni kuchaytirayotir.

Biroq masalaning boshqa nozik jihati shundaki, ilgari daromadning asosiy qismi yil boʻyi qoʻli qavarib xirmon koʻtargan oʻzimizning dehqon yoki fermerga emas, tayyor xom ashyoni chuqur qayta ishlagan chet eldagi ishlab chiqaruvchilar foydasiga xizmat qilgani barchamizni tafakkur ­yuritishga undaydi.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 1 kilogramm paxta tolasi xom ashyo sifatida sotilsa, uning qiymati 1,5 dollarni tashkil etadi. Agar undan kalava ip yigirib sotilsa, bahosi 2,5-3 dollarga yetadi, jinsi matosi toʻqilsa 5 — 7 dollargacha qiymat qoʻshiladi, shundan jinsi shim tikib, tayyor mahsulotga aylantirilsa, 15 —- 25 dollar qoʻshimcha qiymat hosil boʻladi.

Klasterlashtirish tufayli qoʻshimcha ­qiymat oʻzimizda yaratilib, uning foydasini oʻzimizning qora koʻzlar koʻra boshladi. Sodda qilib aytganda, klasterlarda qishloq mehnatchilari va sanoat ishchilarining manfaatlari mushtaraklashdi. Klas­ter ishtirokchilarining barcha-barchasi — dalada ketmon chopgan qishloq xoʻjaligi mehnatchisi hamda u yetishtirgan mahsulotni ­chuqur qayta ishlovchi sanoat ishchilari ham yakuniy natijadan manfaatdor boʻladi.

Shu oʻrinda klaster qaysi omillar hisobiga rivojlanyapti, degan savol tugʻilishi tabiiy, albatta. Bu haqda toʻxtalganda, ­quyidagi eng muhim jihatlarni alohida ­sanab oʻtish, kifoya.

Birinchidan, klaster usulida mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatlarining mushtarakligi taʼmin­lanyapti.

Ikkinchidan, u oʻzida chigit ekishdan tortib, paxta yetishtirish, uni birlamchi va chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilishgacha boʻlgan “zanjir”li ishlab chiqarishning toʻliq hal­qasini qamrab olmoqda.

Uchinchidan, klaster ishtirokchilari qishloq joylarga sanoatni olib kirish evaziga sohada yigʻilib qolgan muammolarni hal etishda tashabbuskor boʻlishmoqda.

Toʻrtinchidan, qishloq aholisi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish or­qali ularning boy va farovon yashashi uchun qulay muhit yaratib berilyapti.

Beshinchidan, klasterda qishloq xoʻjaligi va sanoat integratsiyalashuvi natijasida ilgʻor innovatsion gʻoyalarni amalga oshirish uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bu haqda soʻz yuritilganda, sohadagi qaldirgʻoch majmua Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyatiga nazar tashlash oʻrinlidir. Negaki, Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi “Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan mazkur klaster oʻzida paxta yetishtirishdan tortib, to u tayyor mahsulot holiga kelgunicha boʻlgan barcha ishlab chiqarish “zanjiri”ni toʻliq jamlagan.

Klaster ehtiyoji uchun zarur miqdordagi paxta xom ashyosi shu tizimda — Romitan tumanidagi “BCT Cluster Agrokompleks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yetishtirilsa, xom ashyo “Bukhara Cotton Textile” korxonasida chuqur qayta ishlanib, “Denim” jinsi liboslari ishlab chiqariladi. Bu yerda tayyorlanayotgan organik toʻqimachilik mahsulotlarini xaridorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berish maqsadida yurtimiz va xorijiy davlatlarda savdo doʻkonlari ochilyapti. Quvonarlisi, ularning dastlabkilari hozirgi paytda faoliyat koʻrsatmoqda.

Oʻz brendiga ega boʻlgan ushbu klasterda yaqin kelajakda tayyor mahsulotlarning 80 foizi eksport qilinishi rejalashtirilgan. Oʻzbek paxtasi asosida ishlab ­chiqarilayotgan tabiiy mahsulotni xarid qilish istagidagi hamkorlar safi esa oy sayin kengaymoqda. Ayni paytda “Collins” kompaniyasi bilan shartnoma imzolanib, birinchi partiya mahsulotlari eksport qilingan boʻlsa, “DeFacto”, “Carrera Jeans”, “LCWaikiki”, “Inditex Group”, “Zara” singari xalqaro brendlar bilan muzokaralar olib borilyapti. Ular bilan ham amaliy kelishuvga erishilishi oʻzbek milliy brendining jahon bozorida ommalashishiga xizmat qiladi, albatta.

VII

Paxta texnik ekin boʻlgani bilan toʻliq qoʻl mehnati asosida parvarishlanadigan, hatto hosili ham qoʻlda yigʻishtirib olinadigan ziroat turiga aylanib, bu qishloq aholisining bosh oQriQiga aylangan azob edi. Egatga ming engashib, chigitni yagana qilgan, begona oʻtlardan tozalagan, saharmardondan shomgacha ketmon urib, chopiq qilgan xotin-qizlar aksar hollarda faqat gʻoʻzapoya uchungina ishlaganini bilasizmi?! Afsuski, bu — haqiqat!

Klasterlar oldiga qoʻyilgan birlamchi vazifa shundaki, qishloq xoʻjaligida qoʻl mehnatini minimal darajaga tushirish, mexanizatsiyalashtirishni maksimal darajaga olib chiqishdir. Qolaversa, sohada koʻproq ish oʻrinlari yaratib, mehnat qi­layotgan odamlarga munosib ish haqi olishini taʼminlashdir. Amalda bunga qanchalik erishilyapti, dersiz.

Keling, bu savolga javobni Quyi Chirchiq tumanidagi «TCT Sluster” klasteri ­faoliyati misolida izlaymiz.

Eʼtirof etish kerakki, ushbu klaster yangi tuzilmaning afzalliklarini amalda toʻliq isbotladi. Tumanda klaster usuliga oʻtilmasidan oldin paxtadan gektariga 11 — 13 senterdan hosil olingan, xolos. Ekin maydonlari klaster ixtiyoriga berilgach, birinchi mavsum — 2019-yilning oʻzida gektaridan oʻrtacha 35 sentnerdan paxta yetishtirilib, yalpi hosil 30 ming tonnadan oshdi. 2020-yilda esa 10 ming gektarda gʻoʻza parvarishlanib, birinchi terim yakunlanmasdan turib, shart­nomaviy rejadagi 34 ming tonna ­paxta xom ashyosi yigʻishtirib olindi. ­Mavsum yakunlari boʻyicha oʻrtacha hosildorlik 40 sentnerdan oshdi. Bu — masalaning bir jihati.

Uning ikkinchi tomoni shundaki, tumanda fermer xoʻjaliklari davridagi mehnatchilar soni 898 nafar, oʻrtacha ish haqi esa 550 ming soʻm boʻlgan boʻlsa, «TCT Sluster«da 8 ming 600 ta yangi ish oʻrni yaratildi, oʻrtacha ish haqi esa 4-marta koʻp — 2,1 million soʻmga yetkazildi. 2019-yilda fermer xoʻjaliklari davridagi 7,9 milliard soʻm oʻrniga 28,7 milliard soʻm, 2020-yilda esa 53 milliard soʻm soliq toʻlovlari toʻlandi.

Eng muhimi, paxta-toʻqimachilik klasterida mavsumiy ishchi degan tushunchaga barham berilmoqda. Klasterlarda odamlar yil — 12 oy bandligi taʼminlanyapti. Ular xuddi zavod va fabrikalar ishchilaridek, qishin-yozin mehnat qilib, oylik maosh olishayotir.

Klasterlarning keyingi rejasi ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini ­kuchaytirishdir. Shu maqsadda klaster tizimida yaqin kelajakda haftada bir marta “isteʼmol savatchasi”ni tarqatish yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu savatda klasterning oʻzida yetishtiriladigan eng muhim isteʼmol tovarlari, shu jumladan, goʻsht, yogʻ, guruch, un, sariyogʻ, sut va sut mahsulotlari oʻrin oladi. “Isteʼmol savatchasi”ning bozordagi narxi oʻrtacha 1,5 million soʻmni tashkil etgani holda, klaster mehnatchilariga maoshidan atigi 50 ming soʻm ushlanishi evaziga taqdim etiladi. Bir oyda ­klasterning har bir xodimi toʻrtta shunday savatcha oladi. Buning uchun 2 million soʻm ish haqidan bor-yoʻgʻi 200 ming soʻm ushlab qolinadi xolos. Shu tariqa klaster xodimlari oilalari uchun kundalik oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror taʼminotiga erishiladi. Klasterda paxtachilik bilan birga, chorvachilik, sholichilik, gʻallachilik, baliqchilik tarmoqlari ham rivojlantirilishi sababli qishloq aholisi uchun mana shunday imkoniyatlar paydo boʻladi.

Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat qishloq xoʻjaligida yuz berayotgan evrilishlar, ayniqsa, paxtachilikdagi klasterlashtirish zamirida paxta siyosati va monokulturasidan chiqish, paxtachilikni eng serdaromad tarmoqlardan biriga ay­lantirish, xalqimizni ogʻir mehnatdan xalos etib, boy qilishdek ezgu maqsad-muddaolar mujassamdir. Toki, dehqon unumdorligi past yerlarga chigit qadab, vaqtini, naqdini behuda sovurmasin, tuproq-iqlim sharoitiga mos ekin ekib, mehnatiga ­yarasha foyda koʻrsin. Hamma paxta dalalariga safarbar qilinmasdan, paxta yetishtirish va qayta ishlash bilan sohaning egasi — klasterlar shugʻullansin.

Mamlakatimizda paxta xom ashyosi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash salohiyati shunchalik yuqoriki, har yili oʻrtacha 1 million tonnadan ortiq paxta tolasi olinsa, uni chuqur qayta ishlash evaziga 25 milliard dollarlikdan ortiq qoʻshimcha qiymat yaratish mumkin. Klasterlar bugun ushbu natijaga erishish yoʻlida ­davlatimiz rahbarining innovatsion Qoyasi asosida jipslashib, mehnat qilmoqda.

Murtazo RAHMATOV,
“Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi raisi, 
iqtisodiyot fanlari doktori, senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер