Uygʻongan yurt sadosi

12:01 13 Iyun 2025 Jamiyat
134 0

Toshkent viloyatida surat va siyrat yangilanishlari

Uygʻongan yurt sadosi…

Toshkent viloyati haqida gap ketganda, koʻnglimizdan ana shu fikr oʻtadi. Bu bejiz emas, albatta. Bugun viloyat shunchaki poytaxtga yaqin hudud emas, balki amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan natijalar bilan yangi Oʻzbekistonning jonli timsoliga aylanmoqda.

2021-yil 18-19-mart kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi nafaqat rasmiy voqelik, balki butun viloyat taqdiri uchun tarixiy burilish nuqtasi boʻlgan edi. Davlatimiz rahbari tashrif chogʻida xalq ichiga kirib, tuman va shaharlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi “oʻsish nuqtalari”ni amaliy kuzatuv va muloqotlar yoʻli bilan topishga bel bogʻladi. Yurtboshimizning jurnalistlar bilan suhbatda aytgan soʻzlari yana ham koʻproq maʼno kasb etadi: “Mening eng katta maqsadim – har bir tumanning “oʻsish nuqtasi”ni topish... Toshkentda kabinetda oʻtirib emas, pastda yurib, buni amalga oshirish...” Bu xizmatxonasida tuzilgan rejalardan hayot girdobiga tushib ishlash, sukunatda qolgan muammolarni xalq ovozi orqali eshitish, chin maʼnoda, xalq ichida boʻlish siyosatining davomli koʻrinishlari edi.

Tan olish kerakki, Prezidentimiz maqsad qilgan “oʻsish nuqtalari” topildi. Koʻp emas, oradan toʻrt yildan koʻproq vaqt oʻtdi. Bugun esa kechagi maqsadlar amaldagi ulkan oʻzgarishlarga aylangani, “oʻsish nuqtalari” endi faqat xaritada emas, balki viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy tuzilmasida real manzara kasb etayotganini koʻryapmiz.

Oʻzini topa olgan hudud

Har bir hududning, u yerdagi yurtdoshlarimizning ming yillardan buyon shakllanib kelayotgan yashash tarzi, oʻzligini namoyon qilish shamoyili mavjud. Mamlakatimiz hududlari nafaqat tabiiy geografik joylashuvi, balki bu yerda yashayotgan insonlarning maʼnaviy qiyofasi nuqtayi nazaridan ham farq qiladi. Baʼzi hududlar borki, ularning taraqqiyoti doim ochiq sahnada kechadi, har bir yutugʻi shov-shuvga sabab boʻladi. Ammo baʼzi hududlar borki, ular sabr bilan yashaydi, ichki jasoratini sokinlikda, yurakda saqlaydi. Toshkent viloyati ana shunday yurtlardan: u uzoq yillar davomida “poytaxtga yaqinlik” degan nomda yurgan, ammo botinida tinimsiz qoʻzgʻalish, oʻzini namoyon etishga nisbatan kuchli salohiyatni yashirib keldi.

Bugun esa bu diyor islohotlar markazida. Avvalgi yillarda ishlab chiqarish sust, xizmatlar cheklangan, aholi ehtiyoji chetda qolgan boʻlsa, bugun barcha sohada yangi nafas, yangi tashabbuslar yuzaga chiqmoqda, amaliyotga faol tatbiq etilmoqda. Yashirin imkoniyatlar yuzidan “harir pardalar” koʻtarildi. Viloyatda koʻplab yangi korxonalar va loyihalar ishga tushayotgani odamlarning tafakkuri, dunyoqarashi, hayotga munosabati ham yangilanayotganidan dalolat.

Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda odamlar hayotga boshqacha qarayapti. Ularning koʻzlarida ishonch uygʻongan. Endilikda fuqarolar oʻzini tomoshabin deb bilmaydi: u jarayon ishtirokchisi, hatto unga taʼsir koʻrsatuvchi subyekt. Mahalliy Kengashlarda faollik oshdi, jamoatchilik nazorati amalda taʼminlanmoqda. Bu esa butun boshqaruv tizimini xalqqa yaqinlashtirdi, odamlarning davlatga ishonchi va munosabatini oʻzgartirdi.

Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar, qurilayotgan inshootlar, ishga tushayotgan loyihalar ortida raqamlarnigina emas, balki inson taqdiri oʻzgarayotgani, mehnati qadri oshayotgani, hayoti farovonlashayotganini koʻrish mumkin.

Viloyat bugungi kunda “oʻzini topa olgan hudud”ga aylandi. Hududning qulay geografik joylashuvi, keng turdagi qazilma boyliklari, salohiyatli inson resursidan unumli foydalanilmoqda.

Taraqqiyot bu yurtda balandparvoz gaplar bilan emas, natija bilan oʻlchanmoqda. Viloyat endilikda faqatgina ishlab chiqarmaydi, balki oʻz brendiga ega. Bu yerda odamlar faqat mehnat qilmaydi, balki yaratadi, ijod etadi. Shu bois yangi loyihalar kelajak poydevoriga aylanmoqda. Bu zaminda har bir tajriba – bir maktab, har bir yutuq – bir oʻzgarish sifatida namoyon boʻlmoqda.

Shu sababdan ham Toshkent viloyatidagi oʻzgarishlar haqida gap ketganda, toʻgʻridan-toʻgʻri zavodlar yoki yoʻllar haqida emas, inson haqida, u qanday yashayapti, qanday fikrlayapti, qay yoʻnalishda taraqqiy etayotgani haqida soʻz yuritiladi. Bu yurt endi faqat moddiy jihatdan emas, maʼnaviy jihatdan ham boy boʻlib borayotgani eʼtirof etiladi. Eng katta boylik esa – bu insonlarda el-yurt taqdiriga daxldorlik hissining shakllanganidir.

Yuksalish mohiyati

Bugun yuksalish faqat inshootlar soni yoki eksport koʻrsatkichi bilan emas, balki insonlar yuragidagi xotirjamlik, oila bagʻridagi orom va kelajakka qatʼiy ishonch bilan baholanmoqda. Chunki haqiqiy taraqqiyot raqamlarda emas, inson tafakkuridagi oʻzgarishda oʻz aksini koʻrsatadi.

Toshkent viloyatidagi oʻsish ham aynan ana shunday ichki yangilanishga asoslangan: davlat va jamiyat oʻrtasidagi ishonch koʻprigi mustahkamlanib, xalq ovozi davlat qarorlarida aks etmoqda. Bu yurtda sukut oʻrnini soʻz, tasavvur oʻrnini reja, umidsizlik oʻrnini harakat egallayotir. Dehqon yerni foyda manbai sifatida emas, imkoniyat sifatida baholaydi; tadbirkor faqat boyish uchun emas, jamiyatni rivojlantirish uchun harakat qiladi. Yoshlar esa faqat orzu bilan emas, aniq maqsad va reja bilan yashamoqda. Davlatimiz rahbari bot-bot takrorlayotgan “xalqni rozi qilish” iborasi zamirida ana shu xotirjam hayot tarzi, xalq manfaati ustunligi va uning taʼminlanishi yotadi, aslida.

Viloyatda taraqqiyot inson qalbida boshlanganiga urgʻu berdik. Zero, uning amaliy ifodasi jamiyatdagi harakatda, loyihalarda, sarmoya va eksportda oʻz aksini topayotgani ham rost. Chunki ruhdagi yangilanishni qoʻllab-quvvatlovchi eng muhim vosita, bu – orzularni roʻyobga chiqarish uchun yaratilgan shart-sharoit, ishonchli investitsiya muhiti, faol iqtisodiy hayot va keng imkoniyatlar maydonidir. Ana shu ragʻbatlarga ega inson chinakam qudratli kuchga aylanadi, yaratadi, yashnatadi.

Birgina Chirchiq shahri misolida 2016 – 2024-yillar davomida amalga oshirilgan ishlar samarasi fikrimizni tasdiqlaydi. Bu yillar davomida aholi soni 15,6 foizga oshgan boʻlsa, sanoat mahsulotlari hajmi 11,8 foizga oʻsdi. Asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar 16,4 foizga koʻpaydi, tashqi savdo aylanmasi esa 5,2 barobar ortdi. Eng muhim koʻrsatkichlardan biri – oʻrtacha oylik ish haqining 277 foizga oshganidir.

Bu raqamlar shunchaki muayyan sonni ifodalamaydi, balki odamlar hayotiga chuqur kirib borgan islohotlarning amaliy natijasini koʻrsatadi, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan keng qamrovli oʻzgarishlarni namoyon qiladi.

Taraqqiyot katalizatori

Toshkent viloyatidagi yangilanish jarayonlari inson taqdiri bilan uygʻun va hayotbaxsh. Zero, turizmni rivojlantirishdan to bandlikni taʼminlashgacha, byudjetni kengaytirishdan to xorijiy investitsiyalarni koʻpaytirishgacha – barcha islohotlar xalq manfaatiga xizmat qilmoqda.

Birgina turizm sohasini olaylik. Mazkur tarmoq viloyat taraqqiyotidagi muhim “oʻsish nuqtalari”dan biriga aylanib ulgurdi. U faqat dam olish sohasi emas, balki infratuzilmani tubdan yangilaydigan, mahalliy tadbirkorlikni jonlantiradigan, yurtning madaniy salohiyatini namoyon etuvchi omil sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2024-yilda Toshkent viloyatiga 468 ming xorijiy sayyoh va 7,7 mln. mahalliy mehmonning tashrif buyurgani viloyatning tabiiy goʻzalliklari, tarixiy merosi va insonlarining mehmondoʻst ruhini eʼtirof etgan yuksak koʻrsatkichdir. Mazkur raqamlar orqali nafaqat turistlar oqimi oshganini, balki ichki bozordagi harakat, tadbirkorlikdagi faollik, yangi ish oʻrinlari va turizm vositasida iqtisodiyotga qoʻshilayotgan salmoqli hissani koʻramiz. Yangi tashkil etilgan 28 ta oilaviy mehmon uyi, 17 ta turagentligi va 9 ta turoperator infratuzilmaning texnik rivojinigina emas, balki xalqning saʼy-harakatlari bilan qurilayotgan iqtisodiy madaniyat, xizmat sifatiga boʻlgan talabning ortishi va viloyatning turizm salohiyatini faol amalga chiqarishga qaratilgan qatʼiyatli qadamlarni anglatadi. Parkent, Ohangaron va Boʻstonliq tumanlarida tashkil etilgan oʻnlab “turizm qishloqlari”ning ham bunda munosib ulushi bor.

Ayniqsa, anʼanaviy tus olgan “Uzum sayli” va xalqaro vinochilik festivali hududga sayyohlar oqimini oshirish, uzumchilik va vinochilik yoʻnalishida tajriba almashish, ekoturizm mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish hamda xorijiy sarmoyalarni yurtimizga jalb qilishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli.

Dunyo bilan aloqalar kengayib, infratuzilma rivojlangani sari mamlakatimizning turizm salohiyati ham oshmoqda. Shunday jozibador maskanlardan biri, shubhasiz, Boʻstonliq tumani. Chorvoq suv ombori va daryolari, qorli togʻlari, xushmanzara daraxtzorlari bois u yerda yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish mumkin. Davlatimiz rahbari rahnamoligida soʻnggi yillarda Boʻstonliqda koʻplab yangi majmualar barpo etildi, Amirsoy, “Beldirsoy – Chimyon – Nanay” kurorti kabi loyihalar amalga oshirildi. Xususan, soʻnggi besh yilda 2 trillion soʻmdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ziyod oʻringa ega 59 ta yangi turizm inshooti ishga tushirildi.

Bunday natijalar chet ellik sarmoyadorlarni ham oʻziga tortmoqda, yanada katta miqyosdagi loyihalarga yoʻl ochmoqda. Jumladan, ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda Chorvoq suv ombori boʻyida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini bildirgan. Loyihaga koʻra unda dam olish, choʻmilish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turarjoylar boʻladi. Xalqaro brendlarning doʻkonlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar oʻtkaziladi. Ikki qirgʻoq oʻrtasida koʻprik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Kelajakda oʻziga xos “turizm xab”iga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin boʻladi.

Demak, turizm – viloyatda yangi ish oʻrinlari, ishonch va imkoniyatlar manbai. Bu soha orqali viloyat nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-maʼrifiy jihatdan ham tashqi dunyoga ochilmoqda. Shu jihatdan, turizm Toshkent viloyati uchun nafaqat hozirgi taraqqiyot katalizatori, balki istiqbolni belgilab beruvchi tayanch sohalardan biriga aylangani, shubhasiz.

Ishsiz koʻpmi, ish oʻrnimi?

Bandlik sohasida erishilgan yutuqlar viloyat taraqqiyotining eng hayotiy va xalqchil koʻrsatkichlaridan biridir. Chunki ish oʻrni bilan bogʻliq har bir raqam ortida insonlarning taqdiri, oilalarning farovonligi, farzandlar kelajagi bilan bogʻliq iqtisodiy kafolat turadi.

2024-yilda 293,6 ming nafar aholining turli sohalarda ish bilan taʼminlangani davlat islohotlari jamiyat hayotining real qatlamiga chuqur kirib borganini tasdiqlaydi. Aynan xizmat koʻrsatish sohasida 184,4 ming, qishloq xoʻjaligida 97,3 ming, qurilishda 7,2 ming ish oʻrni yaratilgani bu mehnatning qadri tiklanayotganini, har bir fuqaroning faolligi iqtisodiy harakatga aylanayotganini anglatadi. Ishonch bilan aytish mumkinmi, hududda ishsizlardan koʻra ish oʻrni koʻpaygan.

Bandlikni taʼminlash davlat va jamiyat oʻrtasidagi ishonchli koʻprikdir. Ana shu koʻprik bugun Toshkent viloyatida yangicha mazmun, aniq yoʻnalish va hayotbaxsh natija bilan mustahkamlanmoqda. Bu esa mehnat orqali bunyod etilgan hayot, tadbir va tashabbusga asoslangan orom ramzidir.

Mahalliy byudjet koʻrsatkichlaridagi 104 foizlik bajarish, 2,7 trln. soʻmlik tushum va “tashabbusli byudjet” jarayoni orqali amalga oshirilgan 313 ta gʻolib loyiha ham fuqarolarning davlat boshqaruvidagi faol ishtiroki ifodasidir. Bu yurtimizda xalq ovozini eshitishgina emas, balki u orqali harakat qilish madaniyati shakllanayotganini anglatadi.

Ilm va salomatlik hayot sifatini belgilaydi

Jamiyatning barqaror rivoji, fuqarolarning maʼnaviy kamoloti va hayot sifati, avvalo, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimining qay darajada yetukligi bilan belgilanadi. Toshkent viloyatida oxirgi yillarda aynan shu sohalarga katta eʼtibor qaratildi. Bugun viloyatda zamonaviy taʼlim va tibbiy xizmatlardan bahramand boʻlish faqat huquq emas, real imkoniyat. Bu oʻzgarishlar aniq strategiya, izchil siyosat va xalq manfaatiga qaratilgan islohotlar samarasidir.

Taʼlim sohasida, avvalo, inson omili, yaʼni oʻqituvchi masalasiga jiddiy yondashildi. Bir vaqtlar pedagog kadrlarga eng yuqori ehtiyoji bor hududlardan biri sanalgan Toshkent viloyatida Chirchiq davlat pedagogika universiteti orqali bu muammoga tizimli yechim topildi. Universitet bitiruvchilari soni oshirildi, ularning ishga joylashishiga institutsional koʻmak koʻrsatildi. Chunki yaxshi oʻquvchi tayyorlash uchun avval yaxshi oʻqituvchi kerak. Bu jarayonda taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi ham inkor etilmas darajada yangilanmoqda. Maktab va bogʻchalarning infratuzilmasi zamonaviy oʻquv anjomlari, texnologiyalar bilan toʻldirilmoqda, bu esa taʼlim sifatini tabiiy ravishda oshirmoqda.

Taʼlim dargohlarida oʻquv dasturlari va metodikalar qayta koʻrib chiqilib, zamon talablariga moslashtirilyapti. Chunki zamonaviy dunyoda ilm faqat qomusiy bilim emas, u oʻylash, anglash, toʻgʻri qaror qabul qilish qobiliyatini anglatuvchi tushunchadir. Viloyatda taʼlim mazmuni ana shu koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilmoqda.

Eng muhim taraqqiyot belgilaridan biri raqamli texnologiyalarning taʼlim jarayoniga faol joriy etilayotganidir. Onlayn platformalar, interaktiv darslar, virtual muhitlar bugun yoshlarning dunyo bilan tenglashuviga xizmat qilmoqda.

Viloyatdagi taʼlim va tarbiya sifatining zamonaviylashuvida, xalqning taʼlimga boʻlgan munosabati tubdan yaxshilanishida Chirchiq davlat pedagogika universiteti oʻzini nafaqat kadrlar tayyorlovchi markaz, balki ilgʻor gʻoyalar, innovatsion yechimlar taklif qiluvchi dargoh sifatida namoyon qilmoqda. Ushbu maskanda amalga oshirilayotgan yangi avlod taʼlim strategiyalari viloyatda oʻquv tizimini rivojlantirish, uning samaradorligini oshirish va asosiysi, inson salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan. Universitet nafaqat mutaxassislar tayyorlaydi, balki ular orqali butun jamiyatda bilim, fikrlash madaniyati va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirmoqda.

Sogʻlom inson – kuchli jamiyat poydevori. Shu bois viloyatda tibbiyot sohasiga boʻlgan yondashuv soʻnggi yillarda tubdan oʻzgardi: endi shifoxonalar faqat muolaja joyi emas, balki inson qadrini himoya qiluvchi muassasalar hamdir.

Sogʻliqni saqlash tizimida hayotga tatbiq etilgan raqamli texnologiyalar tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va samaradorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Sohada joriy etilgan “elektron retsept” tizimi shifokor va bemor oʻrtasidagi munosabatni mutlaqo yangi pogʻonaga olib chiqdi. Shifokorlar dori vositalarini elektron shaklda tayinlar ekan, dorixonalar bilan integratsiyalangan tizim orqali bemorlar dorini osonlik bilan qabul qilyapti. Bu nafaqat noqonuniy savdoni chekladi, balki inson uchun qulaylik va shaffoflik muhitini yaratdi.

Oilaviy poliklinikalarda bemorlarni eng koʻp qiynaydigan masala nima? Shifokor qabulini uzundan-uzun navbatda kutish. Bu holat, ayniqsa, yosh bolali ayollar, homiladorlar va ogʻir bemorlarga qiyinchilik tugʻdirishi bor gap. Muammo yechimi esa bitta – birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish.

Shundan kelib chiqqan holda butun yurtimizda boʻlgani kabi Toshkent viloyatida ham tibbiyot sohasini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, birlamchi boʻgʻinda “Elektron poliklinika” axborot tizimining bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi soha xodimlari va bemorlar uchun ayni muddao boʻldi. Avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan boʻlsa, endilikda mutaxassis koʻrigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqardi.

Bugun viloyat shifoxonalarida axborot tizimlari orqali bemorlarning tibbiy maʼlumotlari elektron tarzda saqlanmoqda. Bu shifokorlarga toʻliq maʼlumot asosida tez va aniq qaror qabul qilish imkonini beradi. Demak, tibbiy muolaja endilikda tekshirilgan maʼlumot, rejali yechim va kutilgan natijaga asoslangan.

Qisqacha aytganda, sogʻliqni saqlash sohasi Toshkent viloyatida yangi pogʻonaga koʻtarildi. Bu raqamlardagina emas, hayotda, insonlar salomatligida, shifo topayotgan qalblarda aks etmoqda. Zero, mazkur jabhadagi islohotlar zaminida “Sogʻlom inson – barqaror jamiyat” gʻoyasini amalga oshirish yotadi.

“Inson – jamiyat – davlat”

Keyingi yillarda “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga oʻzgartirilgani Oʻzbekistonda inson qadri barcha narsadan ustun ekanini yana bir bor namoyon etdi. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqimizning xohish-irodasi bilan “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili konstitutsiyaviy meʼyor sifatida mustahkamlandi.

Shu asosda ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish uchun islohotlarni dadil amalga oshirayotgan ekanmiz, sifatli taʼlim, malakali tibbiy xizmat, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambagʻallikni qisqartirish ustuvor vazifamiz boʻlib qolaveradi.

Oʻzbekistonda bugun yaratilayotgan yangi davlat boshqaruv tizimi shunchaki maʼmuriy islohot emas, balki inson qadrini eʼzozlash, uni har bir qaror mazmuniga singdirish sari tashlanayotgan tub oʻzgarishlar yoʻlidir. “Inson va uning baxti uchun!” degan ezgu gʻoya bu davlat hamda jamiyat munosabatlaridagi yangi fazani, yangi madaniyatni shakllantirayotgan hayotiy tamoyildir. Bu tamoyil Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” shiorida yuksak ifodasini topdi.

Endilikda davlat mulozimlari xalq bilan baqamti gaplashmoqda; fuqaro esa tomoshabin emas, islohotlar jarayonining faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Prezidentimiz taʼkidlagan – “Hammamiz bir kuch, bir qudrat boʻlib xalqimizga xizmat qilishimiz kerak”ligi bugun davlat va xalq oʻrtasidagi haqiqiy hamjihatlik falsafasiga aylandi. Bu yondashuv mahalla institutining jamiyat boshqaruvida hal qiluvchi boʻgʻinga aylantirilishida ham yaqqol namoyon boʻldi. Bugun mahallalar fuqarolar tashabbusi, fikri, muammosi va yechimlarini jipslashtiruvchi asosiy boʻgʻin hisoblanadi.

Toshkent viloyatida mahalla, tomorqa va ijtimoiy obyektlarni rivojlantirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar xalq turmushi sifatini oshirishga, hayot tarzida haqiqiy oʻzgarish yasashga qaratilgan. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan mahallabay ishlash tizimi viloyatda inson manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyish tamoyilini amalda tasdiqlamoqda. Jumladan, 1018 ta mahallada 650,4 ming­ta xonadon toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, 97,3 foizi “Onlayn mahalla” elektron platformasiga integratsiya qilindi. Bu nafaqat raqamlashtirish, balki har bir oilaning muammosi, ehtiyojini alohida yondashuv asosida hal etish imkonini yaratdi.

Mahalla faolligi orqali rivojlanayotgan yana bir muhim yoʻnalish – ijtimoiy infratuzilmani tubdan yangilashdir. 2025-yilda viloyatda 14 ta yangi maktabgacha taʼlim muassasasi qurilishi, 83 tasining rekonstruksiya qilinishi bu faqat binolar yangilanishini anglatmaydi, balki bolalar uchun ilmiy va maʼnaviy muhitni mukammallashtirish, demakdir. Maktablarda virtual laboratoriyalar tashkil etilishi esa taʼlim sifatiga “jon” ato etmoqda. Bu loyihalar yosh avlodning kelajakda raqobatbardosh, texnologik va intellektual jihatdan kuchli shaxs boʻlib kamol topishiga xizmat qiladi.

Farovonlik muhri

Toshkent viloyatida “Tashabbusli byudjet” loyihalarining sifatli amalga oshirilishi fuqaro bilan davlat oʻrtasidagi ishonch koʻprigi, yangi boshqaruv madaniyatini anglatadi. Endilikda fuqarolar bu jarayonda faqat ijroni kutuvchilar emas, balki qaror qabul qilishda faol ishtirok etuvchi, jamoat boshqaruvida teng huquqli va taʼsirli ishtirokchiga aylanmoqda.

2024-yilda “Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi mavsumi doirasida viloyat aholisi tomonidan 27 mingdan ortiq loyiha ilgari surildi. Bu tashabbuslarning 23 mingdan ziyodi saralab olinib, “Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili asosida ommaviy ovoz berish jarayoni tashkil etildi. Fuqarolar oʻz ovozlari orqali mahalliy rivojlanishda qaysi muammo birinchi hal etilishi kerakligini belgilab berish imkoniga ega boʻldi. Bu – jamiyatda tenglik va javobgarlik ruhini kuchaytiruvchi tarixiy qadam.

Ovoz berish jarayonlari “Ochiq byudjet” portali orqali shaffof, elektron asosda amalga oshirilib, har bir fuqaroga qatnashish imkoni berildi. Bu imkoniyatdan samarali foydalangan viloyatdoshlarimizning umumiy qiymati 203 mlrd. soʻmdan ortiq boʻlgan jami 181 ta loyihasi gʻolib deb topilib, mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun tuman va shahar hokimliklari huzurida maxsus jamgʻarmalar tashkil etildi. Bu jamgʻarmalar orqali mablagʻlar maqsadli yoʻnaltirilib, loyihalarning samarali ijrosi taʼminlanmoqda.

Bu jarayonlarda Parkent tumani hamda Olmaliq, Chirchiq va Bekobod shaharlari aholisining faolligini eʼtirof etish lozim, albatta.

Toshkent viloyatida “Tashabbusli byudjet” orqali amalga oshirilayotgan loyihalar aholining kundalik turmush tarzida oʻz aksini topmoqda. Mahalliy yoʻllarni taʼmirlash, maktab va bogʻchalarni obodonlashtirish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash kabi tashabbuslar orqali odamlar oʻz turmush tarzini, hayoti sifatini oʻzgartirmoqda. Bu jarayon faqat infratuzilmani emas, balki odamlarning davlatga, oilasiga va mahallasiga boʻlgan munosabatini yangilamoqda.

Tashabbuslar endilikda yuqoridan emas, balki hayotning oʻzidan, yanayam aniqrogʻi, xalqning qalbidan boshlanmoqda. Va ular faqat murojaatda emas, hal etilayotgan, moliyalashtirilayotgan, natija beruvchi harakatlarga aylanmoqda. Toshkent viloyati bu tajriba orqali fuqarolar ishtirokidagi boshqaruvning hayotiy modelini namoyon etyapti, bu nafaqat demokratik islohot, balki xalqning ovozini haqiqiy qudratga aylantirish jarayonidir.

Aholi uchun qulay va munosib uy-joylar qurish bu inson qadrini yuksaltirish, oila farovonligini mustahkamlash va fuqarolarning hayotga boʻlgan ishonchini oshirishga qaratilgan toʻlaqonli islohot. Shu bois, bugungi kunda Toshkent viloyatida yangi uy-joylar farovon hayotning muhriga aylanmoqda.

Ertangi kun uchun bugungi daʼvat

Bugun Oʻzbekiston taraqqiyoti yangi bosqichga koʻtarilar ekan, jamiyatning barcha qatlami yuksak masʼuliyat hissi, vatanparvarlik tuygʻusi va faol fuqarolik pozitsiyasi bilan milliy yuksalish sari dadil qadam tashlamoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar faqat institutsional oʻzgarishlar emas, balki xalq ongidagi, hayotga boʻlgan munosabatdagi yangilanishlardir. “Buyuk kelajagimizni oʻz qoʻlimiz bilan bunyod etamiz!” degan ezgu gʻoya bugun har bir sohada, har bir inson faoliyatida amaliy mazmun kasb etmoqda.

Yurt fidoyilari – oʻqituvchi, shifokor, muhandis, tadbirkor va har bir mehnatkash oʻz sohasi orqali Vatan ravnaqiga hissa qoʻshmoqda. Ular har kuni jasorat bilan qarorlar qabul qilmoqda, bular – yaxshiroq taʼlim berish, sifatliroq xizmat koʻrsatish, samarali ishlab chiqarish, halol mehnat qilish va kelajak uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish. Haqiqiy taraqqiyot shu vaqtning oʻzida amalga oshirilayotgan shijoatli qadamlardan boshlanadi. Bu qadamlar buyuk kelajak sari yoʻl ochadi. Va bu yoʻlda eng katta kuch birlashgan xalq irodasi, fidoyi insonlar va yurakdan qoʻshilgan harakatdir.

Bugun biz, Toshkent viloyatining pedagogik jamoasi, qalbimiz qoʻri va yuksak masʼuliyat tuygʻusi bilan yurtdoshlarimizga, barcha soha vakillariga, ayniqsa, yosh avlod taqdiri uchun javobgarlikni yelkasida koʻtarib kelayotgan har bir insonga samimiy murojaat bilan yuzlanamiz:

“Biz buyuk kelajakni orzu qilibgina emas, uni yaratishni zimmamizga olgan avlodmiz. Bu yoʻldagi eng katta boyligimiz bilimli, ezgu niyatli, Vatan taqdiriga befarq boʻlmagan, haqiqiy maʼnoda “kelajak egalari” deya ishonch bildirilgan yosh avloddir. Ular bizning faxrimiz ham, masʼuliyatimiz ham. Shunday ekan, ularni el-yurt, davlat, jamiyatni yuksaltiradigan, xalq dardini his etadigan, Vatanga xizmat qilishni hayot maqsadi deb biluvchi inson sifatida tarbiyalashimiz shart.

Bugungi islohotlar – faqat bugun uchun emas. Ular ertangi Oʻzbekiston uchun, uchinchi Uygʻonish davri uchun qoʻyilgan dadil va ishonchli qadamdir. Bu islohotlar dilida sadoqat, koʻzida yurt ravnaqiga ishonchi bor yoshlar tomonidan davom ettirilishi kerak. Ular bu jarayonning faqat guvohi emas, balki gʻoyaviy va amaliy poydevorini mustahkamlovchi vorislaridir.

Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar – sanoatdan tortib qishloq xoʻjaligigacha, taʼlimdan sogʻliqni saqlashgacha, turizmdan xizmat koʻrsatish sohalarigacha inson imkoniyatini ochishga, yoshlar qobiliyati va salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan. Demak, har bir loyiha, har bir oʻzgarish – yoshlarimizning orzu-umidi uchun!

Shunday tarixiy davrda har bir mutaxassis – oʻqituvchi, muhandis, shifokor, tadbirkor, fermer, hunarmand va ziyolidan faqat bilim va mahorat emas, balki oʻz kasbiga sadoqat, xalqqa muhabbat va yoshlarga gʻamxoʻrlik kutilmoqda. Chunki farzandlarimizni biz faqat darslik bilan emas, balki ruhiy kamolot, maʼnaviy barkamollik va yuksak masʼuliyat tuygʻusi bilan tarbiyalasak, ular nafaqat yetuk mutaxassis, balki yurtga xizmat qiluvchi fidoyi shaxs boʻlib kamol topadi. Zero, kelajak – bugungi jasorat, fidoyilik va hamjihatlikda yaratiladi!”

Gʻofurjon MUHAMEDOV,

Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori,

xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati,

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер