Oziq-ovqat va energiya ta’minotidagi dolzarb vazifalar belgilandi

17:48 11 Avgust 2023 Siyosat
963 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Buxoro shahrida 11 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini saqlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi qahraton qish va yozdagi o‘ta issiq kunlar sinovli bo‘ldi. Shu bois, kelayotgan qishga hozirdanoq tayyorlanish, buning uchun yetarli oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish va energiya barqarorligini ta’minlash zarur.

O‘tgan yillarda paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga dehqonchilik uchun 200 ming gektar ajratilgani oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirishda muhim omil bo‘ldi. Natijada 700 ming nafar aholi doimiy, yana 1 million 300 ming nafari mavsumiy ish bilan ta’minlandi. 605 ming nafar dehqonlarning daromadi oshdi. Kartoshka, piyoz, sabzi bilan o‘zini o‘zi ta’minlaydigan tumanlar ko‘paydi.

Shu bilan birga, ko‘p tuman va shaharlar sabzavotlar, go‘sht va tuxumni boshqa hududlardan olib kelmoqda. Hokimlar ajratilgan yerlardan foydalanishni to‘g‘ri tashkil qila olmayapti.

Shu bois davlatimiz rahbari bu borada yangi tashabbuslarni bildirdi. Endi dastlabki bosqichda 10 yil muddatga ajratilgan 73 ming gektar maydonning ijara muddatlari 30 yilga uzaytirib beriladi. Bo‘sh turgan 100 ming gektar yaylovlarni chorvasi bor aholi kamida 10 gektardan 10 yil muddatga ijaraga olishiga ruxsat beriladi. “Ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga yerlarni berishda ular yer uchun barcha to‘lovlardan ozod qilinadi.

Talabgor topilmagan maydonlarni suvli va aholiga yaqin yerlarga almashtirish, yangi ekin joylarini ochiq-oshkora savdoga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bular hisobiga 1 million tonna mahsulot yetishtirib, qo‘shimcha 800 ming aholini daromadli qilish mumkinligi aytildi.

Dala chetlarida uzum, kadi, qovun, tarvuz va sabzavot ekib, qo‘shimcha 220 ming tonna mahsulot yetishtirish, 600 ming bosh parranda va 300 ming dona asalari oilasini boqish bo‘yicha dastur ijrosi ko‘rib chiqildi.

Narxlarni jilovlash takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga ko‘payib, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paygan. Ularda 150 ming aholi yuqori daromadli ish bilan band.

Kuz-qish mavsumida issiqxonalarga yoqilg‘i mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, zarur bo‘lsa, buning xaridi uchun kreditlar ajratish muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash vazifalari ham muhokama qilindi.

Yurtimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish, iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda.

O‘tgan davrda 430 Megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi. Shuning o‘zi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu – ijtimoiy soha ob’yektlari yillik iste’molining 60 foiziga teng, degani.

Bugungi kunda ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’yektlari hamda aholi xonadonlarida 250 Megavatt quyosh panellari o‘rnatildi.

Shu bilan birga, energiya resurslarini tejash tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Yil yakuniga qadar 3,7 milliard kilovatt soat elektr va 2,4 milliard kub metr gazni iqtisod qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ikkinchi yarim yillikda 30 milliard kub metr gaz qazib olish hamda yerosti gaz omborlarida zaxirani kamida 3,5 milliard kub metrga yetkazish, 41 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish vazifasi belgilandi.

Elektr tarmoqlari va transformatorlarni to‘liq ta’mirlash, energiya resurslari iste’molida tartib-intizomni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер