Oʻzi xushxoʻr, daromadi zoʻr

11:44 17 Mart 2026 Jamiyat
130 0

Soʻnggi yillarda Qashqadaryo viloyatida issiqxona sharoitida qulupnay yetishtirish eng ommalashayotgan tarmoqlardan biriga aylanib bormoqda. Koʻplab oilalar ushbu faoliyat bilan shugʻullanib, yaxshi daromad topyapti.

Qamashi tumanining Mayda mahallasida yashovchi Shodiyor Joʻrayev ham 5-yil avval tomorqasining bir chetida 2 sotixli issiqxona qurib, yopiq sharoitda qulupnay yetishtirishni yoʻlga qoʻygan edi.

Tajribali dehqonlar bilan maslahatlashib, issiqxonaga ushbu rezavorning Janubiy Koreyadan keltirilgan yangi navini ekdi. Hali bu sohada yetarli tajribasi yoʻqligiga qaramay, dastlabki yilning oʻzidayoq yaxshi daromad oldi. Shundan soʻng bu ishga yanada shijoat bilan kirishdi. Issiqxonasini yana 2 sotixga kengaytirdi. Yopiq usul bilan bir qatorda, ochiq dala sharoitida ham qulupnay yetishtirishni oʻzlashtirdi.

— Issiqxona sharoitida qulupnaydan yil boʻyi hosil olish mumkin, — deydi dehqon. — Ochiq sharoitda esa bahordan kuzgacha meva beradi. Mahsulotga doimo talab bor.

Shodiyor Joʻrayev oʻtgan yili 4 sotixlik issiqxona hamda 35 sotix ochiq tomorqada qulupnay yetishtirish orqali 300 million soʻmdan oshiq daromad olganini aytmoqda.

Eʼtiborli tomoni, Shodiyor Joʻrayevning bu tashabbusi yaqinlari, qoʻni-qoʻshnini ham shu faoliyatga ilhomlantirdi. Pirovardida bugun mahallada qulupnaychilikni yoʻlga qoʻyayotgan oilalar soni oshib bormoqda.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?