Oʻzbekiston—Qirgʻiziston chegarasida maxfiy tunnel qaziganlar qamaldi
2024-yilning mart oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Oʻzbekistonning Xonobod shahri hududini Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani bilan bogʻlovchi yashirin yerosti tunneli aniqlangan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, dastlab 1986-yilda tugʻilgan Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi yerosti yoʻli orqali Oʻzbekistonga umumiy bahosi 5,954 mlrd soʻmlik 812 dona mobil telefon vositalarini olib oʻtib, mamlakatimizdan esa qiymati 1,558 mlrd soʻmga teng boʻlgan 1 klogramm 734 gramm nostandart quyma oltin buyumlarni olib chiqib ketmoqchi boʻlgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahri va Oltinkoʻl tumanida yashovchi, 1971, 1979 va 1980-yillarda tugʻilgan 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda mazkur yerosti yoʻlagi orqali olib oʻtilgan 2 mlrd. 839 mln. soʻmlik jami 1380 dona mobil telefon apparatlari, 32 dona quloqchinlar, 920 dona adapterlar, 338 dona USB-S kabellar, 40 dona quvvatlagichlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Yer osti tunneli 18-20 metr chuqurlikda joylashgan boʻlib, uning kengligi 60-70 santimetrni, balandligi 170-180 santimetrni, uzunligi esa 300-350 metrni tashkil qiladi.
Olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu uyushgan jinoiy guruhga 1983-yilda tugʻilgan Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi rahbarlik qilganligi aniqlanib, u tomonidan guruh aʼzolari oʻrtasida vazifalar taqsimlangan. Hozirda unga nisbatan ham alohida jinoyati ishi olib borilmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudi tomonidan 1986-yilda tugʻilgan Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi Jinoyat Kodeksning 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6-yil muddatga, 3 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari esa Jinoyat Kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biri 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud hukmiga muvofiq, ulardan olingan tovar-moddiy boyliklar hamda Xonobod shahri A.Navoiy MFYdagi xonadon undagi “yerosti tunneli” koʻmish yoʻli bilan yoʻq qilinib, davlat foydasiga musodara qilingan.
Bundan tashqari, 1984-yilda tugʻilgan Oʻzbekiston fuqarosining Xonobod shahar A.Navoiy MFYdagi xonadonida aniqlangan ikkinchi yerosti tunneli ham sud hukmiga muvofiq, tegishli tartibda yoʻq qilinib, mazkur uy hamda ashyoviy dalil sifatida olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilindi. Qonunbuzarga nisbatan esa 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Tergov jarayonida, ushbu yerosti tunnellari orqali Qirgʻiz Respublikasidan olib oʻtilgan turli rusumdagi mobil telefon apparatlari Andijon va Toshkent shaharlaridagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilgani aniqlanib, hozirda mazkur yoʻnalishda tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Huquq-tartibot organlari tomonidan kelgusida ham bu kabi jinoyatchilarga qarshi murosasiz kurashish davom ettiriladi”, deya taʼkidlanadi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring