Oʻzbekiston—Malayziya taʼlim forumi: taraqqiyotning tamal toshini birgalikda qoʻyamiz

09:29 12 Fevral 2025 Jamiyat
219 0

Milliy taraqqiyot, jahon ichra teng boʻlish va dunyoga chiqish hech qachon silliq kechmagan. Dunyo hamjamiyatidan oʻrin olish uchun amaliy harakatlar, yakdillik, mushtarak maqsadlar, yuksak tafakkur, bilim va taʼlim zarur.

Ayonki, XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Turkiston jadidlarining dasturida bir qator vazifalar qoʻyilgan boʻlib, ularning asosiylaridan biri — xalq taʼlimida islohotlar olib borish hamda madaniyat, fan va texnika kabi hayotiy muhim sohalarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va ulardan Turkistonning iqtisodiyoti, sanoati va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda foydalanish edi.

Ahamiyatlisi, jadid mutafakkirlarimiz dasturidagi vazifalar hozirga qadar oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelmoqda va yangi Oʻzbekiston sharoitida mamlakatimizning “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida oʻz aksini topdi. Taʼlim tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi va bu borada keng koʻlamli ishlar olib borilayotir.

Xususan, inson kapitaliga sarmoya kiritish, taʼlimni isloh qilish, bilim dargohlari infratuzilmasini takomillashtirish, oʻqituvchilik kasbining mavqeini va taʼlim sifatini oshirish, farzandlarimizni har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, ertangi kunimiz suyanchi va tayanchi boʻla oladigan insonlar sifatida kamol toptirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Buning ifodasini sohada zamonaviy pedagogik texnologiyalar, rivojlangan davlatlar tajribasi keng qoʻllanayotgani, taʼlim-tarbiya jarayoni innovatsion yondashuvlar asosida olib borilayotgani, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, multimedia vositalaridan oqilona foydalanilayotgani, xalqaro miqyosda ham taʼlim va tajriba almashuv jarayoni izchil rivojlanib borayotgani kabi istiqbolli odimlarda koʻrish mumkin.

Chindan-da, kelajagimizni bugungi kunda ilm-maʼrifat va taʼlimning taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Chunki davlatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritilgan yutuqlar bilan chambarchas bogʻliqdir. Prezidentimizning oliy taʼlim tizimini isloh qilishga oid qator Farmon va qarorlarida xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlar tayyorlash, sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish kabi aniq vazifalar belgilab berilgan.

Shulardan biri — akademik uyushmalar, talabalar, yosh olimlar va professor-oʻqituvchilarning tajriba almashish tashabbuslarini kengaytirish maqsadida taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish ham doimiy kun tartibida. Zero, Oʻzbekistonning eng muhim strategik maqsadi ham dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga taʼlim-fan integratsiyalashuvi asosida kirib borish, barqaror iqtisodiyotga erishish bilan fuqarolarning munosib hayot kechirishiga shart-sharoit yaratishdir.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻlgani taʼlim sohasi uchun ham istiqbol eshiklarini ochdi, desak, ayni haqiqatdir. Tashrif davomida ikki davlat oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma bayonot va salmoqli bitimlar toʻplami qabul qilindi.

Malayziya — bugungi kunda nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyoda, balki butun jahonda jadal taraqqiy etib borayotgan davlat, Oʻzbekistonning vaqt sinovlaridan oʻtgan ishonchli hamkori. 34 million nufusga ega bu oʻlka xalqaro maydonda iqtisodiy taraqqiyoti va ilm-fan sohasida erishayotgan yutuqlari bilan obroʻ-eʼtibor qozonmoqda. Ayni chogʻda u oʻz mintaqasida yuqori texnologiyali sanoat, elektronika eksporti va turizmga asoslangan kuchli iqtisodiyotga ega mamlakatlardan biridir.

Poytaxt Kuala-Lumpur ulkan moliyaviy salohiyatga ega va Global moliya markazlari indeksiga koʻra dunyoda 22-oʻrinni egallaydi. Ayni chogʻda dunyodagi yirik islomiy moliya markazi hisoblanadi.

Aytish joizki, Oʻzbekiston hamda Malayziya aloqalari mustahkam doʻstlik, oʻzaro manfaatli hamkorlik, umumiy din va oʻxshash madaniy qadriyatlarga tayanadi. Oʻzaro sheriklikning imkoniyatlari katta.

Masalan, Malayziya hukumati xalqaro munosabatlar mustaqillik, suverenitet, hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, nizolarni tinch yoʻl bilan yechish mustahkam hamkorlik hisobiga qurilishi kerak, deb hisoblaydi. Bu qarashlari pragmatik va ochiq tashqi siyosat yuritayotgan Oʻzbekistonning pozitsiyasiga mos keladi. Rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan “Oʻzbekiston — 2030” va “Malayziya Madani” strategik dasturlarining maqsad va vazifalari oʻxshash.

Malayziya va Oʻzbekiston savdo, investitsiya va texnologik almashinuv orqali iqtisodiy jihatdan yanada mustahkamlanmoqda. Turizm, madaniy va taʼlim sohasida ham yaqinlik kuzatiladi. Malayziyada oʻzbekistonlik talabalar tahsil olayotgani, ilmiy tadqiqotlar borasida qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotgani bu sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

Ayniqsa, oliy darajadagi tashrif arafasida 4-fevral kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy taʼlim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzuida Oʻzbekiston — Malayziya birinchi taʼlim forumi oʻtkazilgani eʼtiborga molikdir. Unda har ikki mamlakatdan 25 tadan oliygohlar rektorlari ishtirok etdi.

Umuman, mazkur anjuman oliy taʼlimda tajribalar almashish va kelgusi strategik maqsadlar yuzasidan kelishuvlarni amalga oshirish uchun ham ahamiyatli hisoblanadi. Forumdagi muhokamalarda muhandis kadrlar tayyorlash, taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, “yashil” iqtisodiyot va turizm, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ushbu forum yakuni boʻyicha investitsiyaviy hamkorlikni amalga oshirish, dual taʼlim tajribalari, talabalar almashinuvi dasturlarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilarning malaka oshirishlari va ilmiy tadqiqot ishlarida hamkorligini kuchaytirish kabi qator akademik masalalar yuzasidan 55 ta shartnoma imzolandi. Buning natijasi oʻlaroq, hozirgi kunda faqat Toshkent va Urganch shaharlarida Malayziyaning Binari universiteti faoliyat yuritib kelayotgan boʻlsa, endilikda yurtimizda dunyoning yetakchi reyting agentliklari roʻyxatidan oʻrin olgan Malayziya universitetlari soni oʻsishi ham kutiladi.

Anjuman doirasida Malayziya oliy taʼlim vaziri Zambri Abdul Kadir, “UCSI” universiteti hamda Malaya universiteti rahbarlari bilan uchrashuvlar yakunida bir qator kelishuvlarga erishildi, jumladan:

— Oʻzbekiston va Malayya universiteti oʻrtasida qoʻshma tadqiqot loyihalarini rivojlantirish uchun qoʻshma moliyalashtirish grantlar tizimini joriy etish;

— energetika, aerokosmik texnologiyalar va boshqa sohalarda qoʻshma tadqiqot dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tadqiqotlar markazlarini tashkil etish;

— Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan Malayziyaning “Heriot-Watt” universiteti hamkorligida mamlakatimizda “R&D” markazini tashkil etish;

— “Universiti Teknikal Malaysia Melaka” hamda Oʻzbekistonning Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Buxoro muhandislik texnologiyalari instituti hamkorligida talabalar hamda professor-oʻqituvchilar almashinuvi va yozgi maktab dasturlarini joriy etish;

Malayziya fan, texnologiyalar va innovatsiya vaziri Chang Li Kan bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv yakunlari boʻyicha esa turizm, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar hamda oliy muhandislik sohasida yetuk kadrlarni tayyorlashda hamkorlik qilish, jumladan, joriy yil avgust oyida “Universiti Teknikal Malaysia Melaka” universiteti Lider ayollar sammitini tashkil etish; vodorod energetikasi, sunʼiy intellekt, biotexnologiya va kosmik texnologiyalar kabi ikki mamlakat uchun dolzarb sohalarda hamkorlik qilish;

Oʻzbekistonning “Inno” innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida “MRANTI” agentligi ofisini ochish, bu orqali texnologiyalar transferini amalga oshirish, mamlakatimizdagi yoshlar texnoparki aʼzolari ishtirokida seminar-treninglar uyushtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Sulton Idris nomidagi pedagogika universitetida YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqandda oʻtkazilishiga oid targʻibot tadbiri hamda ikki mamlakat turizm sohasi, milliy madaniy buyumlar va liboslar koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda 2 mingga yaqin ishtirokchilar, jumladan, Malayziyaning 30 ga yaqin yetakchi oliygohlari rahbarlari qatnashdi.

Tadbirda yurtimizning boy ilmiy va madaniy merosi, mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar, yangi Oʻzbekistonni barpo qilish jarayonini yorituvchi videolavhalar havola etildi.

Mehmonlarga oʻzbek maqom va baxshichilik sanʼati durdonalari ijro etilib, koʻrgazmada taqdim qilingan kashtachilik namunalari, milliy liboslar, kulolchilik va oʻyma naqsh berilgan yogʻoch buyumlari hamda milliy taomlarimiz tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi.

Albatta, gʻoyat samarali va muvaffaqiyatli oʻtgan tashrif davomida turli sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikka oid imzolangan hujjatlar, kelishuvlar mazmun-mohiyatini bir maqolada qamrab olishning imkoni yoʻq. Shu oʻrinda Sulton Idris nomidagi pedagogika universiteti direktorlar kengashi raisasi Rohani Abdullohning quyidagi soʻzlarini keltirishni joiz topdik:

Bugun Malayziya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi taʼlim munosabatlari tarixida muhim bosqich boʻldi, chunki biz oliy taʼlim kelajagi va uning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim rolini muhokama qilish uchun yigʻildik. Mazkur forumning oʻziga xosligi uning Malayziyada ilk bor oʻtkazilayotganligi boʻlib, ikki xalq oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichda rivojlanishi ramzi hisoblanadi. Malayziya va Oʻzbekiston madaniy va taʼlim sohasidagi yuksak yutuqlarga ega boʻlgan boy merosga ega va bugungi kunda biz ushbu poydevorga asoslanib, oʻzaro manfaatli boʻlgan hamkorlik aloqalarini oʻrnatmoqdamiz.

Oʻzbekiston va Malayziya universitetlari vakillaridan iborat ushbu forum fikr almashish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va istiqboldagi hamkorlik yoʻnalishlari uchun yaxshi platforma boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildiraman”.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama serqirra hamkorlikni kengaytirish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etdi. Bugun davlatimiz rahbari ilgari surayotgan, bizning oldimizga eng muhim vazifa qilib qoʻyayotgan masala ham shu — taʼlim sifatini oshirish orqali mamlakatimizni taraqqiy ettirish, xalqimiz turmush darajasini yuksaltirishdir. Bu keng qamrovli aloqalarning natijalari esa, shubhasiz, yaqin kelajakda oʻz soʻzini aytadi.

Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim,

fan va innovatsiyalar vaziri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?