Oʻzbekistonlik taekvondochilar Osiyo chempionatida rekordni yangiladi

16:36 18 Iyun 2021 Sport
766 0

Livan poytaxti Beyrut shahrida Osiyo chempionati yakuniga yetdi.

Uch kun davomida taekvondochilar qitʼa chempionligi uchun kurash olib borishdi. Quvonarlisi Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari 3ta oltin, 1ta kumush va 6ta bronza jami 10ta medalni qoʻlga kiritishdi. 

Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi xabariga koʻra, mustaqil Oʻzbekiston tarixida hech qachon bitta Osiyo chempionatida 10ta medal qoʻlga kiritilmagan edi. Bungacha eng yaxshi natija 2018-yilgi musobaqada qayd etilgandi - 8ta medal.

«Bundan tashqari taekvondochilarimiz oltin medal olish boʻyicha ham oʻz rekordini takrorlashdi! Bungacha oʻzbekistonlik taekvondochilar bitta Osiyo chempionatida maksimum 3ta oltin medalni qoʻlga kiritishgandi. Bu 2014-yil Toshkentda oʻtgan qitʼa chempionatida sodir boʻlgandi. Vakillarimiz Livanda ushbu natijani takrorlashdi va medallar umumiy soni boʻyicha rekordni yangilashdi!

Taʼkidlash lozimki, bu yilgi Osiyo chempionatida Nigora Tursunqulova, Svetlana Osipova hamda Ulugʻbek Rashitov Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrayotgani bois ishtirok eta olishmadi. Bu sportchilarimiz ham Livanga borishganida natija bundan ham yaxshi boʻlishiga shubha yoʻq edi», deyiladi xabarda.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonlik taekvondochilar Osiyo chempionatlarida qancha medal olishgan:

2004 - 1ta bronza;

2006 - yoʻq;

2008 - 1ta bronza;

2010 - 2ta kumush, 4ta bronza;

2012 - 1ta kumush, 2ta bronza;

2014 - 3ta oltin, 3ta bronza;

2016 - 1ta oltin, 1ta kumush, 2ta bronza;

2018 - 2ta oltin, 1ta kumush, 5ta bronza;

2021 - 3ta oltin, 1ta kumush, 6ta bronza.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?