Oʻzbekistonga joriy yilda 1,7 mln. sayyohni jalb etish rejalashtirilmoqda
Bu haqda kecha tashkil etilgan “Ziyorat turizmini rivojlantirishning dolzarb masalalari”ga bagʻishlangan xalqaro davra suhbatida maʼlum qilindi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan joriy yilda 1,7 mln. xorijiy, 7,5 mln. mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 mln. dollarga yetkazish vazifasi topshirilgan. Qayd etish kerakki, bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid 784 ziyoratgoh, nasroniylik diniga oid 19 hamda buddaviylikka oid 8 madaniy meros obyekti mavjud. Bu imkoniyatdan foydalanib, joriy yilda 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 mln. dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlash mumkin”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Shundan soʻng xalqaro davra suhbati ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirishning qonunchilik va institutsional asoslari, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, Oʻzbekistonni Islom sivilizatsiya markazi sifatida targʻib qilishning ahamiyati, ziyorat turizmini tashkil etishda logistika masalalari va yangi yoʻnalishlar va COVID–19 pandemiyasi davrida turizm sohasida faoliyat yuritish shartlari kabi mavzularda chiqishlar qilindi.
2021-yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlar, Mir Arab madrasasi tashkil etilganligining 500-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlari, Termiziy ulamolarning islom tamadduni va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasiga oid anjumanga tayyorgarlik ishlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Bundan tashqari, xalqaro forum doirasida Fransiya, Malayziya, Rossiya, Ozarbayjon kabi xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ham soʻzga chiqib, xorij tajribasi hamda Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga oid fikrlarini bayon etishdi.
Taʼkidlash joizki, 2020-yilning 9-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ziyorat turizmini rivojlantirishga doir vazifalar belgilab berildi.
2021-yilning 9-fevralida Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unda qulay ichki va xalqaro ziyorat turizm muhitini yaratish, yurtimizning ziyorat turizm salohiyatini keng targʻib qilish hamda mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilingan.
Joriy yilda viloyatlar kesimida ziyoratgohlarning targʻiboti uchun jami 1,1 mlrd soʻm, xorijiy davlatlarda mamlakatimizning ziyorat turizm salohiyatini targʻib qilish uchun 6 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi. Shuningdek, qator yangi mahalliy va xorijiy yoʻnalishlarda aviaparvozlar va temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, 2020-yildan boshlab Covid-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatdan kelib chiqib, xususiy sektor subyektlariga bir qator imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi
- Uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish takomillashtiriladi
- AQSH Hoʻrmuz boʻgʻozida kemalarni kuzatib borishni boshlashi mumkin
- 14-mart kuni kuzatiladigan ob-havo prognozi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring