Oʻzbekistondagi yangi oʻzgarishlar – kuzatuvchilar nigohida

15:29 23 Oktyabr 2021 Siyosat
316 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarga joylarda boʻlib, saylov kampaniyasini kuzatishlari uchun toʻliq imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Ayni paytda Samarqand viloyatida boʻlib turgan xalqaro kuzatuvchilar OAV vakillari bilan muloqotda dastlabki xulosalarini bayon etdilar.

Aydana JUKUYEVA, Qirgʻiziston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi:

- Bir necha kundan beri Oʻzbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish imkoniga ega boʻldik. Bugun Samarqanddamiz. Bu tarixiy shahar menga juda yoqdi. Shahardagi 157-saylov uchastkasida boʻlib, u yerdagi tayyorgarlikni koʻrdim, komissiya aʼzolari bilan suhbatlashdim. Hammasi yuqori darajada, qonun talablari asosida tashkil etilgan.

7-Samarqand okrug saylov komissiyasidagi uchrashuvda oʻzimni qiziqtirgan savollarga javob oldim. Ertaga Oʻzbekistonda saylov koʻtarinki ruhda, saylovchilarning faol ishtirokida oʻtishiga ishonaman. Buning uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrilgan.

Aleksandr ChERKASKIY, “LTC Media Group” kompaniyasi bosh muharriri (Germaniya):

- Oʻzbekistonda 5 yil oldingi Prezident saylovida ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman. Samarqand davlat chet tillar institutida joylashgan 67-saylov uchastkasida komissiya faoliyati va saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. Hammasi haqiqatan ajoyib. Oʻtgan va bu galgi saylov oʻrtasida koʻplab farqlar bor. Bu oʻzgarishlar menda yaxshi taassurot uygʻotdi va ushbu holat Oʻzbekistonda demokratik islohotlar oʻz samaralarini koʻrsatayotganidan darakdir.

Uve PROLL, “Behörden Spiegel” gazetasi bosh muharriri (Germaniya):

- Oʻzbekistonda saylovga katta tayyorgarlik koʻrilganiga guvoh boʻldik. Kecha Toshkentda bu jarayonlar bilan tanishgandik, bugun Samarqanddamiz. Men Oʻzbekistonga kelgunga qadar mamlakatingiz saylov qonunchiligi bilan tanishgandim va bu haqida biroz maʼlumotlarga ega boʻlgandim. Endi buning amaliy ifodasini koʻryapman. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasida boʻldik. Bu yerda bizga mamlakatingizda bu galgi Prezident sayloviga koʻrilgan tayyorgarlik, qonunchilikdagi yangilik va oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar berildi.

Yurtingizga kelishimdan yana bir maqsad - Oʻzbekistonning mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashning kafolati ekanligi bilan yaqindan tanishish edi. Bu niyatim ham amalga oshganidan xursandman. Yurtingizga birinchi marta keldim va bu serquyosh zamin menga juda yoqdi.

Cho Gyon XI, “The Korea Post” jurnali vitse-prezidenti (Janubiy Koreya):

- Oʻzbekistonda saylovlar yagona Saylov kodeksi asosida oʻtkazilishi menga manzur boʻldi. Saylov uchastkalarida barcha tayyorgarlik ochiq va shaffof tashkil etilgan. Uchastkada saylovchilar uchun qulay sharoit muhayyo etilgan. Ayniqsa, nogiron va keksalar uchun uyda ovoz berish imkoniyati yaratilgani oʻrgansa arzigulik tajriba ekan. Koreyaga borib, taassurotlarimni batafsil yozmoqchiman.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?