Oʻzbekistonda jurnalistlar va ayrim blogerlardan iborat “Media pul” tashkil etiladi

17:28 15 Dekabr 2020 Hujjatlar
2293 0

Hukumatning davlat organlari faoliyatini yoritish uchun ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishni takomillashtirishga doir qaror loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Loyihaga koʻra, 2021-yil 1-fevraldan boshlab:

davlat idoralari faoliyatini doimiy yoritib borish hamda amalga oshirilayotgan loyihalarni jamoatchilikka tezkor va tushunarli yetkazib berish orqali tashkilotning ijobiy imijini shakllantirishga doir vazifalarni amalga oshirish jarayonida hamkorlikda ishlovchi jurnalist va foydalanuvchilar soni yuqori boʻlgan blogerlardan iborat “Media pul” tashkil etiladi;

jurnalistlarning akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi yozma va elektron murojaatlari davlat idoralari tomonidan tegishli murojaat olingan kundan boshlab koʻpi bilan uch ish kunida koʻrib chiqiladi;

davlat idoralari oʻzlarining jamoatchilik kengashlari faoliyati va aʼzolar roʻyxatini qayta koʻrib chiqadi va jamoatchilik kengashlari tarkibiga kamida bir nafardan faol jurnalist va/yoki blogerni kiritadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlarning monitoringi natijasida aniqlangan davlat idoralari faoliyatiga taalluqli, aholining keng qatlami ongiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi material va maʼlumotlarga davlat idoralarining tezkor munosabat bildirish muddati bir kun qilib belgilanadi;

davlat idoralari har chorakda kamida bir marta ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun ochiq boʻlgan matbuot konferensiyalari, brifinglar tashkil etish va intervyular, savol-javoblar oʻtkazish yoʻli bilan jamoatchilikka doimiy hisobot berib boradi;

davlat idoralarining turli darajadagi rahbarlari “Facebook”, “Twitter”, “Instagram”, “Telegram” kabi koʻplab foydalanuvchilarga ega ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarda oʻz rasmiy sahifalarini ochadi va ularni belgilangan tartibda verifikatsiya qilish choralarini koʻradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?