Oʻzbekistonda xotin-qizlarning 85 foizi oʻzini koʻtarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblashadi

16:55 03 Iyun 2023 Jamiyat
815 0

“Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 2023-yilning fevral-aprel oylarida “Xotin-qizlarning hayotiy maqsadlari, qadriyatlari va yoʻnalishlari” mavzusida respublikaning 6 ta hududida 18 yoshdan 55 yoshgacha boʻlgan 819 nafar xotin-qizlar orasida sotsiologik tadqiqot oʻtkazildi.

Xotin-qizlar oilaviy qadriyatlarining shakllanishida oilaviy muhit va undagi tarbiya (81%), ota-onaning sulolaviy shaxsiy oʻrnagi (61%) hamda oʻz hayotiy tajribasi muhim oʻrin egallashini bildirishdi.

Xotin-qizlar oʻzlari uchun ayol baxtining asosini oilalarning tinchligi, farovonligi, mustahkamligi, farzandlarning borligi, oiladagi samimiy munosabatlarda va yaqin insonlarning oʻzaro gʻamxoʻrligida, deb hisoblashadi. Qishloq hududlarida yashovchi aksariyat xotin-qizlar oʻzlarini, eng avvalo, ona (40,9%) va rafiqa (27,3%) sifatida baholaydilar.

Xotin-qizlarning aksariyati oilali va farzandli boʻlishni oʻzining asosiy hayotiy ehtiyoji sifatida belgilaydi. Shuningdek, oila qurish bilan birga, jamiyatda ijtimoiy faol boʻlishni istagan, ishlash, oʻqish va kasb-hunarli boʻlishga intilayotgan, buni oʻzining hayotiy muhim maqsadi va baxtining bir qismi sifatida koʻruvchi xotin-qizlar toifasi borligi tadqiqot natijasida oʻz ifodasini topdi.

Tadqiqot davomida ishtirokchilarning 80,4% xotin-qizlarning nikohga oʻz xohishiga koʻra rozi boʻlganligi qayd etildi. Shu bilan birga, 13,2 foiz holatda oila kattalarning kelishuvi, sovchilar orqali qurilganligi maʼlum boʻldi.

Tadqiqotda qatnashgan har ikkinchi respondent oilaviy ajrimlarga mutlaqo qarshi. Ularning aksariyati oilaviy munosabatlardagi beqarorlik, salomatlikdagi jiddiy muammolar hamda oiladagi zoʻravonliklar tufayli ajralishlar boʻlish ehtimolini inkor etishmadi. Respondentlar xiyonat (43,6%), farzandsizlik (26,1%) juftlik xarakterining mos tushmasligi (20%) va oiladagi janjallar (21,3%), turmush oʻrtogʻining psixik jihatdan nosogʻlomligi (22,1%), va boshqa ogʻir xastaliklar (10,9%) tufayli ajrim holatlari yuzaga kelishini eʼtirof etishgan.

Aksariyat xotin-qizlar uchun oilani asrab qolish maqsadi, ishlash va kasbiy oʻsishdan koʻra muhimroq ahamiyatga ega boʻlsada, har oltinchi respondent (14%) uchun ish faoliyati juda qadrli hisoblanadi. Bu toifadagi ayollar ish faoliyati oilasining butunligi va tinchligiga salbiy taʼsir koʻrsatgan taqdirda ham oʻz ishidan voz kechishga tayyor emasligini aytib oʻtishgan.

Ahamiyatlisi soʻrovnomada ishtirok etgan xotin-qizlarning 68,3% inson salomatligining qadrini ustun qoʻyishsada, amalda 16% respondent uni birinchi oʻringa qoʻymasligi aniqlandi.

Bugungi kunda ayollarining salmoqli qismi farzandlarida kelajakda umuminsoniy qadriyatlar, jumladan, oiladagi sogʻlom maʼnaviy muhit, mehnat qilish, oʻz fikrini ayta olish va adolatli boʻlish kabi xususiyatlar ustunlik qilishini xohlashadi.

Xotin-qizlarning 85% oʻzini koʻtarinki kayfiyatda va baxtli deb hisoblashadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?