Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Erkin Samandar vafot etdi
Bugun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, nosir va dramaturg Erkin Samandar vafot etdi.
Erkin Samandar 1935-yilning 22-martida Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Navxos qishlogʻida dunyoga kelgan. 1957-yili viloyat Pedagogika institutini, 1967-yili OʻzFA Til va adabiyot institutining aspiranturasini tamomlagan. Oʻzbekiston televideniyesi “Yoshlik” studiyasining bosh muharriri, adabiy-dramatik eshittirishlar dasturining bosh muharriri, “Xorazm haqiqati” viloyat gazetasining muharriri vazifalarida faoliyat koʻrsatgan.
Birinchi sheʼriy toʻplami “Amu jilolari” (1966) nomi bilan chop qilingan. Shuningdek, uning “Dunyoning yoshligi” (1968), “Osmon toʻla nur” (1970), “Vafo degan gavhar” (1973), “Mening yigitlik vaqtim” (saylanma, 1979), “Qabul soatlari” (1980), “Sohildagi bolalar” (1982), “Яблоня во дворе” (Moskva, 1982), “Bahor oqshomlari” (1984), “Шедрост рассвета” (1985), “Sevgi fasllari” (1987), “Bu bogʻni qaysi bogʻ derlar” (1988), “Sevgi kitobi” (1996), “Va yana bahor” (2010, Sayyora Samandar bilan hammualliflikda), “Koʻngil yoshligi” (2010) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. “Osmonning tosh tulpori”, “Oltin sandiq”, “Qoʻshiq izlab”, “Samarqandni oshiqlar qurgan” kabi dostonlari, 100 dan ortiq qoʻshiqlar muallifidir.
Erkin Samandar tarixiy mavzuda yaratilgan “Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq” (roman, 1989), “Tangri qudugʻi” (roman, birinchi kitob 1989), “Quduq tubidan sadolar” (roman, ikkinchi kitob, 1989), “Pahlavon Mahmud Puryoyvaliy” (2000), “Sulton Jaloliddin” (roman, 2007), “Quyun yuzlari yoxud Ogahiy” (roman, 2009), “Gʻayb qushlari” (roman, qissa va hikoyalar, 2011) kabi kitoblar muallifi hamdir.
Dramaturg sifatida “Javohir” (musiqali drama, 1984), “Ajdodlar qilichi” (tarixiy drama, 1986), “Jaloliddin Manguberdi” (“Yot hujra”, pyesa, 1988), “Bashorat” (musiqali drama, 1988), “Arabmuhammad” (tarixiy drama, 1992), “Dilda borim” (musiqali komediya, 2012) kabi sahna asarlarini yozdi. “Avaz Oʻtar”, “Madraim Sheroziy”, “Ming otlilar diyori”, “Ogahiy qoʻlini olgan rais”, “Xiva”, “Qum sayli” kabi hujjatli-publitsistik filmlar yaratdi, koʻplab esselar yozdi.
Xorazm viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Dilda borim” (2012) va “Jaloliddin Manguberdi” (2019) spektakllari sahnalashtirilgan.
Erkin Samandar milliy adabiyotimiz va jurnalistikamizni rivojlantirishdagi samarali hissasi uchun Vatanimizning oliy mukofotlari – “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist (1990) faxriy unvoni va “Doʻstlik” (2015) ordeniga sazovor boʻlgan.
“Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalari tahririyati marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring